Deputatjon, qaylardasiz?

Tosh ko’rmagan ko’chamiz tor,
Bachalar ham bog’chaga zor,
Sizga aytar arzimiz bor,
Deputatjon, qaylardasiz?

Saylov oldi xalqni yig’ib,
Ko’krak kerib, so’zlar berib,
So’ng ketdingiz qordek erib,
Deputatjon, qaylardasiz?

Qayda, qanday, qaysi mahal,
Qay g’amimiz etdingiz hal,
Aldanamiz shunday har gal,
Deputatjon, qaylardasiz?

Falonchining ahvoli tang,
Yashash uchun qilmoqda jang,
Bunday kunda bizga yarang,
Deputatjon, qaylardasiz?

Aytaversam ko’p muammo,
Tinglaguvchi siz yo’q, ammo,
Yer tosh metin, olis samo,
Deputatjon, qaylardasiz?

Yodimda yo’q ismingiz kim,
Raqam ham yo’q qoqqani sim,
Buncha bo’lib ketdingiz jim,
Deputatjon, qaylardasiz?

O’tdi to’rtta Xut ham Hamal,
Xo’sh va’daga yo’qmi amal,
Baytim o’qib uyg’oning sal,
Deputatjon, qaylardasiz?

Qoganlardan ibrat olib,
Vatan, xalqqa sodiq qolib,
Keling, kutib ketdik tolib,
Deputatjon, qaylardasiz?

Demang, G’ulom g’iybat deding,
Qing’ir ko’ngil otlik yering,
Unda keling hisob bering,
Deputatjon, qaylardasiz?

Avaylangan avaylagan,
Oqil xalqni do’st aylagan,
Dekabrda biz saylagan,
Deputatjon, qaylardasiz?

Tosh yotmagan yo’limiz tor,
Chollarimiz guzarga zor,
Sizga xaqli arzimiz bor,
Deputatjon, qaylardasiz?

G’ulomjon Normat

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: