DAVRON G‘OIPOV. O‘zbek rokining rivojlanishiga katta hissa qo‘shgan afsonaviy o‘zbek rok qo‘shiqchisi

Nima uchun mashhur?

Afsonaviy o‘zbek rok qo‘shiqchisi. O‘zbek rokining rivojlanishiga katta hissa qo‘shgan. O‘z vaqtida “Yalla” guruhi gitaristi va 1982 yildan “Original” guruhi badiiy rahbari bo‘lgan. Uning “Kerak emas”, “Shoshmagin”, “Bu nima bu?” kabi qo‘shiqlari hozir ham sevib tinglanadi. Bugun uning tug‘ilgan kuni.

Qanday mashhur bo‘lgan?

Davron G‘oipov 1961 yil 7 oktyabrda Urganch shahrida tug‘ilgan. Otasi Ro‘zmat G‘oipov 1964-1983 yillarda O‘zbekiston SSR Kompartiyasi Qashqadaryo viloyati qo‘mitasining 1-kotibi bo‘lgan. Davron oilada yetti farzandning kenjatoyi edi. Ammo otasi qattiqqo‘l inson bo‘lgani bois erkatoy bo‘lmagan. 8 yoshida akasi Ozod kinokamera sovg‘a qilgan kundan boshlab, unda suratga olish ishtiyoqi uyg‘onadi.

Bo‘lajak qo‘shiqchi bolalarcha dunyoqarashi bilan nimalarnidir suratga olar, rok qo‘shiqlarini sevib tinglardi. Bu orada u akasining yana bir sovg‘asi – gitara chalishni o‘rgana boshlaydi. Notani bilmasada, eshitish qobiliyati yaxshi bo‘lgani bois bu mashg‘ulotni yaxshi uddalaydi. Maktabda tarix fanidan olimpiadada g‘olib bo‘lganiga qaramay, u musiqaga qiziqardi. Ammo o‘sha vaqtda maktabda musiqa fani o‘tilmagani bois 8-sinfda o‘qiyotganida professional sozandalar bilan ishlash maqsadida restoranda gitara chalib, qo‘shiq kuylay boshlaydi. Eng qizig‘i, bundan ota-onasi bexabar bo‘lib, bu otasining sha’niga yaxshi emas edi.

10-sinfda o‘qib yurgan kezlarida u “qo‘lga tushadi” va otasi unga harbiy soha vakili bo‘lasan, deya shart qo‘yadi. 1978 yili O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirov Qarshida musiqiy tanlov o‘tkazadi. Unda muvaffaqiyatli qatnashgan Davron G‘oipov 17 yoshida “Yalla” guruhi gitaristi bo‘ladi. Bundan xabar topgan otasi “O‘zbekkontsert”ga qo‘ng‘iroq qilganida uning o‘g‘li haqiqatda guruhda ishlayotganini tasdiqlashadi.
G‘oipov Qarshidagi Pedagogika institutining musiqa fakultetining sirtqi bo‘limida o‘qiydi. Rok yo‘nalishini yaxshi ko‘rgani bois “Yalla” guruhiga moslasha olmagach, bir yarim yildan so‘ng o‘zining “Original” guruhini tuzadi va tez orada mashhur bo‘lib ketadi. “Pesnya-81” tanlovida qatnashgach esa muxlislardan o‘n besh qoplab xatlar oladi. Taqdir taqqozosi bilan uning ijodida chekinish bo‘ladi va u 1984-1989 yillarda Rossiyaning Irkutsk viloyati Angarsk tumanida yashashga majbur bo‘ladi.

1990 yil ijodga qaytishi bilan “Bu nima bu?” nomli musiqali filmda Obid Asomov bilan suratga tushadi. Ruslan Sharipov, Tohir Sodiqov kabi xonandalarga ustozlik qiladi. 2006 yili qo‘shiqchi buyrakdagi o‘smani oldirish uchun Ukrainaga jo‘nab ketadi. 2000 yillarda Davron Gaipovning turmush o‘rtog‘i mashhur xonanda Iroda Iskandarova bo‘lgan. O‘g‘li Oybek G‘oipov Rossiyaning Krasnodar shahrida yashaydi. Oxirgi turmush o‘rtog‘i Marina Goncharova bo‘lib, ularning Aida ismli qizi bor.

Mashhur nima deydi?

“Yodimda, bir vaqtlar hamma xonandaga bitta sozanda ishlardi. Bugungi kunda esa iste’dodlar juda ko‘p. Lekin, eng yomon holat: hammaning mashhurlikka intilishi. Har qanday holatda professionallik chegarasidan chiqmaslik shart”.

“Hozirgi kontsertlarning deyarli bari shou, haqiqiy kontsertlar barmoq bilan sanarli. Menimcha, o‘n besh ming tomoshabin sig‘adigan kontsert zal qurish kerak. Shunda ko‘zi yetgan xonandagina kontsert bera oladi va chiptalar ham arzonlashadi. Hatto, dunyo miqyosidagi mashhurlarning yurtimizdagi kontsertlari ko‘payadi va chiptasi ham hamyonbop narxlarda sotiladi. O‘zbek sanatkorlari bilan xorijlik xonandalarning tajriba almashishi uchun ham yaxshi imkoniyat bo‘ladi, deb o‘ylayman. Lekin ayni haqiqat shundaki, o‘zbek san’atiga teng keladigan san’at dunyoda yo‘q”.

Bonus: xonanda ijrosidagi eng sara qo‘shiqlar to‘plami

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: