Ispaniya cho’ldan yashillikka aylangan diyor

Madridga kelganimda fevral oyining so’nggi kunlari bo’lishiga qaramay yaqqol sezilgan jihat ob-havoning iliqligi, atrofning yam-yashilligi bo’ldi. Ba’zilar kalta shim va ko’ylakda yurishibdi. Osmonda quyosh charaqlab turibdi. Ispaniyaga bahor allaqachon kelib bo’lgan ekan. O’zbekistonda havo harorati kunduzi 8-10 daraja iliqlikni ko’rsatib turgan bir paytda
Ispaniya poytaxtida 20-22 darajani tashkil qilardi.

Это изображение имеет пустой атрибут alt; его имя файла - 56-1024x576.jpg

Madrid chetdan kelgan odamga dastlab oddiy shaharga o’xshab tuyuladi-yu, ammo markazdagi tarixiy-me’moriy ko’p qavatli binolarni ko’rib, lol qolasiz.

Birinchi kun mehmonxonaga buyumlarimizni qo’yiboq, aylanishga chiqdik. Shaharni ko’zdan kechirarkanmiz, avvalo, ko’p qavatli uylarga yonma-yon o’sib turgan daraxtlar diqqatimni tortdi.

Uylar tabiatga ziyon yetkazmasdan barpo etilgan. Bo’larkan-ku, deb yubordim, beixtiyor. Hatto, umrini o’tab bo’lgan daraxtlar ham kesilmagan. Aksincha, bezatilib, shahar ko’chalariga chiroy qo’shmoqda.

8 kunlik o’quv-sayyohat davomida shunga guvoh bo’ldikki, Ispaniyaning biz borgan boshqa shaharlarida ham ko’chalarda turli daraxtlarni ko’rish mumkin. Faqat, asosan, iqlimga mos soyali daraxt­lar. Bu yerda yilning 320 kunida quyosh charaqlab turishi hisobga olinsa, bunda mantiq borligini anglash qiyin emas.

Shu o’rinda yurtimizda yoppasiga manzarali daraxtlar (archa, mojjevel`nik va hokazo) o’tqazilayotgani esimga tushdi. Masalan, bundan 10-15 yillar oldin Nukus ko’chalarida yashnab turadigan soyali daraxtlar o’rnini manzarali daraxtlar egallagan. Obodonlashayotgan Mo’ynoqda ham katta yo’lning ikki tomoniga manzarali daraxtlar ekilgan. Birinchidan, bu daraxtlar na o’ziga, na odamlarga soya beradi. Ikkinchidan, bunday ko’chatlar ancha qimmat, iqlim sharoitiga moslashib, tutib ketishi ham qiyin. Uchinchidan, ko’pi qurib qoladi. Bizda ham mahalliy sharoitga mos soyali daraxt turlari ko’p-ku. Shularni eksak bo’lmaydimi? Axir, yozda soya
topolmay qiynalamizku! Mutasaddilar esa soyali daraxtlarni kesish bilan ovora.

Ko’chat ekish mavsumi boshlanayotgan bir paytda ispanlar tajribasini qo’llasak, hech ziyon ko’rmaymiz, nazarimda.

Это изображение имеет пустой атрибут alt; его имя файла - 58-1024x576.jpg

Ispaniyada shunday soyali daraxtlar ostidagi yashil maysazorlar, asosan, odamlarga hordiq chiqarish uchun xizmat qiladi. Har kuni minglab kishilar dam olib ketadigan ushbu maysazorlar orasidan bironta maishiy chiqindi topolmaysiz. Har qadamda chiqindi konteynerlari.

Mamlakat janubidagi O’rta yer dengiziga yaqin joylashgan Andalusiya avtonom jamiyatiga kiruvchi provintsiyalar tabiati O’zbekistonga juda o’xshash. Iqlimi quruq va ancha issiq. Safarimiz davomida Ispaniyada qishloq va suv xo’jaligi sohasi biz o’ylagandan ko’ra ancha rivojlanganiga
amin bo’ldik. Andalusiya bo’ylab tashkil qilingan sayyor tadbirlarda dalalar, shaharlarda ko’zingiz tez-tez yashil qoplamalarga tushadi. Hatto, tog’lar tepasigacha inson qo’li yetib borib, qishloq xo’jaligi mahsulotlari, asosan, zaytun o’stirilmoqda. Tog’lar yon bag’ridagi zaytun daraxtlari tomchilatib sug’orish orqali o’stirilmoqda.

Ispaniya tomchilatib sug’orish usuli orqali yetishtiriladigan zaytun eksporti bo’yicha dunyoda yetakchi ekan. Dunyo bo’yicha zaytunning, qariyb, 45 foizi ushbu mamlakatda yetishtiriladi.

Zaytunni ispanlar oltinga mengzashadi. “Oliva” yoki “aseytuna” deb nomlanuvchi ushbu o’simlik davlatning asosiy boyligidir. Yer ostida tabiiy boyliklar kam. Masalan, neftni Janubiy Afrika, Meksika va Saudiya Arabistonidan sotib olishadi. To’g’ri, ispan zaminida neft konlari yo`q emas. Masalan, Kanar, Balear orollarida mo`l neft konlari topilgan.

Faqat, bu konlar qaziladigan bo’lsa, tabiatga katta ziyon yetishi, ya’ni ko’plab daraxtlar kesilishi hamda sayyohlarga noqulaylik tug’ilishi mumkinligi hisobga olinib, tabiiy zahiralarga hozirga qadar qo’l tekkizilmagan. Muhimi, bu borada ular shoshilishmayapti ham. Ispancha «olea» (zaytun) va inglizcha «oil» (neft`) so’zlari bitta o’zakdan kelib chiqqani ham e’tiborga sazovor.

Zaytun ortidan ispanlar katta muvaffaqiyatlarga ega bo’lishgan. Eng avvalo, ekologik tozalikka, tabiatni saqlab qolishga va qolaversa, iqtisodiy taraqqiyotga ham erishgan. Ispaniya butun Yevropani qishloq xo’jaligi mahsulotlari bilan ta’minlaydi. Dunyodagi eng yuqori navli meva, sab­zavot va poliz ekinlari aynan ushbu davlatning sug’oriladigan yerlarida
yetishtiriladi.

Sug’oriladigan yerlar miqdori bo’yicha Ispaniya Yevropada yetakchi o’rinlardan birini band etgan. Mamlakat qishloq xo’jaligining asosiy ekini bug’doy. Bundan tashqari, javdar, suli, makkajo’xori, arpa, dukkakli ekinlar, kartoshka, qand lavlagi, paxta, tamaki, shakar qamish va turli sab­zavotlar ham yetishtiriladi. Katta maydonlar uzumzor bilan qoplangan Ispaniyada
vinoning mashhur navlari ishlab chiqariladi.

Ispaniyaning quyoshli davlatligi sayyohlarga juda manzur. Shuning uchun Ispaniya turizm bo’yicha dunyoda birinchilar qatorida turadi. Aholisi 46,7 million kishi. 2019 yilda mamlakatga 90 milliondan ortiq sayyoh tashrif buyurgan.

Sahiy quyosh sayyohlar uchun ma’qul kelsa-da, fermerlar uchun anchayin noqulaylik tug’diradi. Yozda tez-tez qurg’oqchilik yuzaga keladi. Ispanlar bu muammoni suv resurslarini oqilona boshqarish va obi hayotdan to’g’ri foydalanish evaziga bartaraf etishadi. Bir paytlar changib yotgan bepoyon cho’l bugun qishloq va suv xo’jaligini modernizatsiyalash natijasida yam-yashil o’lkaga
aylangan.

Yesimxan QANOATOV,
jurnalist

Fikr bildirish