Dunyodagi millionlab Sherlok Xolmslar asrlar davomida topolmagan jinoyatchilik sababini parlamentariy Alisher Qodirov 6 sekundda topdi

Deputatning fikricha, o‘quvchilar orasida jinoyatchilik ko‘payib ketayotgani sababini ularning ovqatlanishidan izlash kerak ekan. Ana, osongina yechimi ham bor ekan-u, shuncha huquqshunos-izquvarlar va ularni tayyorlaydigan dargohlar bu haqda o‘ylab ko‘rmaganiga hayronman.

Milliy tiklanish partiyasi lideri, parlament quyi palatasi Spikeri o‘rinbosari Alisher Qodirovga gap yo‘q! Kutilmagan takliflari har doim jamoatchilikni uyg‘otivoradi. Jumladan, bugungi takliflari ham muhokamalar markaziga aylandi, hisob. Ba’zan bu piarmikan, deb o‘ylab ham qolaman. Ammo mantiqan yondashilsa fikrlarida jon bor.

Partiya yetakchisining ta’kidlashicha, qo‘shni mamlakatlarda o‘quvchilarni maktabda bepul ovqatlantirish masalasi ko‘tarilayotgan bir vaqtda O‘zbekistonda hamon maktablarning oshxonalarini qurishi masalasi muhokama qilinmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 2020 yil davlat byudjetidan maktablar qurish va kapital ta’mirlash uchun 1,5 tirillion so‘m mablag‘ ajratilgan.

Deputat Qodirovning qayd etishicha, hozirda O‘zbekistondagi 3 mingdan ortiq maktabda oshxonaning o‘zi yo‘q, 7,1 mingta maktabda oshxona bor, lekin 60 foizi talab darajasida emas .

Deputatning ta’kidlashicha, bolalarning “eng kuchli fiziologik-depressiv holati” maktab davrida kuzatilishini inobatga olgan holda, mamlakatda jinoyatchilikning yosharib ketayotgani, bolalarning o‘qituvchilarga nisbatan munosabati borgan sari keskinlashib borayotgani sabablarini “albatta, ularning ovqatlanishidan izlash kerak”.

Esingizda bo‘lsa, 2020 yil oktyabrida Rossiya ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari Dmitriy Glushko Toshkentda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Rossiya maktablarida boshlang‘ich sinflarda bepul ovqatlanish tashkil etish amaliyotini qo‘llayotganligini, O‘zbekiston tomoniga ushbu yangi tizimni o‘rganishni tavsiya etgan edi. Bunga javoban O‘zbekiston xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov O‘zbekiston Markaziy Osiyoda eng katta demografik o‘sishga ega va aholisining yirik qismi yoshlardan iborat bo‘lgan mamlakat sifatida boshlang‘ich sinflarda bepul ovqatlanish tizimini yo‘lga qo‘yishga mushkul ekanligini bildirgan edi.

Deputat Qodirov o‘z fikrlarini quyidagicha asoslaydi:

Qo‘shni davlatlar misolida olaylik: Rossiya, Qozog‘iston va boshqa davlatlarda o‘quvchilarning maktabda bepul ovqatlantirish masalasi ko‘tarilyapti. Biz esa, afsuski, maktablarda oshxonalar qurish haqida gaplashyapmiz. Biz faqat maktab qurish va ta’mirlash emas, bu jarayonda oshxonalar qurish va ta’mirlash haqida ham o‘ylashimiz kerak.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekistonda 2017 yildan beri o‘quvchilar orasida jinoyatchilik 2,5 barobarga kamaygan (https://t.me/xtv_press/1368). Xususan, 11 yillik ta’lim qayta tiklanishi natijasida voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilik koeffitsiyenti 2016 yilda 2,4 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, 2019 yilda 1,0 foizga tushgan. Bundan tashqari, 11 yillik ta’limga o‘tilishi natijasida qizlar orasidagi erta tug‘ruq holatlari 34 foizga kamaygan.

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: