Ko‘ngil karantini

Onam Farg‘onaning Quvasidan Andijonning Bo‘ziga kelin bo‘lib tushgan. Har gal enam onamni yo‘qlab kelsa xassalarini bellariga qo‘yib «Uzoqqa qiz berganning rangi samon yor, yor, deb xirgoyi qilib darvozamizdan kirib kelardi. Keyinchalik enam kasal bo‘lib bir joyda yotib qoldi. Tez-tez onam bilan yo‘qlab boradigan bo‘ldik. Bir marta borganimizda onam kechki payt uyga qaytishga taraddud ko‘ra boshladi. Shunda enam yig‘ladi. Jon qizim bugun qolgin diydoringga to‘yay. O‘tganimdan keyin uyimda qirq kun o‘tirmay, o‘ttiz to‘qqiz kun o‘tirasan.
Odamlar «Ozodaxon, nega qirq kun o‘tirmadingiz
», deyishsa, onam iltimos qilganida bir kun yonida qolgan edim, deb aytasan», degan edi. Bu so‘z bola qalbimga muxrlanib qolgan.


2006 yil, qishda katta qor yog‘di. O‘sha qishda onam falaj bo‘lib qoldi. Dovon yopilgan. Bir xafta yo‘l ochilmadi. Toshkentdan Andijonga qaytgunimcha bir xaftada o‘tib ketdi. Borsam onam kasalxonaning jonlantirish bo‘limida ekan. Meni qo‘yishmadi. Eshikning oldidan ketmay yig‘lab o‘tiraverdim. Oxiri keksa duxtirni raxmi keldi. «Mayli, tez kirib chiq», dedi. Onamga qarab turuvchi hamshira meni imladi. Yaqin borsam Onangiz tinmay bir nimalarni pichirlaydi», dedi.
Sekin egilib quloq soldim. Insultdan tillari qorayib ketgan onam bir she’rimni yodlab olgan ekan.Shuni aytib yotibdi. She’rdan xafsalam sovib yurgan paytlarim edi. Kim nima desa, deyaversin, men onam uchun katta shoir ekanligimni xis qildim. Yana yoza boshladim.


Shahardan qaytsam onam meni, aravaga solib ko‘chaga olib chiq, deydi. Ko‘chada hammaga maqtanadi, shoir bolam keldi, deydi. Do‘konning yoniga borganimizda menga marojna olib bergin, bolam, deydi. Opalaring bilmasin. Shu yerda yeb olaman, deydi. Shoshib-shoshib muzdek marojnani tishlab, tishlab yeydi. Nima qilay, bolam, ichim kuyadi, deydi. Bolaga aylanib qolgan onamning
Aravasi oldida tiz cho‘kib yig‘layman.
Bildirmasdan yig‘layman.


Ko‘chaga chiqmasam ham dunyo to‘xtab qolgani yo‘q. Osmon qulab tushmadiku onajon…
Sizni sog‘intirishdan boshqa nimaga erishdim, onajon. Aslida, virus mening tosh ko‘nglimga tushib ulgurmadimikan, onajon…

Muhammadsiddiq Rahmatov

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: