Fuqarolik pozitsiyasini bildirish — chaqmachaqarlikmi?

Chaqmachaqar kim?

Odatda, anonim, maxfiy hamkorlik qilib, kimnidir ayblash, qoralash bilan bog’liq ma’lumotlarni xufyona yetkazish bilan shug’ullanadigan shaxslar chaqmachaqar, deb ataladi. Jamiyatimizda shaxsning chaqmachaqarligi qusur sifatida qoralanadi.

Mamlakat Yo’l harakati xavfsizligi boshqarmasi yo’l harakati qoidasini mensimay harakat qilayotgan haydovchilarni aniqlash va ularni qilmishiga yarasha jazolash uchun keng jamoatchilikni hamkorlik o’rnatishga chaqirdi. Shu masala yuzasidan turli munosabatlar bildirildi. Ulardan 
ba’zilarida mukofot evaziga yo’l harakati qoidalarini buzganlar to’g’risidagi ma’lumotni yetkazishdan, chaqishdan tiyilishga, islomda fuqarolar dindosh birodarining aybini yashirishi lozimligini iddao qilindi.

Dasturxon atrofida, ishxonada suhbatlashayotganlarning hangomasiga e’tibor bersangiz, ba’zan  ular o’zlari ishtirok etgan yoki guvoh bo’lgan ma’muriy va hatto jinoiy holatlar bilan bog’liq ma’lumotlarni bemalol so’zlayotganiga guvoh bo’lish mumkin. Ayniqsa, yo’l harakati xavfsizligi, 
soliq, MIB inspektorlari bilan qonunni chetlab, murosa qilgani haqidagi gap-so’zlarni eshitgansiz, albatta. Bunday ma’lumotlardan xabar topgan dasturxon atrofidagilar jo’rasining  “uddaburon”ligidan hayratga tushsa-tushadi, lekin bu haqda huquq-tartibot organiga murojaat  qilishni xayoliga ham keltirishmaydi. Chunki ular tegishli tashkilotlarga murojaat qilishni 
chaqmachaqarlik, deb bilishadi. Savdo qilish chog’ida tadbirkor qilingan xizmat evaziga chek bermay soliq to’lovida g’irromlik  qilayotganiga befarqmiz. Taksining litsenziyasiz xizmat qilishiga-ku e’tibor ham bermaymiz.  Insofli soliq to’lovchimi, noqonuniy tadbirkormi bizga farqi yo’q. Noqonuniy tadbirkorlik  bilan shug’ullanayotganlar to’g’risida soliq idoralarini xabardor qilishni o’ylab ham ko’rmaymiz.  Xabar bergan odamlarni “yozuvchi” deb, ular bilan muloqotda ehtiyot bo’lamiz, yakkalab qo’yamiz.

Gaz, elektr toki, suvdan o’g’irlab foydalanayotgan tanishlarimizni insofga chaqirish o’rniga,  unga bizni ham bu sirdan voqif qilishni, o’rgatib qo’yishni so’raymiz. Hokimiyatga, shifoxonaga, ta’lim maskanlariga, banklarga murojaat qilganimizda ularning ba’zi mas’uliyatsiz xodimlari 
tomonidan behuda ovoragarchilikka yo’l qo’yilishiga chidayveramiz. Ta’magirlar bilan doimo murosa qilamiz. Vakolatli tashkilotlarni xabardor qilishni chaqmachaqarlik, deb bilgan xalqimiz ko’z o’ngida ma’muriy yoki jinoiy holatlar sodir etayotganlarga murosa bilan qaraydi.

Rivojlangan g’arb mamlakatlari aholisi chaqmachaqarlikka qanday munosabatda?

Ular ham yon-veridagi odamlarning aybini yashirishadimi? Yo’q, ular chaqmachaqarlikka boshqacha baho berishadi. 
Ular o’zlarini har bir fuqaroning jamiyatda qabul qilingan qonun-qoidalarga so’zsiz itoat etishini murosasiz talab qilishga haqli faol fuqaro, deb bilishadi. O’zlari guvoh bo’lgan kamchiliklarni bartaraf etish bo’yicha vakolatli tashkilotlarni xabardor qilish g’arb jamiyati vakillarining turmush tarziga aylangan. Qo’ni-qo’shni, qarindoshlar, jo’ralarining sodir etgan 
huquqbuzarligidan tegishli tashkilotlarni zudlik bilan xabardor qilishini hech kim qoralamaydi, balki uni qo’llab-quvvatlaydi.

Kamchiliklarni bartaraf etish, davlat tizimidagi mayda husnbuzarlarni siqib chiqarishning yagona yo’li — kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirishdir. Rivojlangan mamlakatlar fuqarolari 
o’z mamlakatidagi kamchiliklarni bartaraf etishda ishtirok etishni vatanparvarlik harakatiga tenglashtirishadi.

Biz-chi?

Biz bu masalada g’arb mamlakati ahlining teskarisimiz. Qo’shnimiz, tanishlarimiz sodir etgan huquqbuzarlikni oshkor qilishdan tortinib, go’yoki oqibat qilamiz.

Aldovchi, qonunni chetlab murosasozlikni odat qilgan odamlarni normal qabul qilamiz. G’arb mamlakatlarida davlat organlari aholiga sifatli xizmat ko’rsatishida, o’quvchilar va talabalar chuqur bilim olishida, iqtisodiyoti yuksalishida, jamiyatda mavjud qonun-qoidalarga itoat etish 
madaniyati rivojlanishida “chaqmachaqar”larning ijobiy o’rni bordek nazarimda.

Nega bir kamchilikni bartaraf qilish yuzasidan tegishli tashkilotga murojaat qilgan fuqaroni chaqmachaqar deb, “yozuvchi”ga chiqarishimiz, yakkalab qo’yishimiz kerak? Balki jamiyatning sog’lomlashishida, shaffoflashishida shu odamlarning o’rni muhimdir?!

O’z-o’zini nazorat qila oladigan, o’rnatilgan tartib-qoidalarga uning har bir a’zosi birday itoat qiladigan jamiyatni, o’z ishini beg’araz va sifatli bajaradigan davlat idoralarini faol fuqarolarsiz barpo etish mumkinmi?

Tanganing yana bir tomoni bor. Murojaatlari adolat bilan ko’rib chiqilmaydigan, aybdor muqarrar jazosini olmaydigan, amaldorlari qonunlarni mensimaydigan jamiyatda fuqarolar o’z pozitsiyasini bayon qilishdan tiyiladi. Chunki tanishini adolat bilan ish ko’rmaydigan to’raga 
topshirishni yomon oqibat, deb bilishadi.
Mukammal siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy rivojlangan mamlakatlar aholisining demokratik saylov orqali davlat boshqaruv organlariga rahbarlik qilayotgan idoralarga ishonchi baland. Shuning uchun ular o’zlari bilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan mazkur idoralarga tinimsiz 
murojaat qilaveradi. Murojaatlarning umumiy soni fuqarolarning shu idoraga bo’lgan ishonch mezonini belgilaydi.
Fuqarolik pozitsiyasini bayon etishni xalqimiz chaqmachaqarlik, deb atashi taassufli hol.

Bir savolning javobi meni qiziqtiradi: g’arb mamlakatlarida ular rivojlangandan so’ng chaqmachaqarlik avjiga chiqqanmi yo fuqarolar orasida chaqmachaqarlik avjiga chiqqandan so’ng mamlakatlar rivojlanganmi?
Aslida madaniy darajasi yuksak xalqgina umumjamiyatga bog’liq hodisa va voqealarga befarq bo’lmaydi, bo’lolmaydi.

Siz qanday fikrdasiz?

Alimboy NISHONOV,
jurnalist

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: