Kelajakka tahdid yoxud nega bulbul qolib qarg‘a sayrayotgani haqida

Har bir xalqning o‘z ruhi, ma’naviyati, yashash tarzi va azaliy a’nanalari bilan sug‘orilgan qo‘shiqchilik san’ati bo‘lganidek, o‘zbek xalq qo‘shiqchilik san’atining ham ildizlari juda teran. Asrlar osha og‘izdan-og‘izga o‘tib, bizgacha yetib kelgan ota-bobolarimiz, momolarimiz aytgan alyorlarning har bir satrida o‘lmas tariximiz, bebaho ma’naviyatimiz, milliy qadriyatlarimiz va go‘zal an’analarimiz mujassam.

Inchunin, Shashmaqom, Buzruk, Rost, Dugoh, Segox, Bayot, Iroq kabi mumtoz qo‘shiqlar jahonning manaman degan qo‘shiqchilik san’atini lol qoldirgani, undan bahramand bo‘lgan har bir insonning qalbidan chuqur joy olgani rost. Ularning har birida inson qayg‘u iztiroblari, quvonchu shodliklari o‘ziga xos beqiyos joziba bilan tarannum etiladi. Qo‘shiqlarning so‘zi, ohangi, tili, dini, millatidan qat’iy nazar, har bir kishiga ruhiy quvvat beradi, qalblarni g‘ubordan tozalab, ezgulikka undaydi. Milliy kuy-qo‘shiqlarimizning o‘ziga xos xislatlari, kuch-qudrati ham mana shunda-da.

Qay bir zamonda bulbul bilan qarg‘a kimning ovozi odamlarga ko‘proq yoqishi haqida uzoq tortishib, oxiri bir to‘xtamga kelishibdi.

Kelishuvlariga ko‘ra, qirq kun bulbul xonish qilibdi. Uning navosidan kuch-quvvat, rohat olgan odamlarning ishlariga baraka, turmushlariga fayz kiribdi. O‘zaro nizo, urush-to‘polonlar ham o‘z-o‘zidan barham topibdi. Oradan qirq kun o‘tgach, navbat qarg‘aga kelibdi. Birinchi kun bulbul o‘rnida qarg‘a qag‘illashini eshitgan odamlar “Nega bulbul qolib qarg‘a sayrayapti” deb ajablanishibdi. Ikkinchi kuni “Yana shu qarg‘aning kuyini eshitamizmi” deb xafa bo‘lishibdi. Uchinchi kuni esa qarg‘aning yoqimsiz sassiga ko‘nikishibdi. O‘n kunlardan keyin esa “Bugun qarg‘a kuylarmikin” deb kutadigan bo‘lishibdi.

Qissadan hissa shuki, bugungi kunda tobora quloqlarimiz ko‘nikib, yoshlarimiz ongini egallab borayotgan qo‘shiqlarning hammasi ham milliy ruhiyatimizga mos, tarbiyaviy ahamiyatga ega deb bo‘lmaydi.

Ayrim san’atkorlar tomonidan san’atni sanoatga aylantirish, ma’nosiz, g‘aliz jumlalardan iborat so‘zlarni qo‘shiq deb kuylash, ayol xonandalarning sahnada yarim yalang‘och kiyimlari va hashamdor qasrlarini teleekran orqali ko‘z-ko‘zlashlari-yu, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan dahanaki janglari o‘sib kelayotgan yosh avlodning ma’naviy tarbiyasi, kelajagiga ochiq tahdid solishi bilan har birimizni hushyorlikka chorlashi kerak.

Ma’no va mohiyati tushunarsiz yengil-elpi so‘zlardan iborat qo‘shiq atalmish xonishlarning urchib borayotganligi, o‘zbekona axloq-odob qoidalariga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydigan kliplar, ayrim taniqli xonandalarning teleekranlarda turli tillardagi so‘zlarni qorishtirib gapirishi ona tilimizga, ko‘p ming sonli muxlislarga, millatimiz va milliy-axloqiy qadriyatlarimizga behurmatlik emasmi?

Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim xonandalar tomonidan bir-birlari sha’niga qarata otilayotgan toshlar va o‘zlarini reklama qilish maqsadida gapirayotgan almoyi-aljoyi so‘zlari eshitgan har bir odamda uning ruhiy sog‘lom shaxs ekanligiga shubha uyg‘otadi.

Yaxshi qo‘shiq jon ozig‘i bo‘lgani kabi, saviyasiz qo‘shiq ma’naviyat kushandasi, deyish mumkin. Hammamizga yaxshi ma’lumki, ayniqsa, yoshlarimiz san’atkorlarni o‘zlari uchun kumir deb biladi. O‘g‘il-qizlarimiz ularning kiyinishi, gap-so‘zlari, yashash tarzidan o‘rnak olishadi, taqlid qilishadi. Shuning uchun ham, sahnaga, xalq oldiga chiqqan har bir odam o‘z og‘zidan chiqayotgan har bir so‘z mas’uliyatini unutishga haqqi yo‘q.

Uzoqqa bormaylik, bugungi kunda ham Oxunjonning shirali ovozi, Muhriddinning dardli xonishi, Nuriddinning sehrli sozini eshitgan har bir yurtdoshimizning yuragi bir hapriqmay qo‘ymaydi. Bu sevimli xonandalarimiz elu-yurt muhabbati va hurmatiga faqatgina bulbul yanglig‘ ovozlari bilangina emas, so‘z mas’uliyati, qo‘shiqlaridagi ma’naviy did va nafosat, xalq va muxlislarga bo‘lgan hurmat va ehtiromi sababli sazovor bo‘lishgani shubhasiz.

Kishiga orom berish tugul, tish og‘rig‘idek g‘ashga tegadigan “baqir-chaqir”larni qo‘shiq” deya ko‘nikishning oqibati yoshlarimizni didsiz, ma’naviy qashshoq kimsaga aylantirishi haqida ko‘p bora bong urilsa-da, tegishli vazirlik va tashkilotlar tomonidan biror-bir amaliy chora-tadbir ko‘rilmadi.

Yana bir gap! Yurtimiz teledasturlarining to‘ridan tushmaydigan ayrim qo‘shiqchilar o‘z ona tillari — o‘zbek tilini yot til bilan qorishtirib gapirishni, ona tilini bilmaslikni o‘zlaricha zamonaviylik yoxud madaniyat belgisi deb, faxr bilan ta’kidlashi kishini ajablantiradi. Ularning yarim-yuluq o‘zbekcha, ruscha aralash masxaramuz muloqotlari juda kulgili va achinarli ko‘rinishini bilib qo‘ysa o‘zlari uchun foydadan xoli bo‘lmaydi.

Xulosa o‘rnida, sevimli shoirimiz Iqbol Mirzoning ibratomuz fikrini keltirishni joiz topdik. “Shoirlarda bir gap bor. Siz she’r yozingu shuni onangizga o‘qib bering, otangizga o‘qib bering, shunga uyalmasangiz keyin jamoat oldida o‘qing”. Milliy o‘zligini yo‘qotgan san’atkorlarga qarata aytgim keladi: faqat qofiyadosh, sayoz, ma’ni-ma’nosiz, yalang‘och so‘zlardan iborat qo‘shiqlarni qanday qilib xalq oldiga olib chiqayapsiz?

Axir siz millatning yulduzi, iftixori bo‘lmoqchisiz-ku!

Farida QORAQULOVA,
jurnalist

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: