Deputat kontrakt to‘lovlarini kamaytirishni taklif qilmoqda

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Shahnoza Xolmaxamatova oliy ta’lim muassasalarida barcha oilalarda bo‘layotgan iqtisodiy sharoitdan kelib chiqib, to‘lov-kontrakt narxlarini ham pasaytirish, kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlari kontrakt-to‘lovlaridan ozod qilinishi joizligini bildirdi.

“Hammamizga ma’lumki, yurtimizda karantin davrida iqtisodiyotni barqarorligini ta’minlash, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun davlatimiz rahbari va hukumatimiz tomonidan zarur chora-tadbirlar belgilab berilishiga qaramasdan, ming afsuski, pandemiya holati jiddiy davom etmoqda. Ayniqsa, bu holat fuqarolarimiz daromadlariga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani kishini tashvishlantiradi. Ushbu sinovli kunlarda xalqimiz ham ma’naviy, ham iqtisodiy qo‘llab-quvvatlashga har qachongidan-da muhtojdir.

OTMlarda bu yilgi o‘quv jarayonlari yurtimizda epidemiologik vaziyat barqarorlashguncha katta ehtimol bilan masofaviy usulda olib borilishi rejalashtirilmoqda. Ta’lim berish masofaviy bo‘lsa, o‘z-o‘zidan ta’lim muassasalaridagi xarajatlar ham bir muncha kamayishi tayin.

Deputat Shahnoza Xolmaxamatova

Bundan tashqari bugungi kundagi pandemiya vaqtida barcha oilalarda bo‘layotgan iqtisodiy sharoitdan kelib chiqib, to‘lov-kontrakt narxlarini ham pasaytirish lozim. Ta’lim online shaklda olib borilsa, talabalar va ularning ota-onalariga internet to‘lovlari ham albatta qo‘shimcha xarajat hisoblanadi. To‘g‘ri, online shaklda ta’lim olish talabalar uchun yo‘l kira xarajatlari, viloyatlardan kelib, Toshkent shahrida va viloyat markazlarida ta’lim olayotgan talabalar uchun yotoq, turar-joy xarajatlari tejalishiga olib keladi. Lekin hozirgi vaziyatni hisobga oladigan bo‘lsak, bu tejamkorlik yetarli emas. Yuqoridagilardan kelib chiqqan xolda OTMda kontrakt to‘lovlarini kamaytirish yoki karantin o‘tgunga qadar imtiyozli vaqt berish lozim.

Katta umid bilan aytamizki, kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlari OTMda to‘lanadigan kontrakt-to‘lovlaridan ozod qilinsa, bu ularga berilgan katta ishonch va imkoniyat bo‘lardi.

Ikki yoki undan ortiq farzandlari to‘lov – kontrakt asosida o‘qiyotgan oilalarimiz bor. Xuddi shunday oila farzandlari uchun ham kontrakt to‘lovlariga chegirmalar qilib berilsa, qanchadan-qancha oilalarning mushkuli oson bo‘lardi. Yoki farzandi super-kontraktda tahsil olayotgan va bugungi kunda pandemiya tufayli daromadidan ayrilgan oilalarga ko‘mak va imtiyozlar joriy etilsa, xalqimizning og‘iri yengib bo‘lib, erkin nafas olardi.

Chunki hozirgi pandemiya sharoitda o‘g‘il-qizlarimizni ilmli, hunarli bo‘lish uchun qancha ko‘p imkoniyat hamda sharoit yaratib bera olsak, yurtimiz kelajagi va taraqqiyotiga shuncha ko‘p hissa qo‘shgan bo‘lamiz. Zero, bugungi talabalar ertangi olimlar, shoirlar, rahbarlar yoki vazirlar ekanini unutmasligimiz lozim”, — deya o‘z takliflarini bildirgan deputat.

Eslatib o‘tamiz, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inomjon Majidov o‘quv yurtlarida bugungi kunda kontrakt miqdori o‘zgarmasligini ma’lum qilgan edi.

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: