Kengashganga keng dunyo

Oliy majlis senati raisi Tanzila Norboyevaga ochiq xat

Hurmatli Tanzila Kamolovna!

Mening yoshim 85 da. Yaratganga shukurki, hali ham kitob, gazeta-jurnallarni ko‘zoynaksiz o‘qib, avtomobilimni o‘zim boshqaraman. Mehnat faoliyatim ham samarali kechdi. O‘ttiz yil mobaynida mahalliy sanitariya-epidemiologiya stantsiyasida oddiy shifokorlikdan to bosh shifokorgacha bo‘lgan lavozimlarda ishladim. So‘ng­ra Bektemir shahri ijroiya qo‘mitasi raisi, “O‘zqishloqxo‘jalikkimyo” birlashmasi raisi va To‘ytepa shahri hokimi vazifalarini bajardim. 2005 yildan e’tiboran sobiq To‘ytepa, hozirgi Nurafshon shahridagi Muqimiy nomidagi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi sifatida faoliyat yuritib kelmoqdaman.Binobarin, o‘z tajribalarimdan kelib chiqib, ba’zi fikrlarimni Siz bilan o‘rtoqlashmoqchiman.Prezidentimiz o‘z chiqishlaridan birida barcha mas’uliyatni zimmasiga olib, “Mamlakatda kambag‘allar bor, qachongacha bir-birimizni al­dab yuramiz, axir, bu kamchilik­lar ham qachondir o‘z yechimini topishi kerak-ku!” deganidan so‘ng barcha haqiqat yuzaga qalqib chiqdi. Ha, davlatimiz rahbari bu boradagi haqiqiy ahvolni yashiring,  ko‘rsatmang, aytmang, demadi. Aksincha, mavjud muammolarni ro‘y-rost tan olib, o‘sha yolg‘on va dardli pardani ochib  tashladi. Agar bu achchiq haqiqat 1991 yildayoq e’tirof  etilganida, xalqimizni hali-hanuz qattiq tashvishlantirayotgan qan­chadan-qancha muammolar alla­qachon­lar ijobiy yechimini top­gan bo‘lardi.

Xo‘sh, ushbu masalalarni kelgusida tezroq hal etishning yo‘li va imkoni bormi?

Bu savolning javobi ko‘pchilikni qiziqtirishi tabiiy. Qolaversa, oxirgi vaqtlarda aynan shu mavzuga bag‘ishlangan ko‘plab muhokamalar o‘tkazilmoqda. Masalan, joriy yilning 23 iyun kuni Sizning rahbarligingizda Toshkent viloyatida tashkil etilgan yig‘ilishda tuman, shahar hokimlari va sektor rahbarlarining koronavirus pandemiyasi davrida kambag‘al oilalarni nochor ahvoldan chiqarish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risidagi axborotlari tinglandi. Mutasaddilar bilan savol-javoblar bo‘ldi. Pirovardida zarur chora-tadbirlar  belgilab olindi.Men o‘sha majlisdan ke­yin bu muammolar to‘g‘risida ko‘p o‘yladim. So‘ngra umrim bo‘yi  ko‘rgan-kechirganlarimni birma-bir xayolimdan o‘tkazib, o‘tmish bilan hozirgi kunimizni o‘zaro qiyoslab, muqim xulosalar chiqarishga urindim.

Yakkahokimlik hukm surgan joyda…

Rahmatli ota-onamdan Oktyabr to‘ntarishidan oldingi hokimlarning aholiga o‘tkazgan zulmlari va tazyiqlari to‘g‘risida ko‘p eshitgandim. Buni qarangki, oxirgi salkam 30 yildan  buyon xalqimiz yana hokimlar bilan birga ishlamoqda. Mana, o‘zimning faoliyatimdan bir misol. Boya  aytganimdek, men 1976-1980 yillarda Bektemir shahri ijroqo‘mi rai­si vazifasida ishlayotgan kezlarimda saylangan deputatlar va ijroqo‘m a’zolari xalqqa shu qadar yaqin ediki, buni aholi har jabhada va har damda sezib turardi. Ijroqo‘m yig‘ilishlarida deputatlar va doimiy komissiyalar a’zolari amalga oshirilgan va oshirilajak ishlarni chuqur tahlil qilib borishardi. Har chorakda gaz, elektr energiyasi, ichimlik suv ta’minoti, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ichki ishlar tizimlari va boshqa mas’ul tashkilot-korxonalar faoliya­ti deputatlardan iborat komissiyalar tomonidan monitoring qilinib, doimiy ravishda sessiyalarga olib chiqilardi. Shak-shubhasiz, qoniqarsiz ishlarga sessiyalarda xolisona baho berilardi.Men bu gapni o‘tmishni qo‘msab aytayotganim yo‘q, faqat o‘sha paytlardagi  deputatlar ancha faol bo‘lishganini  eslatmoqchiman. Hozirgilari-chi?.. So‘nggi o‘n yil ichida muqaddam xalq deputatlari O‘rta Chirchiq tumani, hozir  Nurafshon shahar kengashi deputati sifatida bor gapni ochiq-oshkora aytaman: biz sessiya bo‘lishini uch soat oldin yoki avvalgi kun kechqurun eshitib qolamiz. Hayronman, axir sessiya kun tartibi oldindan belgilanib, ertaroq xabar qilinmaydimi? Unda muhokamaga qo‘yiladigan masalalar deputatlik komissiyalarida ko‘rib chiqilib, sessiyaga har bir deputat tayyorgarlik ko‘rgan holda kelmaydimi?Afsuski, yo‘q! Mahalliy kengash deputatlari statist sifatida yuqoridagilar lozim topgan farmoyish va qarorlarni ijro uchun qabul qilish bilan cheklanishadi, nazarimda. Hokimlar (bir vaqtning o‘zida ijro organi rahbarlari) kengash raisi hisoblanadi. Nurafshon shahridagi ayrim tashkilotlar rahbarlari esa deputat. Aniqki, ular deputat sifatida hokimga biror-bir fikr bildirishdan oldin o‘z mansabini o‘ylaydilar.Bu mening shaxsiy fikrim, xulosani esa o‘zingiz chiqarib olaverasiz, degan umiddaman.

“Kimo‘zar”ga berilgan va’dalar

Yuqoridagi da’volarim dav­lat byudjeti, yanada soddaroq qilib aytganda, xalq rizqi hisobidan oylik olib, xalq ichiga kira olmagan, uning dardini yaxshi bilmagan va teran his etmagan beshta siyosiy partiyaga ham taalluqli. Ulardan qay birining qaysi a’zosi: “Men xalq nomidan gapirayapman”, deb achchiq haqiqatni baralla ayta olayapti? So‘nggi saylovlardan buyon oradan salkam 9 oy o‘tdi. Xo‘sh, biri-biridan aslo qolishmay “kimo‘zar”ga va’dalar bergan, rang-barang saylovoldi das­turlari bilan bearmon maqtanib, ko‘kragiga urgan partiyalar shu vaqt oralig‘ida qanday ishlarni qoyillatib qo‘ydi? Bunisini bilmadim, faqat bosh­qa bir aniq dalilni keltira olaman. Yaqinda “Yuksalish” umummilliy harakati xuddi shu partiyalar ortda qolgan oylar mobaynida qaysi ishlarni amalga oshirganini-yu, qaysi va’dalari o‘lda-jo‘lda qolib ketganini tahlil qildi. Ajabki, ularning bajarilganidan bajarilmagani ko‘proq ekan. Nima, 9 oy kam muddatmi? Xalq, saylovchilar va’dalar amalda ro‘yobga chiqishini yana qancha kutishlari kerak?.. Vijdoni pok va el-ulus dardi bilan yashayotgan ayrim deputatlarni hisobga olmaganda, aksariyat mahalliy ken­gashlar deputatlari faqat statist vazifasini bajarmoqda. Men yakkapartiyaviylik davrida 30 yil halol mehnatim bilan xalqqa xizmat qilgandim va yana shuncha vaqtdan beri yakkahokimlik sharoitida ishlab kelmoqdaman. Modomiki, shunday ekan, bir masalani o‘rtaga ko‘ndalang qo‘ymoqchiman: yakkapartiyaviylik qanday xotima topganini yaxshi bilamiz, endi undan tegishli xulosa chiqarib olib, yakkahokimlikning kelajak qismatini o‘ylash fursati yetmadimikin? Yana bir gap. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016 yilgi saylovoldi dasturida “Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari” kontseptsiya­sini amalga oshirish  ustuvor vazifa etib belgilangandi. Kuchli fuqarolik jamiyatining negizi esa bizdan boshqa hech bir  mamlakatda yo‘q noyob mahalla tizimidir.  Shu bois uni takomillashtirish to‘g‘risida qator qarorlar chiqdi, endi ularning ijrosini tahlil qiladigan fursat keldi, chamamda.

Ishsizlikni bartaraf etish omillari

Biz “Mustaqil bo‘ldik”, “Hozir o‘tish davridamiz”, Endi yangi bosqichga qadam qo‘ydik” deya o‘zimizni ovutib, yillarga nom berib, chorak asr vaqtni o‘tkazib yuborganimizni bilmay qoldik. Ustiga-ustak, “Yangisini qurmay turib, eskisini buzmang!” shiorini dast ko‘tardigu, amalda teskarisini qildik, kerak bo‘lsa, biror narsa qurmasdan borini buzib tashladik. Bir zamonlar allakimlarning o‘zboshimchaligi tufayli Toshkentdagi chinni zavodi yer bilan yakson qilingan edi. Men bundan qattiq afsus chekib yurardim. Prezidentimizga rah­mat, dilimiz tubida yotgan armonga ham malham qo‘ydi, o‘sha korxona qayta barpo etildi. Uni bir necha bor televizor orqali ko‘rib, ko‘zimga yosh qalqdi. Yangi zavod xalqqa 87 milliard so‘mga tushdi, o‘zbek chinnisining chatnagan joyini to‘ldirdi. Yuzlab ish o‘rni yaratildi. Ammo sobiq chinni zavodi, aviatsiya zavodi, o‘nlab davlatlarga paxta terish mashinasi, qishloq xo‘jaligi texnikalarini eksport qilgan “Tashselmash” zavodi kabi yuzlab korxonalar yo‘q qilingani sababli ishsiz qolgan ming-minglab yurtdoshlarimiz Rossiya va  Qozog‘istonga, ma’lumoti borlari yanada olis yurtlarga yo‘l olishdi. Tasavvur qilayapsizmi, 1913-1915 yillarda Chor Rossiya­si mardikorchiligiga qar­­shi kurashgan xalq farzand­lari XXI asrda o‘z ixtiyorlari bilan o‘sha yurtlarga mardikorlikka otlanishdi!.. Xorijda ishlash uchun ketgan har bir yoshga mening yuragim achishadi. Axir, odamzod   tug‘ilganidan to voyaga yetguncha shu xalqning, davlatning ozmuncha sarmoyasi sarflanadimi? Chaqaloq dunyoga kelgan tug‘uruqxonalar, bolalar bog‘chalari, maktab, kollej, ins­titutu universitetlar bir maromda faoliyat yuritishi uchun davlat qanchadan-qancha mablag‘ ajratadi? Shuncha azoblaru xarajatlar bilan o‘sib-ulg‘ayib, qo‘lidan ish keladigan bo‘lganda uning tirikchilik ko‘yida chet elga ketishga majbur bo‘lishi aslida ularning emas, bizning xatomiz emasmi? U o‘zga yurt iqtisodi rivoji yo‘lida ter to‘ksa, maylimi? Qani bu yerda mantiq, qani ma’no?.. Yoki nima, biz boshqalarga mardikorlar yetkazib beruvchimizmi? To‘g‘ri, migrantlar  yurtimizga valyuta keltirayapti, deb o‘zimizga tasalli beramiz. Aslida esa ular bosh­qa mamlakatlarda mingini yaratib, birini olib kelayotganini o‘ylab ham ko‘rmaymiz. Menimcha, qandayligidan qat’i nazar, hamyurtlarimiz birovlar hammoliga aylanib qolmasliklari kerak? Buning uchun, avvalo, zamonaviy korxonalar qurishimiz, yangi va muqim ish o‘rinlari yaratishimiz lozim. Ikkinchidan, yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashimiz, bu borada maktablar mavqeini  yuksaltirishimiz zarur. O‘z navbatida, bu bilim maskanlari hamisha hokimlik, deputatlar, mahalla-ko‘y, ota-onalar va ommaviy axborot vositalari diqqat markazida bo‘lishi shart. Negaki, maktab bizga begona yopiq qo‘rg‘on emas, zurriyotlarimiz o‘qiydigan dargoh. Qolaversa, ular uchun kerakli mabg‘ag‘ davlat tomonidan, aynan ota-onalardan undirilgan soliqlar hisobidan ajratiladi. Demak, biz bolalarimiz qanday bilim olayotganini har kun-har on  kuzatishga, ta’lim sifati qay darajadaligini bilib turishga haqlimiz. Hurmatli Tanzila Kamolovna! Bu gaplarimni hayot mashaqqatlarini boshidan ko‘p va xo‘p kechirgan, 85 yoshida ham ozmi-ko‘pmi, el-yurtga foydam tegsa, deb kuyib-yonib yashayotgan otaxonning xolis fikrlari deb biling.Sizga mustahkam sog‘liq, uzoq umr, xalq baxt-saodat yo‘li­da amalga  oshirayotgan ishla­rin­giz­­ga muvaffaqiyatlar tilayman!

Jo‘ra AHMEDQULOV,
Xalq deputatlari Nurafshon shahar kengashi deputati,
Muqimiy nomidagi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: