Deputat SSV nodavlat tibbiyot muassasalari vakillariga “o‘gay” munosabatda bo‘layotganini aytdi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Dilbar Usmonova Sog‘liqni saqlash vazirligi nodavlat tibbiyot muassasalari vakillariga “o‘gay” munosabatda bo‘layotganini aytdi.

Ko‘pchilikka yaxshi ma’lum, Sog‘liqni saqlash vazirining “Koronavirus infektsiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolash mezonlarini tartibga solish va retro-prospektiv tahlil o‘tkazish to‘g‘risida”gi buyrug‘i bilan xususiy tibbiyot tashkilotlarining koronavirusga chalingan bemorlarni davolash bilan bog‘liq faoliyati bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rish, shu jumladan ularning litsenziyalarini bekor qilish bo‘yicha sudlarga da’vo arizalarini kiritilishining belgilanishi ijtimoiy tarmoqlarda xanuzgacha qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Voqeaga qisqa va lo‘nda izoh beradigan bo‘lsak, xususiy tibbiyot muassasalari ularga nisbatan adolatsizlik bo‘layotganidan ya’ni “xususiy klinikalarda kerakli asbob-uskunalar yo‘q, dori-darmon yo‘q, ular noto‘g‘ri davolaydi”, qabilidagi munosabatlarga haqli e’tiroz bildirishmoqda.

E’tiroz asosli. Negaki, davlatimiz rahbarining 2020 yil 26 martdagi “O‘zbekiston Respublikasida koronavirus infektsiyasi keng tarqalishining oldini olishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga binoan nodavlat tibbiyot tashkilotlariga koronavirus infektsiyasi bilan kasallangan bemorlarga istisno tariqasida 2020 yilning 1 sentyabriga qadar tibbiy xizmat ko‘rsatishga ruxsat berilgan.

Pandemiya deb atalgan balo barchaning hayotiga xavf solib turgan bir paytda bunday holatlarning uchrashi ko‘ngilni xira qiladi. Bu vaziyatda inson salomatligi har narsadan ustun ekanligini inobatga olib, u davlat tibbiyot muassasasi yoki xususiy klinika bo‘ladimi Sog‘liqni saqlash vazirligi ularni boshini qovushtirib, ishni tizimli tashkil etishi lozim, deb hisoblayman.

Vazirlikning yuqoridagi buyrug‘i esa bir xil vazifani bajaradigan tibbiyot tizimini ikki o‘zanga ajratib yubordi, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Nahotki vazirlikning tajribali mutasaddilari “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi qonunning 6-moddasida sog‘liqni saqlashning xususiy va boshqa xil tizimlarini rivojlantirishni bir xilda rag‘batlantiruvchi sharoitlar yaratish vazifasi belgilanganidan bexabar bo‘lishsa?!

Ham deputat, ham tibbiyot sohasidan chiqqan mutaxassis sifatida shuni aytishim mumkinki, dunyo mamlakatlari bugun zo‘r berib, xususiy tibbiyotni rivojlantirish orqali malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish sohasida sog‘lom raqobat muhitini yaratishga, bir so‘z bilan aytganda “Aqlli tibbiyot” kontseptsiyasi asosida sog‘liqni saqlash tizimini odamlar uchun qulay, mutlaqo yangi bosqichga olib chiqishga e’tibor qaratmoqda. Shu ma’noda mamlakatimiz davlat tibbiyot tizimi og‘ir ahvolga tushib qolganda, uning ma’lum “yuki”ni o‘z zimmasiga olgan nodavlat tibbiyot muassasalari vakillariga nisbatan “o‘gay” munosabat qilingani hech qanday mezonga to‘g‘ri kelmaydi. Bundan tashqari xususiy klinikalarda tajribali, yuqori malakaga ega bo‘lgan vrachlar, mutaxassislar faoliyat olib borayotganligini, ushbu maskanlarda eng zamonaviy tibbiyot texnologiyalari qo‘llanilayotganligini unutmaslik kerak.

Takror bo‘lsa-da, bir gapni aytish o‘rinli. Xususiy klinikalar ham boshqalar qatori davlat loyihalariga hamda mamlakat sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish jarayonlariga qatnashishga to‘la haqli va bu har tomonlama o‘zini oqlashiga ishonchim komil, — deydi deputat.

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: