Ikki xil bayonot odamlarni ikkilantirmaydimi?

Har kuni yangiliklarni o‘qish kundalik odatimizga aylangan. Ayniqsa, pandemiya bilan bog‘liq turli xil xabarlar e’tibordan chetda qolmaydi. Bugun ham yangiliklarni o‘qir ekanman, ikki qarama-qarshi voqelikning guvohi bo‘lib, qay biriga ishonishni ham bilmay qoldim…

Birinchisi, “Zamon” informatsion dasturi muxbirlari Zangiota tumanidagi koronavirusga chalingan bemorlarni davolashga mo‘ljallangan kasalxonadan reportaj tayyorlashibdi. Kasalxonaning jonlantirish bo‘limidan tayyorlangan reportaj davomida ma’lum qilinishicha, bu yerda 70 dan ortiq bemorlarga tibbiyot xizmat ko‘rsatilmoqda. Ta’kidlanishicha, bemorlarga reanimatsiya bo‘limida joy yetarli bo‘lmagani sabab, og‘ir ahvoldagi bemorlar boshqa palatalarda ham davolanmoqda. Demak, bu borada hamon ba’zi muammolarga duch kelinmoqda.

Ikkinchisi, koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus shtab a’zosi Habibullo Oqilov “O‘zbekiston 24” telekanalidagi chiqishida Sog‘liqni saqlash vazirligi karantin yumshatilsa, kasallarning oshishi mumkin bo‘lgan vaziyatga sog‘liqni saqlash tizimi tayyor ekani haqida bong urdi. Iye, o‘zi hozir joy yetmayotgan bo‘lsa, Markaz direktori bu fikrlarni nimaga asoslanib aytmoqda? Ayni vaqtda Chilonzordagi olimpiya kolleji sport zallarida navbatdagi statsionar hozirlanayotgani haqida hurmatli shtab a’zosining xabari yo‘q, shekilli?

O‘zi kasalxonalarda joy yetishmovchiligi, tez tibbiy yordamning vaqtida yetib kelmagani haqidagi turli gap-so‘zlar endigina tingan bo‘lsa, bunday tushunmovchilik holati yana odamlarning ishonchsizligiga sabab bo‘lmaydimi? Ochig‘i, oxirgi kunlarda soha mas’ul mutaxassislarining bir-biriga zid bunday bayonotlari aholi o‘rtasida turli fikrlar uyg‘otmoqda. Maxsus shtab tashkil etilgan bo‘lsa, avval masala yuzasidan yakdil qaror qabul qilinib, keyin jamoatchilikka e’lon qilinsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Sayyora Qodirova

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: