Karantindan keyingi dunyo

Karantindan keyin, mening nazarimda, sayyoramiz aholisi deyarli bir xil kiyinadi, taomlanadi, chunki pandemiya tufayli o‘xshash turmush tarzi shakllandi. Har kuni dunyo ahlini vahimaga solayotgan tojdor virus oqibatlari haqida axborotlarni tinglaymiz, o‘qiymiz, ko‘ramiz. Barchamizning fikr-xayolimiz shu mavzu bilan band. Bu tabiiy, albatta.

Ammo, endi bu hodisaning ijobiy tomonlariga ham nazar tashlaydigan vaqt yetdi, chamamda: qarangki, koronavirus raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish uchun imkoniyat yaratdi, masofadan ishlash tizimi ommalashdi; oila a’zolari o‘rtasida mehr-muhabbat tuyg‘usi ancha mustahkamlandi; axborot makonida keskin o‘zgarish yuz bermoqda, odamlarda ma’lumotni saralay olish ko‘nikmasi shakllanyapti.

Dunyoda-chi? Globusning rangin chizmasi bir xil — qizil tusga kirgan davr g‘arb-u sharqning yashash tarziga qanday ijobiy o‘zgarish kiritishi mumkin? Masalan, epitsentr maqomidagi Italiya, AQSh, Braziliya yoki Ispaniyaning virus kamroq talofat yetkazgan mamlakatlar — Janubiy Koreya, Yaponiyadan qanday farqli jihati bor? Albatta, birlamchi sabab gigiyenik-sanitar madaniyat pasayib ketgani bilan bog‘liq. Binobarin, bu muqoyasaning bizga ko‘rinib turgan tomoni, xalos.

Aslida, g‘arbona demokratlashuv munosabatlar erkinlashuviga, “jilovning qo‘ldan chiqib ketishi”ga olib kelgani pandemiya sharoitida yaqqol ko‘rindi. Xususan, bir xil jinslilar nikohi qo‘llab-quvvatlanishi, alkogolizm, oila jamoasi yo‘qolib borishi fikrimiz dalilidir. Pandemiya ushbu munosabatlarni qayta ko‘rib chiqishga undaydi, degan umiddamiz. Zero, maishiylik qanchalik mayda tushuncha bo‘lmasin, katta kuchlarni o‘zgartirishga qodir qudratga egadir.

Sharqda-chi? Qisqa vaqt ichida yoshlar ongiga singib ulgurgan ommaviy madaniyat tushunchasiga e’tibor keskin tushib ketganini ko‘rish mumkin. Sababi, virus kabi ommaga tez tarqalgan bu g‘ayri insoniy turmush tarziga qanchalik yengil ko‘nikkan bo‘lsak, shuncha oson unutdik. Karantin davrida mamlakatlarning iqtisodiy va mafkuraviy maqsadlari ham yaqinlashdi, har bir davlatning qudrati to‘g‘risidagi axborot kaftdagidek ko‘rinib qoldi.

Bu omillar jamiyatning ajralmas qismi bo‘lgan oila zanjiriga ham ta’sir o‘tkazmay qolmaydi, albatta. Masalan, bundan buyog‘iga uzoq-yaqinimiz bilan suhbatlashishni avvalgidek quchoq ochib, uzoq salomlashuvdan emas, masofadan turib, tezgina maqsadga ko‘chish yo‘li bilan boshlash ehtimoli kuchliroq. Yana bir jihat, butun dunyo odamlari “o‘zingga ehtiyot bo‘l” tamoyiliga yana ham qattiqroq amal qilishi tayin. Kishilar zarurat yoki kuchli xohish bo‘lmasa, jamoaviy to‘planish, majlisbozlik, huda-behuda sayohat-u, ziyofatdan o‘zlarini tiya boshlashsa, ajab emas. Bu qaysidir ma’noda, xudbinlikni rivojlantirsa, ikkinchi tomondan turli an’ana va samimiy munosabatlarning qadriga yetishimizga yordam beradi.
Darvoqe, koronavirus odamlar o‘rganishi qiyin bo‘lgan yana bir odat —sog‘lom turmush tarzi va halol taomlanish tamoyiliga refleks uyg‘otishiga umid qilamiz. Masalan, Xitoyda ekzotik hayvonlardan tortib, kuchuk va mushuk go‘shti iste’moligacha taqiq qo‘yilgani ham bu borada muhim qadam bo‘ldi.

Shaxsan men, balki hammamiz, ayniqsa, pandemiya davrida to‘ylarni kamchiqim va ozchilik bilan o‘tkazish ham mumkinligini isbotlab berganiga tobora amin bo‘lyapmiz. Bu fikrlar ehtimoliyligi bilan ko‘pchilikni ajablantirar, biroq karantindan keyin barchamiz ruhan o‘zgarishimiz turgan gap. Hammasi yaxshilikka bo‘lsin!

Sadoqat SAMANDAROVA,
Respublika Ma’naviyat va
ma’rifat markazi mutaxassisi

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: