Emi Koni Barret AQSh Oliy sudi sudyasi etib tayinlandi

Emi Koni Barret sentyabr oyida vafot etgan Rut Beyder Ginzburg o‘rniga AQSh Oliy sudi sudyasi etib tasdiqlandi. Prezidentlik saylovlaridan bir hafta oldin amalga oshirilgan ushbu tayinlov Donald Tramp uchun muhim siyosiy g‘alaba deb aytilmoqda.
AQSh Senati Emi Koni Barretni Oliy sud sudyasi lavozimiga tasdiqladi. U 27 oktyabr kuni Oq uyda sudya sifatida qasamyod qildi, deya xabar berdi RIA Novosti. U ushbu lavozimga sentyabr oyida 87 yoshida vafot etgan Rut Beyder Ginzburg o‘rniga tayinlandi.

Emi Koni Barret nomzodini prezident Donald Tramp ilgari surgan. Qasamyod marosimida u Barretning «beg‘ubor» bayonotini yuqori baholadi va uning tayinlanishi erkinlik, tenglik va adolat g‘oyalarini ilgari surishini ta’kidladi.

O‘z navbatida, Emi Koni Barret har qanday siyosiy partiya uchun emas, balki mamlakat farovonligi uchun ishlashini ta’kidladi.

Barrettning tayinlanishi Tramp va respublikachilarning siyosiy g‘alabasi deb tan olinmoqda. Hozirda Oliy sudda Respublikachilar partiyasidan oltita va Demokratlar partiyasidan uchta vakil tayinlangan.

Oliy sud ko‘pincha huquqiy, ijtimoiy va siyosiy masalalarda muhim nuqtani qo‘yadi. 2000 yilda Florida shtatida Oliy sud qarori ovozlarni qayta hisoblashni to‘xtatib qo‘ygan va prezident saylovlari natijalarini hal qilgan edi.

Vakillar palatasi spikeri demokrat Nensi Pelosining aytishicha, endilikda AQSh Oliy sudi «tubdan respublikachilik tarafdori» bo‘lib qoldi. Demokratlardan vitse-prezidentlikka nomzod senator Kamala Xarrisning aytishicha, Emi Koni Barretning Oliy sudga tayinlanishi «juda katta zarar» keltirib chiqardi.

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: