“Katta”ning aybi nega yashirilyapti?

G‘alati zamonlar keldi-da. Prezident “Davlat idoralari xalqning xizmatkori bo‘lishi kerak” desa, hurmat-izzatda yashashga o‘rganib qolgan hokimlarimiz hech egardan tushgilari kelmaydi-ya?! Sal kamchiliklar haqida yozsang, haqqingni talab qilsang, boshing malomat-u, tuhmatlarga qolishi hech gapmas.

Biz ham adashib sal “balandroq” gapirib qo‘ygandik, haligacha jabrini tortyapmiz. Aybimiz – “jurnalistlarning orqasida Prezident turibdi”, deb muammolarni tilga chiqarganimiz.
Xullasi kalom, hammasi Shofirkonlik fermerlar klasterga tariq sotishga majburlanyapti sarlavhali maqoladan keyin boshlandi. Tashvishlar, yugur-yugurlar va takliflarning ibtidosi shu maqola.
Maqolada Shofirkon tumani hokimi Shukrullo Hakimovning “Salim bobo garden” fermer xo‘jaligi ish yurituvchisi H.Salomovni haqorat qilgani hamda karantin qoidalarini jiddiy ravishda buzib majlis chaqirgani haqida so‘z borgan edi.

Katta”ning ustidan katta tekshiruv

Shofirkonliklar Sh.Hakimovni “katta” deb chaqirishadi. Aytishlaricha, maqoladan keyin “katta”ning ustidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan. Tekshiruvga viloyat Xalq qabulxonasi va viloyat prokuraturasi “bosh-qosh” bo‘lgan. O‘rganish natijalari esa kutganimizdek, Sh.Hakimov aybsiz deb topildi.

Birovni haqorat qilgan odam aybsiz bo‘lishi mumkin ekan-da, deyabsizmi? Mumkin ekan! Ammo biz ham ortga tisarilishni o‘zimizga ep ko‘rmadik. Shu bois “aybsizligi” isbotlangan Sh.Hakimovni aybli deb topish va jazoga tortishni so‘rab, tuman prokuroriga ketma-ket ikki marta ariza yozdik. Xatimizda “katta”ning “Salim bobo Garden” fermer xo‘jaligi ish yurituvchisi H.Salomovni haqorat qilgani hamda karantin qoidalarini qasddan buzgani uchun javobgarlikka tortishni so‘radik. Bor-yo‘q aybimiz shu.

Это изображение имеет пустой атрибут alt; его имя файла - 222.jpg

Dasturxoni bitta akalar

Bundan bir-ikki yillar avval hokimlar fermerni haqorat qilsa ham, o‘qituvchi yoki mahalla raisini obro‘sizlantirsa ham, bitta kechirim bilan qutilib ketish “an’ana”si shakllangan edi. Ammo so‘nggi paytlarda “katta”lar ham haqorat qilgani uchun javobgarlikka tortilayotganini eshityapmiz. Masalan, Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullayev, Mingbuloq tuman hokimi Nurshod Xudoyberdiyev ta’lim muassasasi hamda fermer xo‘jaliklari rahbarlarini haqorat qilgani uchun javobgarlikka tortilganidan xabarimiz bor. Ammo haqorat uchun javobgarlik nima uchundir Shofirkon tuman hokimiga kelganda ishlamay qolmoqda.

Darvoqe, 21 sentyabrda tuman hokimligi majlislar zalida o‘rnatilgan videoregistator ham “ishlamay qolgan”. Videokamera faqat viloyat va respublika miqyosidagi selektorda ishlatilarmish. Prokuraturaning iddaosicha, o‘sha kuni tuman hokimligi rahbarligida fermerlar uchun yig‘ilish o‘tkazilgan.
Ammo ikkinchi xatimizga javob yo‘llagan tuman prokurori J.Tangriyev 21 sentyabr kuni Prezident Administratsiyasi rahbarligida videoselektor yig‘ilishi bo‘lganini ma’lum qilgan. Agar prokuraturaning “videoregistrator viloyat va respublika miqyosidagi majlislarni yozib boradi”, degan gapiga ishonsak, demak, o‘tgan yilning 21 sentyabridagi yig‘ilish va hokimining haqorat va tahdidlarga to‘la otashin nutqi yozib olingani shubhasiz. Ammo prokuratura…

Negaligini bilasizmi? Chunki bizning “kattamiz” D.Rahmatullayev va N.Xudoyberdiyev singari “prostoy” hokimlardan emas. Boz ustiga “katta”miz har qanday balo-yu qazoni “daf” qilish yo‘lini yaxshi biladi.

Ammo “katta”mizning qo‘llari har qancha uzun bo‘lmasin, biz haqqimizni talab qilaveramiz. Zero, qonunchiligimizda “shaxsning qadr-qimmati va ishchanlik obro‘yini to‘kkanlik uchun javobgarlik”, degan qoida hali ham amalda bo‘lsa?!

Hasan SALOMOV,
“Salim bobo garden”
fermer xo‘jaligi rahbari

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: