Kambag‘alni tuyaning ustida ham it qopadi…mi?

Men, Xafiz Azizovich, 2019 yildan buyon “Matiz” rusumli 30 175 TTD davlat raqamli avtomashinamda tegishli faoliyat turi bilan shug‘ullanish litsenziyasiga ega bo‘lgan holda yo‘nalishsiz taksi faoliyati bilan shug‘ullanib kelaman.

Joriy yilning 24 iyul kuni soat 13:25 da ikki nafar yo‘lovchilar bilan birgalikda harakatlanayotganimda Samarqand shahri Gagarin va M.Ulug‘bek ko‘chasi chorrahasida avtotransport vositamni YXXB, Milliy Gvardiya va Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspektsiyasi xodimlari to‘xtatishib, «Maxsus komissiya qaroriga asosan yo‘nalishsiz taksi avtomashinalari uchun kunning belgilanmagan muayyan vaqtida harakatlanmoqdasiz» deya ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirib, mashinamni O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 291-moddasidagi “Transport vositalarini ushlab turish va ko‘rikdan o‘tkazish asoslari”dagi talablarga zid ravishda, mansab vakolatini suiste’mol qilgan holda jarima maydonchasiga joylashtirishdi.

Ularga “Maxsus komissiya”ning yo‘nalishsiz taksilar faoliyati borasidagi O‘zbekiston Respublikasi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi huzuridagi shtabning 10.07.2020 yildagi Transport Vazirligi axborot xizmati rahbari Navro‘z Ashurmatov va 14.07.2020 yildagi Ichki ishlar Vazirligi Yo‘l harakati havfsizligi boshqarmasi axborot xizmati rahbari Azizxon Murodovlar ishtirokidagi brifingda berilgan tushuntirishlarda, kunning muayyan muddati BELGILANMAGANLIGI aks etgan videoroliklarni taqdim etishimga qaramasdan, “Maxsus komissiya”ning qaroriga keyinchalik o‘zgartirish kiritilganligi vajini keltirib, savollarim bo‘lsa «yuristlarga» murojaat qilishimni ta’kidlashdi.

Vaholanki, 13.07.2020 yilgi O‘zbekiston Respublikasi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi huzuridagi shtabda Adliya vaziri o‘rinbosari Muzraf Ikromov ishtirokida brifingda, u kishi “Maxsus komissiya” qarorlari nega ommaga e’lon qilinmasligiga to‘xtalib, maxsus komissiya qarorlari normativ-huquqiy hujjat emas, shu boisdan ham bu hujjatlar majburiy e’lon qilinishi shart emas, “Maxsus komissiya” qarorlari O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning yangi turi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan keng doiradagi chora-tadbirlar dasturlari yig‘indisi ekanligi va maxsus komissiyaning protokollarining aholi va yuridik shaxslarga taalluqli qismlari rasmiy axborot ko‘rinishida majburiy tartibda mavjud barcha kommunikatsiya kanallari orqali tarqatilishini ta’kidlagan edi.

Shuningdek, shu yilning 10 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi huzuridagi shtabda Transport Vazirligi axborot xizmati rahbari Navro‘z Ashurmatov, 2020 yil 14 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi huzuridagi shtabda Ichki ishlar Vazirligi Yo‘l harakati havfsizligi boshqarmasi axborot xizmati rahbari Azizxon Murodov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda, “maxsus komissiyaning 34-sonli bayonnomasiga ilova qilingan avtotransport vositalari harakatlanishiga maxsus ruxsatnomalar talab etilmaydigan holatlar ro‘yxatining 4-bandiga ko‘ra, yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanish litsenziyasiga ega bo‘lgan yo‘nalishsiz taksilar uchun maxsus ruxsatnoma talab etilmaydi. Bunda yo‘lovchi tashish uchun avtotransport vositasi salonida haydovchi o‘rindig‘i yo‘lovchilar o‘rindig‘idan shaffof plastik yoki maxsus plyonka bilan to‘silgan bo‘lishi kerak, haydovchi va yo‘lovchi tibbiy niqobda bo‘lishi, tibbiy niqobsiz yo‘lovchilarni tashish ta’qiqlanishi belgilab berilgan. bundan tashqari faqatgina ikki nafar yo‘lovchilarni avtotransport vositasi orqa o‘rindig‘iga o‘tkazishi kerak, deb belgilangan, avtotrasport vositasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan hudud doirasida harakatlanishi shart”ligini tushuntirib o‘tilgan.

Xo‘sh, ma’muriy huquqbuzarlik – bu ma’muriy javobgarlikka tortish nazarda tutilgan, shaxsga, fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga, mulkchilikka, davlat va jamoat tartibiga, tabiiy muhitga tajovuz qiluvchi g‘ayrihuquqiy, aybli (qasddan yoki ehtiyotsizlik orqasida) sodir etilgan harakat yoki harakatsizlik hisoblansa, men O‘zbekiston Respublikasi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi huzuridagi shtabi tomonidan berilgan “Maxsus komissiya”ning talablariga rioya etgan bo‘lsam, mening harakatlarimda “Epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish”ga qasd yoki ehtiyotsizlik mavjudmi?

Endilikda men dardimni kimga aytay, Prezidentimiz o‘zini-o‘zi band qilgan fuqarolarga imtiyozlar berilishi borasida chora-tadbirlar belgilayotgan bo‘lsa? Shu kunga qadar davlatdan moddiy yoki boshqa turdagi yordam so‘ramagan holda, o‘z kuchim bilan, amaldagi qonunchilikka bo‘ysingan holda ro‘zg‘orimni bir iloj qilib tebratayotgan bir davrda, ommaviy axborot vositalari orqali bir talabni bildirishib, amalda esa e’lon qilinmagan yoki tushuntirish berilmagan talabni qo‘llashib, shusiz ham nochor ahvolda yashayotgan men kabi fuqarolarni ezish, jarimaga tortish, kambag‘allik botqog‘iga otish qaysi qonunchilikka to‘g‘ri keladi? Birgina ro‘zg‘orim manbai bo‘lgan “shaldiroq” avtomashinamni sotib, yoki onam va turmush o‘rtog‘imning ziraklarini “sutxo‘r”larga garovga bergan holda, foizga olingan pul hisobidan jarima to‘lashim lozimmi? Ayting nima qilay? Aslida aybim nimada?

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: