Jurnalistikaga kirish nimadan boshlanadi?

Qadrli hamkasblar, talabalar va abituriyentlar. Xushxabar, Ustoz Xurshid Do‘stmuhammadning noyob kitobi qayta chop etildi.

Aslida ushbu kitob ancha yillar avval nashr etilgandi. Uni birinchi marta o‘qiganimda menda juda iliq taassurot qoldirgan edi. Chunki kitobning ilk sahifasini ochganingizda “Jurnalistikaga kirish nimadan boshlanadi?” yoki “Kim jurnalist bo‘la oladi?” degan savol xuddi bizga berilganday bo‘ladi. Bu murojaat muallifning sizni o‘zi bilan barobar ko‘rishi, siz bilan suhbatlashayotganday va xayolingizdan o‘tgan, tilingizning uchida turgan savollarga javob berganday bo‘ladi.

O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakultetida dars berganimda talabalardan “Jurnalist bo‘lmoqchimisiz?” degan kitobni o‘qiganmisiz? – deb so‘rar edim. Hozir ham universitet rektori sifatida abituriyentlar bilan suhbatlashganda ustoz Xurshid Do‘stmuhammadning ushbu kitobi haqida so‘rayman. Kimdir o‘qigan, kimdir bexabar bo‘ladi. Shunday yoshlarga “Jurnalist bo‘lmoqchimisiz?” kitobini tutib, “Mana shu kitobni o‘qib ko‘ring va o‘zingizni jurnalistikada tasavvur qila olsangiz, marhamat universitetda o‘qishingiz mumkin” deb aytaman.

Birinchi marta kitob 2000 nusxada, kirill alifbosida chop etilgan ekan. Bu lotin alifbosida voyaga yetgan bir avlodning kitobdan behabarligi belgisi, degani. Kitobning adadini ko‘paytirib, lotin alifbosida ham qayta nashr etish uchun universitetimiz professor-o‘qituvchilari bilan maslahatlashib, uni qayta chop etishga qaror qildik. Bu niyatimizni ustoz Xurshid Do‘stmuhammadga aytganimizda, u kishi kitobni qayta ishlab, to‘ldirib berishga va’da qilganini eshitib, juda xursand bo‘lib ketdim. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay ustoz va’dasining ustidan chiqib, kitobni bizga yetkazdi. U yangi fikrlar, yangi kuzatuvlar va yangi xulosalar (fakt nima, mavzu topish, jurnalistika – muloqot madaniyati ekanligi, globallashuv nima, bloger kim va h.k.) bilan yana ham boyitilgan. Bugun sizga in’om etilgan mana shu uslubiy qo‘llanma siz, bo‘lajak jurnalistlar uchun, juda ham zarur qimmatli manba. O‘qing idrok qiling va o‘ylab ko‘ring. Siz jurnalist bo‘lishga qat’iy qaror qildingizmi? Bu kasbning mashaqqatini ko‘tara olasizmi, og‘ir-engiliga chidashga kuchingiz yetadimi? Jurnalistika jiddiy, mas’uliyatli, shu bilan birga sharafli kasb ekanligini tushina olasizmi? Xurshid Do‘stmuhammaddek olimlar sizga uning sir-asrorlarini ko‘rsatib beradi.

Agar ma’qul kelsa, sabringiz yetsa, qo‘lingizdan kelishiga ishonsangiz, O‘zJOKUga xush kelibsiz!

Sherzod QUDRATXO‘JAYEV

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: