Ertaga sizni qariyalar uyiga topshirishadi

Ijtimoiy tarmoqlarda Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Dilshod Kenjayev 26 fevral kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ayrim ota-onalar bolalarini mehribonlik uylariga berish orqali o‘zlarining muammolarini hal etishga urinayotgani haqidagi maqolaga ko‘zim tushdi.

Hamma narsasi bor bo‘la turib, farzandini mehribonlik uylariga berib yuborganlar ham bor. Masalan, Samarqand viloyatining birgina Past Darg‘om tumanida kam ta’minlangan oilalarning 34 nafar bolasi mehribonlik uyiga topshirilgan. Bu – respublika bo‘yicha bitta tuman miqyosidagi eng katta ko‘rsatkich.

Kam ta’minlangan oila farzandlari aslida bir yilga joylashtiriladi, lekin amalda ular yillar davomida qolib ketishmoqda. Shu sababli, bunday oilalarning farzandlarini, shuningdek, otasi yoki onasi hayot bo‘lgan yetimlarni oilasi bag‘riga qaytarish chorasini ko‘rishimiz kerak. Chunki ota-onasi tirik bo‘la turib, ularning farzandi mehribonlik uyida yurishi xalqimiz uchun uyatli holat hisoblanadi”, deydi vazir o‘rinbosari.

Bu ma’lumotlar bir ona sifatida yuragimga og‘ir botdi. Qaysi yuz, qaysi vijdon bilan o‘zi tirik bo‘la turib dilbandini yetimxonaga tashlab ketish mumkinligini har qancha urinmay hazm qila olmadim. Bu borada iqtisodiy qiyinchilikni sabab qilib keltirishni hech qachon oqlay olmayman.

Urush yillarida jang ketayotgan hududlardan ko‘chirilgan tili, millati boshqa bo‘lgan bolalarni yetimxonadan o‘z tarbiyasiga olib, mehr ko‘rsatgan mehridaryo insonlar bizning bobolarimiz, momolarimiz emasmidi!

Bir darslikda o‘qigandim: evakuatsiya qilingan bolalarni ularni qabul qilishi kerak bo‘lgan manzil imkoniyati yo‘qligi bois tarbiyaga olishni rad etganida poyezd esheloni Barnaul shahrida turib qoladi. Bundan xabar topgan Toshkent rasmiylari bolalarni bizga jo‘nating, deb telegramma yuboradi. Aytingchi, o‘sha chog‘da ortiqcha bir burda nonimiz bo‘lganmidi?!

“Jizzaxdagi mehribonlik uyida 17 nafar tarbiyalanuvchi qizlar bilan gaplashganimda 4 nafari chin yetim, qolganlarining yo otasi, yo onasi, yo har ikkisi hayot ekani ma’lum bo‘ldi.

Masalan, 10-sinfda o‘qiyotgan qiz “Meni mehribonlik uyidan chiqarib yubormay turinglar, bitirganimdan keyin imtiyoz olaman, ota-onam shu yerda yashab tur deyapti”, deb aytdi. Bir ota-ona farzandini mehribonlik uyi qabul qilmayotganidan shikoyat qilib keldi. “Biz Rossiyaga ishlashga ketyapmiz, ungacha bolamiz mehribonlik uyida bo‘lib turadi, bitirgandan keyin unga uy-joy beriladi, shundan keyin deyarli hamma muammomiz hal bo‘ladi”, deb aytyapti. Ayrim ota-onalar qanchalikka borishayotganini ko‘ryapsizlarmi?”, deydi vazir o‘rinbosari.

Birinchi farzandimni bog‘chaga bergach, ishga tushayotib, rahbardan bog‘chaga ulgurishim uchun vaqtliroq ketishga ruxsat so‘radim. Ishdan bog‘chaga yugurishimni ko‘rib yurgan hamkasb ayollardan biri aytib qoldi: “Sanatoriya tipidagi bog‘cha-internat bor ekan, bola haftada bir marta shanba kuni uyga olib kelinadi. Mening singlim bolalarini o‘sha yerga bergan. Siz ham bersangiz yugurib yurmasdingiz. Bemalol bo‘lardingiz, uyga kelib dam olardingiz”, desa bo‘ladimi?! Hushim boshimdan uchib ketay dedi, yuragim orqaga tortdi.

Hozirgi oyligimga o‘n baravar qo‘shib bersayam bolamni unday joyga bermayman”, dedim qat’iy qilib.

Bunday joyga farzandini go‘dakligida topshirishni normal qabul qiladigan ota-onalar, ertaga bolalari ularni qariyalar uyiga topshirishsa, savolga o‘rin qolmaydi, nazarimda. Bu mavzuda men ana shu nuqtai nazardan tafakkur qilaman. Chunki bola ota-ona mehridan mosuvo bo‘lib o‘sadi. Har kuni ota-onasi quchib bag‘riga bosmasa, sochini silab erkalamasa, diydasi qattiqlashib boraveradi.

Bir qo‘shnim bor. Bolalari bolalarim tengi. O‘smir yoshdagi bu o‘g‘il-qizning ota-onasi ularni bobo va buviga qoldirib, o‘n yildan oshibdiki, Rossiyada ishlaydi. Yiliga bir marta yo keladi, yo kelmaydi. Oldin uy-joy, keyin mashina, undan so‘ngra eng so‘nggi urfdagi mebel va maishiy texnika jihozlari bilan uyni to‘ldirish…

Ha, endi bolalariga qarashsa kerak, desam, yo‘q. Yana er-xotin jo‘navorishibdi. Qaynona bo‘lmishga: “Hech bo‘lmasa keliningiz qolsa bo‘lardi bolalarining oldida, balog‘at yoshida bo‘lsa bular”, desam: “Shu safar kelin qolmoqchiydi, lekin ishxonasidan chaqirtirishdi, joyimga odam olib qo‘ymasin deb, yana ketdi”, deydi. Ular ketishganida kichik nevarasi 2 yoshda ekanini, o‘zi katta qilganini aytadi momo.

Sochini kalta kestirib, sap-sariqqa bo‘yab olgan bu kelinning fikrlash doirasi meni juda qiziqtiradi. Onalik mas’uliyati deganda, u ayol nimalarni tushunarkan?! Chunki u yillar davomida bolalarining ulg‘ayishini, darslarni o‘zlashtirishini, quvonchu hadiklarini ko‘rmadi. Yana to‘rt-besh yil xorijda ishlab turishsa, qiz uzatiladigan, o‘g‘il uylantiriladigan bo‘lib qolarkan…

Ular bir-biriga qachon mehr berishadi?! Qachon jihozlangan hashamatli uyida bir oila bo‘lib yashar ekanlar?!

Mehr moddiyatdan, oqibat molu dunyodan ustun! Asrlar davomida shakllangan oilaviy va milliy qadriyatlarimiz shunga ishora beradi. Ana shu go‘zal va ezgu qadriyatlarimizni ulug‘lasak, avloddan avlodga o‘tkaza olsak, bolalar va qariyalar uylariga aslo ehtiyoj qolmaydi!

Mehr — ko‘zda, deydilar. Bu hikmatni unutib, diydasi qattiq avlodlar jamiyatini paydo qilmaylik!

Feruza EGAMOVA,
jurnalist

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: