Energetika sohasiga yo‘naltirilgan davlat tashqi qarzining 28 foizi yoki 5,1 mlrd.dollar mablag‘lar qani? Ularni qanday sarflashmoqda?

Hamma qilinayotgan islohotlarni … tiqdingiz! — deputat Doniyor G‘aniyev

Bugun O‘zbekiston bo‘ylab energiya inqirozi kechmoqda.  Aynan o‘ta og‘ir kechgan 2020 yildan so‘ng, har yilgidanda sovuq kelgan qish mavsumida energiya inqirozi barchani qiynamoqda! Bu holat nafaqat aholi orasida keskin norozilik, ijtimoiy inqirozni keltirib chiqarmoqda, balki iqtisodiy faollikni susaytirmoqda hamda mamlakat iqtisodiyotiga salbiy ta’sir o‘tkazmoqda. Eng achinarlisi, energetika sohasidagi muammolar oxirgi yillarda olib borilgan barcha ijobiy o‘zgarishlarni “yuvib yuboryabdi”.

Endi o‘ylab ko‘ring, sovuq qish, katta oila, na gaz, na elektr bor! Oilaning keksa insonlari yoki chaqaloqlar sovuqdan qaltirab o‘tirsa, oilaning yoshlari har qancha urinmasin uyini isitishga, ularni farovon hayotini ta’minlashga imkoniyati bo‘lmasa, bunday odamlarga islohotlarning nima keragi bor?  Bu odamlar uchun har qanday islohotlar, har qanday qonunlar, qo‘pol qilib aytganda, “1 tiyin”!!! ULAR SOVUQDAN QIYNALIShMOQDA. Bunday holatda ularga faqat bir narsa kerak, ENERGIYa TA’MINOTI!

Energetika vazirligi esa 30 yildan beri sohaga investitsiya kiritilmaganligi haqida dardini doston qiladi. Unday bo‘lsa, 2020 yil 3-chorak yakuni bo‘yicha  Energetika sohasiga yo‘naltirilgan davlat tashqi qarzining 28 foizi yoki 5,1 mlrd.dollar mablag‘lar qani? Ularni qanday sarflashmoqda?

Misol uchun umumiy qiymati 1.2mlrd. dollar bo‘lgan Namangandagi To‘raqo‘rg‘on IES ishga tushirilsa, vodiyda elektr ta’minotida muammo qolmaydi, deb hammani ishontirishgandi. Lekin To‘raqo‘rg‘on IESi o‘tgan yili ishga tushgan bo‘lsa-da, vodiyda elektr ta’minotida ijobiy o‘zgarish bo‘lmadi-ku?!

To‘g‘ri, men bu sohaning mutaxassisi emasman, ehtimol, tushunmasman. Lekin nahot oxirgi 4 yil davomida sohada sezilarli ijobiy o‘zgarish qilib bo‘lmasa? Aholining talabi kundan-kunga o‘sib bormoqda, nima uchun yil davomida shunga qarab harakat qilmaymiz? Elektron hukumat, onlayn xizmatlar, raqamli iqtisodiyot deymiz, lekin energiya bo‘lmasa bulardan nima naf? Qaysi islohot effekt beradi bu holatda? Bunday holat oldimizdagi saylov yilida ro‘y berishini qanday tushunish mumkin? Yoki bu davlat rahbarining olib borayotgan siyosatiga qarshi atay uyushtirilayotgan “sabotaj”mi?

Savollar ko‘p  javob esa ko‘pdan beri yo‘q … Savollarga javob bera olmayotgan rahbarlar esa, doimgidek jim…

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: