Deputat: O’rtoq Shermatov (Xalq ta’limi vaziri), maktab o’qituvchilari nima uchun soat talashar ekan?

O’rtoq Shermatov (Xalq ta’limi vaziri), maktab o’qituvchilari nima uchun soat talashar ekan? Chunki u farzandlarini boqishi, tirikchilik qilishi kerak. Men chekka qishloqlarda bo’lib saylovchilarim bilan uchrashuvlarimda o’sha maktablarning o’qituvchi ayollari qishloq ayolining aybi nima, yoshidan erta qarib ketadi, o’ziga qarashga sharoit yo’q deyishgan.

Ta’lim tizimini chet ellarga qiyoslabsiz, o’qituvchiga chet eldagiga o’xshab 4 ta o’quvchiga dars beradigan qilib, ming-ming dollar oylik bering, soat talashmaydi. Chet elga o’xshab Bolonya sistemasini joriy qiling, sifat bo’ladi, ota-onalar va o’quvchilar o’qituvchini tanlab oladi. Korruptsiya ham yo’q bo’ladi.

Grammatika o’qitib savodsiz bo’ldi debsiz. Savodsizlikning ildizini korruptsiyadan izlang. Oliy ta’limga pora bilan kirib, pora bilan bitirib, pora bilan ishga joylashganlar ism-familiyasini to’g’ri yozishni bilmaydi.

Buyuk Navoiyning «Ey so’z, ne ajab guharsen, gavhar neki, bahri mavjvarsen!» deya to’lqinlanib aytgan so’zlari ma’nosini chaqqan odam bunday fikr bildirmasdi. Navoiy grammatikamizni tahlil qilib o’zbek tilining mavqeini ko’targan edi. Rus olimlari ham grammatikamizni
o’rganib olim bo’lishgan edi. Marhum ulug’ olimlarimiz mehnati beqiyos.

Kechirasizu, ruslarning o’zini intelligent, ziyoli hisoblamaydigan qatlami ham ijtimoiy tarmoqlarda uchta xato qilsa, bir-birining ustidan kuladi. Ilm savoddan boshlanadi. Grammatika kerak bo’lmaganda qadimdan sarfu nahv o’qimagan bo’lardik.

Bugungi kunda rus tilida so’zlashuvchilar o’zbek tili o’rganaman, qani mukammal dasturlar, qani menga grammatikani o’rgatuvchi odam, videodarslar, onlayn darslar bormi deb so’rashmoqda.

Ingliz tili soddalashtirgan bo’lsa, bu ularning xos xususiyatlari bilan bog’liq. Bizga to’g’ri kelmaydi. Shundoq ham tilimizning ahvoli achinarli. Katta davlat idoralari xodimlari ham to’g’ri yozishni bilmaydi. Televidenie, gazetalarda xato. Grammatikani o’qitib turib shuncha, o’qitmasak, nima bo’ladi?

Men filolog sifatida so’zimni hazrat Navoiyning hikmatli so’zlarini aytib yakunlamoqchiman: «Tilga e’tiborsiz — elga e’tiborsiz».

Gulbahor Saidg’anieva,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: