Karantin qoidalarini kim buzyapti: amaldorlarmi yoki fuqarolar?

Kecha zaruriyat tufayli ko‘chaga chiqdim. Idoradan maxsus stikerli mashina olib ketgani keldi. O‘yladimki, poytaxt ko‘chalari bo‘m-bo‘sh, hamma karantinda, uyda qolgan. Biroq katta yo‘lga chiqishimiz bilan angladimki, chuchvarani xom sanagan ekanman: ko‘cha to‘la avtoulov, odamlar…

Mashinalarning aksariyatida ruxsatnomasi yo‘q, odamlar esa niqobni engagiga osib olgan. Haydovchi hayratimni sezdi, shekilli, hokimiyat binosiga ishora qiladi: “Bular buzyapti karantinni. Bugun shu ko‘chadan ikkinchi marta o‘tishim. Ikkinchi marta majlisga odamlar chaqirtirildi. Mashinalarni qarang?!”

Qator mashinalar

Rostdan ham, hokimiyat binosining oldi mashinalar bilan to‘lgan. Yana savol beramiz: nega odamlar karantin qoidalariga bo‘ysinmayapti? O‘zining va o‘zgalar hayotini nega havf ostiga qo‘yyapti

Yaqinda ko‘pchilikka uncha ma’lum bo‘lmagan Keniya davlatida Senat qo‘mitasining raisi komendantlik soati rejimini buzgani uchun lavozimini tark etdi.

Keniya davlati Senat qo‘mitasining raisi Sakaja

Ma’lum bo‘lishicha, senator Jonson Sakaja uch sherigi bilan tungi vaqtda bar yaqinida ichib o‘tirganida politsiya tomonidan ushlangan. Qilmishi uchun uzr so‘ragan senator lavozimidan ketishini e’lon qilib, sud oldida javob berishga ham tayyor ekanligini aytdi. Qonunga muvofiq, senator bu harakati uchun jarimaga tortilishi yoki qamalishi ham mumkin.

Senator bo‘la turib, bor-yo‘g‘i karantin tartibni buzgani uchun lavozimini tark etdimi, deb hayratlanyapsizmi? Chunki bizda ayrim amaldorlar tartib-qoidalarni hech narsadan tap tortmay buzishlari yoki karantin sharoitida ham har kuni majlisbozlikka yo‘l qo‘yishiga odatlanib qolganmiz. Shaxsiy avtomobillarda harakatlanish belgilangan vaqtdagina ruxsat etilgan bo‘lsa-da, uzzu-kun yo‘llarda mashinalarning qatnovi tinmaydi. Balki keniyaliklarga o‘xshab, baliqni boshidan tozalash kerakdir?

Tasavvur qiling, Keniyadagi holat bizda sodir bo‘ldi. Karantin qoidasini buzgani uchun amaldorni ushlab olishdi. O‘sha “kattakon” nima deydi (bilasizmi): “Sen bu qoidalaringni boshqasiga aytasan, meni bilasanmi, kimman? Bilmasang bilib ol…”.

Xodimlar esa amaldorni mahkamaga olib borish u yoqda tursin, “Iya, akaxon, o‘zlarimi, uzr, bizdan o‘tdi. Bemalol dam olavering, u-bu narsa kerakmasmi, mabodo”, deb qo‘llari ko‘ksida, uzr so‘rashadi. Chunki shunday qilmasa…

«Uzr, bizdan o‘tdi»

Ishqilib, bu odatlarimizni keniyaliklar eshitmasin! Axir, biz ularni uchinchi dunyo odamlari, deb yurganimizda, ular qonunga amal qilib yashash qanday bo‘lishidan saboq berishyapti!

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: