Dunyodan uzilgan, 80 yildan beri elektr kelishini kutayotgan qishloqdan reportaj

Juda oddiy. Siz shu kunlarda ham televizor nimaligini bilmaydigan odamlar borligiga ishonasizmi? Multfilm nima deb so‘rasangiz, shirinlik bo‘lsa kerak, deb javob beradigan beg‘ubor bolalar borligidan xabardormisiz? Urush davridan qolgan shaharlarda allaqachon muzeylar bisotidan o‘rin olgan cho‘g‘ va ko‘mir solib ishlatiladigan dazmollar, revolyutsiya davridagi «solyarka shamchiroq»lar bu yerdagi oilalarning mulki ekanidan xabardormisiz? 80 yildan buyon uylariga elektr kelib bir bor bo‘lsada xonadoniga yorug‘lik kirishini, nevaralarini quvontirishini istab, keyin o‘limga ham tayyor bo‘lgan momolar, bobolar borligini his qila olasizmi? Dunyodan uzilgan qishloq haqida eshitganmisiz?

Agar siz shunday qishloq borligiga ishonmasangiz, shu zamonda ham sivilizatsiyadan uzilgan qo‘nalg‘alarda odamlar yashayotganini bilmoqchi bo‘lsangiz, Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumaniga keling… Bu tumandagi mutasaddi rahbarlardan shunday qishloq bormi, deya so‘rab o‘tirmang, ular ham bilishmaydi. Negaki, bu qishloqqa necha yillardan buyon na hokim, na deputat va na biror mutasaddi borgan emas. Hatto shu mahalla raisi ham bormagan bo‘lsa kerak shu qishloqqa… ***

Odamlar o‘ziga qonunan tegishli bo‘lishi kerak bo‘lgan narsaning berilishini yillab kutishi, iltimos qilib so‘rab yalinishi judayam achinarli. Fuqaroning qonunan haqqi bo‘lgan narsani so‘ragani uchun koyib, unga tahdid qilishi esa yanayam hayratlanarli.

«Shabnam» mahallasi, «Vochax tog‘» qishlog‘i fuqarolari bir necha yildan buyon Sariosiyo tumani, Surxondaryo viloyati hokimligi, «Hududiy elektr tarmoqlari» aktsionerlik jamiyati, Xalq qabulxonalariga murojaat qilib, qishlog‘ini elektr bilan ta’minlashni so‘rab keladilar. Ularning so‘nggi murojaatlarini esa hokimlikdagi mutasaddilar noshukrlik, hokim va mutasaddilarning yuziga qum sepish, deb baholashdi. Axir tug‘ilganidan buyon qorong‘i xonalarda yashab kelayotgan Vochax qishlog‘i aholisi shunchaki uylarida lampochka yonib turishini xohlashgandi.

Odatda odamlarning orzulari turlicha bo‘ladi, Vochax qishlog‘i ahlining orzulari esa bir-biriga o‘xshash egizak orzular. Ularning hammasi qishloqlari elektr bilan ta’minlanishini kutib yashaydi. Vochaxliklar gaz yo‘qligidan, yo‘llari abgor ekanidan nolishmaydi, gaz so‘rab mas’ullarni bezovta qilishga ham xijolat bo‘ladilar. Shunchaki elektr bersa, shuning o‘zi biz uchun kifoya, deyishadi.

6 km. masofadan elektr tortib kelish muammo. Lampochka yoqishga ombudsman ham aralashgan.

Vochax aholisi 2014 yildan buyon turli idoralarga elektr tarmog‘i o‘tkazilishini so‘rab murojaat qilib kelishadi. Xatlar hatto Oliy Majlis Ombudsmanigacha oshirilgan, biroq masala hal bo‘lmay, tegishli idoralardan turli bahonalar «ijod» qilingan javob xatlari kelavergan.

Mutasaddilarning yillar davomida Vochax qishlog‘ini biron marotaba borib o‘rganishga vaqt topa olmaganlarini to‘g‘ri tushungan holda O‘zA muxbirlari qishloq dardini o‘zlaridan tinglash uchun yo‘lga tushdi.

Ba’zi hokimliklar xalqqa qancha quruq va’da bersang ham kam, ular yana so‘rashdan qolishmaydi, deb xayol qilishsa kerak. Shuning uchun Sariosiyo hokimligi odatiy yolg‘on va’dalar o‘rniga oddiy yolg‘onlarni ham ishlatib turadilar. Masalan, bizning aniqlashimizcha, mutasaddilar qishloqni Sariosiyo markazidan 90 kilometr uzoqlikda deb bahona qilishgani nima uchundir haqiqatga to‘g‘ri kelmadi. Vochax qishlog‘i tuman markazidan 58 kilometr uzoqlikda joylashgan ekan. Yana mutasaddilarning qishloqni elektr bilan ta’minlash uchun 65-70 kilometr naridan sim tortib kelish kerak, degan vajlari ham yolg‘on bo‘lib chiqdi.
Aniqlashimizcha, Vochax tog‘ qishlog‘idan 6 kilometr narida bo‘lgan «Karsh» aholisi elektr tarmog‘iga ulangan ekan. Buni qarangki, mutasaddilarning qishloq ahli o‘zboshimchalik bilan tog‘lar orasiga ko‘chib borgan, u yerlarda avval odamlar yashamagan degan gaplari ham uydirmaligi ayon bo‘lib qoldi. Qishloq salkam besh yuz yillik tarix, qadimgi masjid, avliyolar o‘tgan qadamjolar va qazilma topilmalarga ega ekanligiga guvoh bo‘ldik. Nazarimizda, hokimlik mutasaddilari Vochax ahlining 100 dan ortiq xatlariga kursidan turmagan holda fantaziyaga berilib, javob «ijod» qilishgan ko‘rinadi.

O‘rnidan qo‘zg‘alib, elektr simi tortishdan ko‘ra, o‘tirgan joyida bahona topish hokimlik uchun qulay ko‘ringandir. Ammo, elektrsiz yashab kelayotgan, tug‘ilganidan buyon Tomas Edison yaratib ketgan kashfiyotdan bahramand bo‘lmagan bolalar nimani yo‘qotayotgani mutasaddilarni xavotirga solmagan. Vochaxni elektr bilan ta’minlash uchun bor-yo‘g‘i 6 kilometr naridan elektr simini tortib kelish kerak, xolos. Bu vazifa aslida mutasaddilar zimmasida bo‘lmasa-da, vochaxliklar simyog‘ochlarni o‘zlari o‘rnatib olishlarini ham bildirishmoqda.

QISHLOQ AHLI HUKUMATDAN BIROR MARTA YORDAM PULI OLGANMI?

Uyida oddiy lampochka yonib turishini orzu qilgan qishloq ahli shu vaqtgacha biron marta bolalar uchun yordam puli va boshqa moddiy qo‘llovlarni so‘ramagan va olmagan ekan. Ammo, yer solig‘ini, har qadamda buloqdan suv otilib turgan bo‘lsada, suv pulini hamda biron marta axlat mashina kelmagan bo‘lsada, axlat pulini tegishli idoralarga to‘lab kelishadi.

Hukumatga zarari emas, faqat foydasi tekkan fuqarolarni hech kim eshitayotgani ularni elektr bilan ta’minlashni o‘ylayotgani yo‘q. Bir so‘z bilan aytganda, hukumat fuqarolarning vijdonan yondashuviga yarasha javob qilayotgani yo‘q. «Shabnam» mahalla, Vochax qishlog‘i odamlari mahalla raisini umuman tanimaydilar. Bu qishloqdan na mahalla raisi, na patronaj hamshiralar kelib xabar oladi. Tegishli mutasaddilar O‘zbekiston xaritasida Vochax qishlog‘i borligini ham unutganlar yoki azbaroyi, e’tiborsizlikdan bilmaydilar.

Ular Surxondaryo viloyat, tuman hokimlari, deputatlarini ham tanimaydi. O‘z o‘rnida hokimlik va deputatlar ham bu qishloqning mavjudligidan umuman xabarsiz bo‘lsa kerak. Ayollar na serial, na kino va boshqa ko‘ngilochar ko‘rsatuvni ko‘rmagan. Bolalar multfilmni mazali shirinlik bo‘lsa, kerak deb o‘ylab yurishadi.

QISHLOQ EMAS, TARIX MUZEYI…

Biz qishloqqa go‘yoki oddiy mashinada emas, vaqt mashinasida yetib borgandek bo‘ldik. Chunki Vochaxda bugungi taraqqiyot unsurlari umuman sezilmadi. Ayollar urush davri yoki undan ham avvalgi asrlarni eslatuvchi haqiqiy o‘t yuk – ichiga cho‘g‘ solingan dazmol ishlatadilar, bolalar bo‘sh vaqtida multfilm ko‘rish o‘rniga tezak teradi. Erkaklar qorong‘i tushganda bolalari dars qilishi uchun chiroqqa solyarka yetkazishni o‘ylaydi.

Bizni lol qoldirgani – shunday og‘ir sharoitda yashasa ham, qishloq ahli turmushidan norozi emas, odamlar kulib, hukumatdan minnatdorligini so‘zlaydi. «Bizda hamma narsa bor, faqat elektr yetishmaydi, xolos», deydi Vochax ayollari go‘yoki ko‘p narsa so‘rayotgandek tortinib. Bu sodda, samimiy ayollar o‘choq boshi, mol-holga qarash, tappi qilishdan ortmaydi.

2016 yilda Prezident tomonidan «Shabnam» mahallasi «Vochax tog‘» qishlog‘i oilalariga 14 ta, maktabga 4 ta quyoshdan energiya oluvchi kichik batareykalar topshirilgan edi. Buni qishloq ahli to‘y qilib qarshilagan. Qurbi yetgan batareykalarga ishonib, televizor sotib olgan. Ammo, 3, 4 oy o‘tgach, batareykalar quvvati tugab, yaroqsiz holga kelgan va yana odamlar qorong‘ilikda qolib ketgan.

ELEKTRSIZ QISHLOQDAN CHIQQAN ELEKTRIK…

Qishloq hayoti zamondan ancha ortda bo‘lsada, vochaxliklar orasida o‘qimishli oliy ma’lumotlilar ko‘p. Qishloq bitiruvchilari har yili oliy o‘quv yurtlarining talabasi bo‘ladi. Vochaxda Moskva davlat universiteti talabalari ham bor. Bu qishloqdan biron erkak ish izlab, xorijga chiqib ketmagan.

Tog‘liklarning dasturxoni to‘kin. 2017 yilda Haj ziyoratiga borib kelgan, vochaxlik 80 yoshni qarshilagan Hoji ona salkam 60 yildan beri qishlog‘iga elektr kelishini kutayotganini aytadi. Yana bir vochaxlik yigit Termiz davlat universitetining energetika fakulteti talabasi. U umuman elektr ko‘rmagan qishloqdan chiqqan bo‘lajak elektrik. Yigit Vochaxga elektr kelsa, qishloqning birinchi elektrigi bo‘lishni niyat qilgan. Hokimiyatdagilar qishloq ahlini bahona va yolg‘onlar bilan ovutsalar, tog‘liklar qachondir uylariga elektr toki kelishini o‘ylab, rejalar tuzmoqda.

ONLAYN DARSLAR BU QISHLOQQA ZARBA BO‘LDI…

Pandemiya davrida darslarning onlayn tarzga o‘tgani vochaxliklarga qattiq zarba bo‘ldi. Talabalar elektrsiz qishloqda na telefon va na noutbuk tuta oladilar. Elektr bo‘lmagach, internet ham yo‘q. Vochax xuddi yer yuzidan tashqarida qolgan o‘zga sayyoraga o‘xshaydi. Bugun internet nimaligini bilmagan odamlarni faqat oydan tushgan, deb o‘ylash mumkin.
Vochaxlik talabalar onlayn dars qilish uchun 6 kilometr yo‘l bosib, narigi tog‘ tepaligiga chiqishlari kerak. Keyin internet elas-elas ulanib qolsa, talabalar modulga kirib, ro‘yxatdan o‘tib qo‘ya qolishadi. Maktab o‘quvchilari esa televizor orqali bironta ham teledarslarni tomosha qilgan emas. Elektr bo‘lmagach, internet orqali dars haqida o‘ylash ham kulgili. Vochax tog‘ qishlog‘ida maktab bolalariga o‘qituvchilar uyma-uy yurib dars o‘tib keladi.

“QISHLOQNI CHO‘LGA KO‘CHIRIB YUBORAMIZ»

Vochax qishlog‘i aholisi hokimiyatdan ko‘p narsa talab qilayotgani yo‘q. Ular mutasaddilardan huquqiy taraflama ta’minlanishi shart bo‘lgan elektr tokini 40, 50 yildan beri so‘rab keladi. Qishloq ahli elektr so‘rab yuqori instantsiyalarga murojaat qilishi ularning huquqi. Ammo, buni qarangki, elektr yetkazib berishga eringan mutasaddilar «Shabnam» mahallasi «Vochax» qishlog‘i aholisiga «Elektr so‘rab, murojaat qilaversangizlar, qishloqni cho‘lga ko‘chirib yuboramiz», deb tahdid qilib keladi. Bu fikrni Vochax qishlog‘ining deyarli barcha oilasi tasdiqladi.

Ular buning uchun mutasaddilardan ozroq cho‘chib qolishganini ham aytdi. Biron marta yordam puli talab qilmay, to‘kin yashayotgan aholini elektr so‘ragani uchun cho‘lga ko‘chirib yuborish g‘oyasi qaysi xalq xizmatidagi mutasaddining g‘oyasi ekanini oshkor etishni istamadik. Vochax aholisi ko‘p narsa talab qilayotgani yo‘q, ular tezak bilan isitiladigan oddiygina paxsa devorli uylarida chiroq yonishini istashyapti, xolos.

Anora SODIQOVA

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: