Dunyoning birinchi fazogiri Yuriy Gagarinning Mirzacho’l bilan nima bog’liqligi bo’lgan?

Tuman markazining Gagarin nomi bilan atalishi tasodifmi?

12 aprel – Jahon aviatsiyasi va kosmonavtikasi kuni. Jizzax viloyati Mirzacho’l tumanida alohida ahamiyatga ega tarixiy kun sifatida nishonlanadi. Tuman markazining Yuriy Gagarin nomi bilan atalishi ham bejiz emas.

Mirzacho’lni o’zlashtirish shu yerdan boshlangan. Dastlabki cho’lquvarlarning qarorgohi ham, “Irjarsovxozstroy” tresti va uning qurilish, ta’minot korxona va tashkilotlari ham aynan shu yerda – Yerjar temir yo’l stantsiyasi atrofida, hozir Gagarin shahri o’rnida joylashgan edi. O’tgan asrning 60-yillarida Mirzacho’lni o’zlashtirish Butunittifoq zarbdor qurilishi deb e’lon qilingan, shu yerda dastlabki gektar yerlar o’zlashtirilgan, dastlabki sovxozlar barpo etilgan.

photo_2020-04-12_09-28-27.jpg
photo_2020-04-12_09-28-30.jpg

1967 yilda bu yerda cho’ldagi dastlabki tuman — Mirzacho’l tashkil etildi. Hozirgi shahar o’rnidagi Yerjar ishchilar posyolkasi faqat tuman markazi emas, cho’lning o’zlashtirish bosh qarorgohi sifatida yil sayin kengayib, 1974 yilda shahar maqomi berilgan. Cho’lda birinchi paydo bo’lgan shaharchaga nom berishda Mirzacho’lni o’zlashtirishning mamlakatda tutgan o’rnidan kelib chiqilgan. To’g’ri, bu masalada boshqa takliflar ham bo’lgan, biroq Mirzacho’lni o’zlashtirishning ahamiyati kosmosni o’zlashtirishdan kam emas, degan fikr ko’pchilikka ma’qul kelib jahonning birinchi fazogiri Yuriy Alekseevich Gagarin nomi berilgan.
Bu qaror mantiqan to’g’ri edi. 1961 yil 12 aprelda sobiq Sovet Ittifoqi fuqarosi Yuriy Alekseevich Gagarin “Vostok” kosmik kemasida dunyoda birinchi bo’lib Yer orbitasi bo’ylab parvozni amalga oshirib, insoniyatning kosmosni o’rganish tarixida yangi davrni boshlab berdi.
O’zbekistonda Mirzacho’lni o’zlashtirish ham ko’lami va ahamiyati bilan faqat sobiq Ittifoq miqyosida emas, jahonda ham mislsiz katta ish edi.
Oradan ko’p o’tmay shaharda Yuriy Gagaringa Markaziy Osiyo respublikalaridagi eng mahobatli haykal o’rnatildi. Uning ochilishida ko’plab mashhur kishilar qatorida kosmonavtlar tayyorlash otryadi rahbari G. Beregovoy ishtirok etgan.

photo_2020-04-12_09-28-33.jpg
photo_2020-04-12_09-28-31.jpg

Jahon falakiyoti ilmining Mirzo Ulug’bekdek buyuk siymosi voyaga yetgan O’zbekistonning kosmonavtika taraqqiyotidagi, dunyoning birinchi fazogiri hayotidagi tutgan o’rni ham tarixiy ahamiyatga ega.
Yuriy Alekseevich O’zbekistonga tez-tez mehmonga kelib turgan. 1961 yildan 1968 yilgacha respublikamizga olti marta kelgan. U serquyosh yurtimizni, mehnatsevar, samimiy o’zbek xalqini juda hurmat qilgan, safarlari davomida ko’plab jamoat, madaniyat va san’at arboblari, yoshlar,
oddiy odamlar, paxtakorlardan do’stlar orttirgan. O’sha davrning gazeta va jurnallarida, kinolavhalarda uning o’zbek do’ppisini kiyib, o’zbekcha raqsga tushayotgan suratlarni ko’plab uchratish mumkin.
Shu nuqtai nazardan ham Mirzacho’l tumani markazi koinotga ilk parvoz qilgan inson xotirasiga uning nomi bilan atalishida ilmiy-mintiqiy asoslar bor.
Hozir Gagarin shahriga turli mamlakatlardan ziyoratchilar kelib birinchi kosmonavtga o’rnatilgan haykalni ziyorat qilib turadi.
Albatta kelgan mehmonlar birinchi kosmonavt nomidagi shahar hayoti, bu yerdagi o’zgarishlar bilan ham qiziqadi. Bugun Gagarin shaharchasi ko’rishga, havas qilishga arzirli. 2018 yilda shaharcha Prezidentimiz tashabbusi bilan “Obod qishloq” dasturi doirasida butunlay yangilandi.
Bir yil ichida Gagarin shaharchasida shu paytgacha mirzacho’lliklarning xayoliga ham kelmagan katta o’zgarish va yangilanishlar yuz berdi.
Dastur doirasida o’tgan asrning 60-yillarida vaqtincha yashash uchun qurilgan barak tipidagi uylarda yashovchi ikki mingga yaqin aholi uchun 223 tasi 4 sotixli yakka tartibdagi, 4 ta ko’p qavatli 94 ta xonadonga mo’ljallangan uylar qurildi. Paxta qabul qilish punktiga qarashli
tashlandiq ikki qavatli bino mukammal ta’mirlanib, nogironligi bo’lgan shaxslar va yolg’iz keksalar yashashi uchun 22 ta xonadonga mo’ljallangan uyga aylantirildi.
Markaziy ko’chalardan tortib, mahallaning barcha ichki yo’llariga asfal`t yotqizildi. 176 ta ko’p qavatli uy va 35 ta ko’cha ta’mirlandi. Aholi uchun qulaylik yaratish maqsadida 38 ta bolalar maydonchalari barpo etildi. “Xotira xiyoboni”, Yuriy Gagarin va “Cho’lquvarlar” haykallari
ta’mirlanib, atrofi obodonlashtirildi. Qozoq drama milliy teatri binosi mukammal ta’mirlanib, “O’zbek-Qozoq” madaniyat markazi tashkil etildi. “Yoshlar istiroxat bog’i” qurilishlari olib borilmoqda.
Biror sanoat korxonasi bo’lmagan tumanda 2019 yilda ikkita yirik tekstil yo’nalishidagi, yillik quvvati 2 million dona shifer ishlab chiqarishga mo’ljallangan zavod, gazobeton mahsulotlari, har xil turdagi plastmassa idishlar ishlab chiqarish, 5 ming tonna quvvatli moshni saralash va boshqa korxonalar ishga tushirildi. Zamonaviy non sexi, minimarketlar, 2 ta
hammom, 50 dan ziyod xizmat ko’rsatish, servis va xizmat ko’rsatish ob’ektlari barpo etildi.
– Bu tub o’zgarishning samarasi obod va shinam shaharchamizda yashayotgan odamlarning farovon hayotida namoyon bo’layotir, – deydi tuman xokimi Komil Xolmurodov. – Prezidentimizning
“Odamlarimiz islohotlar samarasini uzoq kelajakda emas, bugun o’z hayotlari misolida his qilishlari, sezishlari kerak” degan xalqchil siyosatining ayni ijrosi bu. Shubhasiz, bu o’zgarishlar odamlarning ruhiyatini o’zgartirdi, qalblarida hayotga havas o’yg’otdi, dunyoga boshqa
ko’z bilan qarashga undadi, tasavvurlarini kengaytirdi.

photo_2020-04-12_09-28-29.jpg
photo_2020-04-12_09-28-38.jpg

Bu yil Gagarin shahri hayotida yana bir muhim yangilik ro’y berdi. Shaharda “Kosmonavtlar va cho’lquvarlar” o’lkashunoslik muzeyini tashkil etilmoqda.
Bu taklif 2019 yilning 12 aprelida Jahon aviatsiyasi va kosmonavtikasi kuni munosabati bilan Rossiya Federatsiyasi davlat dumasining mudofaa bo’yicha qo’mitasi raisi, Rossiya qahramonlari assotsiatsiyasi prezidenti, Rossiya qahramoni Vladimir Shamanov rahbarligidagi delegatsiya
tarkibida kelgan kosmonavtlar – ikki marta Sovet ittifoqi qahramoni Vladimir Jonibekov, Rossiya qahramonlari Solijon Sharipov, Yuriy Onufrienkolar tomonidan bildirilgan edi. Bu taklif delegatsiya a’zolarining tuman rahbarlari shahar jamoatchiligi vakillari bilan uchrashuvda muhokama qilinib, ma’qullandi.
Shu yil yanvar oyida Rossiyadagi “Zashitniki otechestvo” (“Vatan himoyachilari”) Vladimir Shamanov fondi vakillari Gagaringa kelib “Mahalla” xayriya jamoat fondi Mirzacho’l tuman bo’linmasi bilan mazkur muzeyni ochish yuzasidan hamkorlik kelishuvini imzolab ketdi.
Ushbu tashabbus O’zbekiston Respublikasining tegishli davlat organlari tomonidan ma’qullanib, Gagarin shahri markazida “Kosmonavtlar va cho’lquvarlar” o’lkashunoslik muzeyi tashkil etish bo’yicha amaliy ishlar olib borilayotir. Ayni paytda muzey uchun ajratilgan inshoot ta’mirlandi.
Faqat koronavirus karantini tufayli bu jihozlash ishlari vaqtincha to’xtatildi. Karantin tugashi bilan bu ish davom ettirilib, muzey faoliyatini boshlaydi.
Faqat nomi emas, tarixi ham kosmanavtika bilan bog’liq, cho’lni o’zlashtirishning beshigi bo’lgan Gagarin shahrida “Kosmonavtlar va cho’lquvarlar” muzeyi tashkil etishi yoshlarni vatanparvarlik
ruhida tarbiyalash, ularni fazo ilmiga qiziqtirishda xayrli ish bo’ladi, albatta.

T. BEKNAZAROV.
J. YORBEKOV (surat). O’zA

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: