Kambag‘allik sha’nimizga yarashmaydi

Kambag‘allikni har kim har xil tushunadi. Menimcha, kambag‘al odam ishlab topgan har bir so‘mini faqat yeb-ichishga, arzon kiyim-kechak sotib olishga qat’iy hisob-kitob bilan sarflaydi. U uy-joy sotib olish yoki qurish, juda ixcham to‘y qilish yoki ma’raka-marosim o‘tkazish, to‘lovli shifoxonada davolanish yoki dori-darmon sotib olish, farzandini biror kasb yoki til o‘rgatish kurslarida o‘qitish, kredit olish va to‘lash, boshiga tashvish tushganda qandaydir chora izlash imkoniyatiga ega emas. Bunday paytda u yaxshilar yordami, saxovati yoki qarziga muhtojdir. Oddiy odamlar orasida yashab ko‘rsangiz, ularning taxminiy miqdori haqida tasavvurga ega bo‘lasiz.

To‘rt-besh million kambag‘al deb e’tirof etilayotganlar orasida qashshoqlar ham bor. Ular biz bilgan kambag‘allarga o‘xshab 500-600 ming so‘mga tirikchilik qilishmaydi, balki qarilik, nogironlik, mehnat staji kamligi, qarovchisi yo‘qligi va boshqa turli sabablar ro‘kach qilinib olinadigan 250-300 ming so‘mni faqat nonga sarflab, tirikchilikning boshqa xarajatlarini birovlar uyini tozalash, kirini yuvish, ko‘chalarni supurish, bo‘sh yelim idishlarni terib, topshirish yoki tilanchilik qilish yo‘li bilan topadilar. Men taniganlardan biri chiqindilar orasidagi suyaklarni terib, Bektemirdagi bir sexda un qilib, fermerlarga yem o‘rnida sotsa, boshqasi ayollarning qirqilgan sochlarini go‘zallik salonlariga ulama soch uchun xomashyo sifatida o‘tkazadi. To‘g‘ri, dangasaligidan tilanchilikni kasb qilib olganlar ham bor, ammo tanganing ikkinchi tomoni bo‘lganidek, ayrimlar bunga majbur ham bo‘layotir.

Amir Temur bobomiz bu muammoga aql bilan juda xolis yechim topgan ekan. Ya’ni maxsus tayinlangan odamlar faqirlarni aniqlab, ularni ish va nafaqa bilan ta’minlagan. Shundan keyin ham tilamchilikni davom ettirishsa, jazolangan. Hozir bizda ichki ishlar xodimlari bundaylarni masjidlar atrofi, ko‘cha va xiyobonlar, aholi gavjum boshqa joylardan haydash bilan ovora. O‘ylashmaydiki, ularning ijtimoiy ahvolini o‘rganish va muammolarni hal etish kambag‘al-qashshoqlikka qarshi kurashning samarali vositasidir.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan kambag‘allikni kamaytirish va qashshoqlikni bartaraf etish uchun kurash boshlangan ekan, bu borada e’tibor berish zarur bo‘lgan ba’zi masalalar yuzasidan o‘z taklif va mulohazalarimni bayon qilmoqchiman. Avvalo, bu ishga kimlarni jalb etmoq muhimligiga e’tibor qaratish zarur.

Ko‘p yillik hayotiy kuzatishlardan shunday xulosaga keldimki, o‘ziga to‘q oilada tarbiyalangan, hayotda hech qanday qiyinchilikka duch kelmagan va hozir ham shohona hayot kechirayotgan, halol non topib yeyish mashaqqatini tatib ko‘rmagan, milliy ma’naviyatdan, urf-odatlarimizdan yiroqlashib qolgan, yo‘qchilik va yetishmovchilik nimaligini xayoliga ham keltirolmaydigan qo‘shtirnoq ichidagi ba’zi saxovatpesha insonlar kambag‘alning qalbiga yo‘l topa olmaydi. Shuning uchun bundaylarni ayni tadbirlarga jalb qilish kutilgan samarani bermaydi. Ular qilingan ishlar yuzasidan raqamlarga boy ma’lumot berishdan nariga o‘tishmaydi. Ayniqsa, mansabparast va takabbur ayrim yosh kadrlar, qalbida mehr-shafqat yo‘q insonlarni bu ishga jalb etishdan naf yo‘q. Axir, maqsad — kambag‘allar borasidagi statistikani yoritish emas, balki yordamga muhtojlar ijtimoiy ahvolini yaxshilash.

Sir emas, ko‘p joylarda mahalla raisligiga ilgari ichki ishlar tizimi va boshqa huquq-tartibot idoralarida ishlagan kadrlar saylangan. Ko‘pincha ular proflaktika inspektori bajaradigan ishlarni bajarishadi. Asosiy ish uslubi tergash, muhokama qilish, tanbeh berish va hokazo. Men ayrim shu toifadagi raislarga bir mahalla faoli sifatida asosiy masala kambag‘al, qashshoq, yetim-esir, muhtojlar bilan ko‘proq ishlash ekanini, ularga ijtimoiy ko‘mak berish, bandligini ta’minlashning chorasini ko‘rish lozimligini aytganimda, ko‘pincha “bizda kambag‘al bechoralar yo‘q”, degan javobni eshitganman. Vaholanki, mahallada istiqomat qiladigan kishi qaysi xonadon qanday sharoitda yashayotganini chetdagi odamdan yaxshiroq biladi. Shunday kayfiyatdagi mahalla raislari hozir ham o‘z lavozimlarida ishlab yurishibdi. Ayting-chi, ularni kambag‘allik va qashshoqlikni tugatishdek bugungi o‘ta dolzarb masalaga hissa qo‘shadi, deb bo‘ladimi?

Keyingi 20 yil ichida uchta mahallada yashashimga to‘g‘ri keldi. Hammasida mahalla raislarining yaqin maslahatchilari butunlay g‘arb turmush tarzini mukammal o‘zlashtirgan ayollar va diniy e’tiqoddan yiroq, ammo tarbiya haqida soatlab safsata sotadiganlar ekaniga guvoh bo‘ldim. Tarbiya haqida gap borganda mahalladagi o‘ziga to‘q oilalarni ibrat qilib ko‘rsatish, nochor, ijtimoiy himoyaga muhtoj yoxud adashgan va aldanganlarni “mahalla yuzidagi dog‘” sifatida ko‘rishdan nariga o‘tishmaydi. Xo‘sh, aslida zimmasiga yuklatilgan vazifasi to‘g‘ri yo‘ldan adashganlarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish, ularni sog‘lom ijtimoiy hayotga moslashtirish, muhtojlarga yordam qo‘lini cho‘zish bo‘lgan, biroq hududimizda mana shunday ibratli oilalar bor, deya xo‘ja ko‘rsinga ishlarni “besh” qilib ko‘rsatib, muammolarga befarq qarayotgan, joyi kelsa, kamchiliklarni yashirgan mahalla faollarini kim deb atash mumkin?

Hozir xotin-qizlar va yoshlar tashkilotlarida ishlaydigan ba’zi mas’ullar yosh oilalardagi ajrim masalasiga bir tomonlama yondashib, butun aybni qaynonalarga to‘nkayotganlaridek, kambag‘allikka qarshi kurashda bu vazifani ado etishga yo‘naltirilgan mutasaddilar ham ko‘zlangan maqsadga erisholmasa, kambag‘allarning o‘zlariga mag‘zavani ag‘darib quya qolishlari tayin. Yetmaganiga, bu boradagi chora-tadbirlar davlat tomonidan moliyalashtirilsa, taassufki, ayrim mas’ullarga qing‘irlik uchun yo‘l ochiladi. Masalan, yaqindagina ijtimoiy tarmoqlarda Bosh prokuratura tomonidan xabar qilingan jinoyat — Oqqo‘rg‘on tumani hokimining mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha o‘rinbosari M.A. tuman “Mahalla” xayriya jamoat fondi hisobchisi B.N. bilan til biriktirib, “Mahalla” xayriya jamoat fondi va “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasiga kelib tushgan pullarni naqdlashtirib, 109,2 mln. so‘mni o‘zlashtirib yuborgani fikrimizga yaqqol dalildir.

Shundan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, har bir ko‘cha va mahalladagi og‘ir sharoitda yashayotgan oilalar, nogiron, yolg‘iz va qarovsiz insonlarning ahvolini o‘sha ko‘cha yoki mahalladagi insof-diyonatli, halol, mehr-oqibatli, haqso‘z odamlar, avvalo, nuroniy otaxon va onaxonlar yaxshi bilishadi. Bunday savob ishga ana o‘shalarni jalb qilish maqsadga muvofiq.

Keyingi paytda kambag‘allikni bartaraf qilish maqsadida odamlarni biror kasbga yo‘naltirish, o‘qitish va tayyorlash haqida ko‘p gapirilmoqda. Bu juda to‘g‘ri tashabbyaus, ammo ular o‘qishni tugatganidan so‘ng kafolatlangan ish bilan ta’minlanishi zarur. Ishsizlar soni ortishi bu boradagi rejani chippakka chiqaradi.

Shuning uchun kambag‘allikdan qutulmoqchi ekanmiz, hisob-kitobni puxta ishlab chiqish joiz. Kambag‘allik ayb emas, degan gaplar endi o‘tmaydi. Bugun O‘zbekiston dunyo nigohidagi mamlakatlar qatoridan o‘rin egalladi. Mamlakatimizda o‘zgarishlar va yangilanishlar olib borilayotgan ekan, kambag‘allik sha’nimizga yarashmaydi.

Ibrohim NORMATOV,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: