Konstitutsiyaga kimlar, qancha o‘zgartirish kiritgan?

Bugun konstitutsiya bayrami bahonasida mavzuga oid qiziqarli ma’lumotlar bilan tanishishni istaysizmi? Bu ajoyib-u g‘aroyib faktlar har kimga har xil kayfiyat bag‘ishlashi aniq. Bahs-mulohazaga kirishishni istaganlarni esa muhokamaga chorlaymiz!

Umriboqiy prezidentlar

Siyosatshunos Rassel Fittsgibbon 1940 yildayoq davlatni uzoq boshqarish uchun qonunlarni o‘zgartirishni “continuismo” deb atashni taklif qilgan. Bugun bu “siyosiy kasallik” butun dunyo bo‘ylab keng tarqalgan bo‘lib, 1945 yildan 2017 yilgacha demokratik va avtoritar davlatlarda 94 nafar prezident konstitutsiyani cheklab o‘tib vakolatlarini uzaytirishga erishgan.

2018 yilda Xitoy xalq respublikasi raisi Si Szinpin hukumatni boshqarish uchun cheklovlardan qutuldi. Endi u mamlakatni xohlaganicha boshqarishi mumkin. 2019 yilda esa Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisiy parlament orqali prezidentlik vakolatlarini uzaytirib oldi.

Misr Parlamenti prezidentlik vakolatlarini 4 yildan 6 yilga uzaytirgan va natijada Sisi 2024 yildagi saylovda ham qatnashish imkoniga ega bo‘lgani ko‘pchilikka ma’lum. U shu tariqa 2030 yilgacha mamlakatni boshqarishi mumkin.

“Bobomning bahonasi”

Hukumatda bir umr qolishni xohlaydigan rahbarlarning barchasi qari erkaklar bo‘lgani uchun shunday atama paydo bo‘lgan. Rossiyada bu atamaning boshqacha varianti bor: “Tereshkova tuzatuvi”. Chunki Putinning muddatlarini nollashtirishni aynan deputat Valentina Tereshkova taklif qilgandi. Siyosatchi Aleksandr Baturo Dmitriy Medvedevning prezidentlikka kelishini ham “kontinuizm” sirasiga kiritgan.

Dmitriy Anatolevich 2008-2012-yillarda bir muddat Rossiya prezidenti bo‘lgan. Aynan uning davrida prezidentlik muddati 4 yildan 6 yilga uzaytirilgan. Agar mana shu mantiqdan kelib chiqsak, Putin “kontinuizm san’ati”ga uchinchi marta murojaat qildi.

Antik dunyoda ham…

Buni qarangki, hatto antik davrlarda ham davlat rahbarlari belgilangan muddatdan ortiq ishlashiga yo‘l qo‘yilmagan. Yuqori lavozimdagi odamlar odatda har yilda almashtirilgan. O‘shanda odamlar davlatning shaxsga bog‘lanishi halokatga olib kelishini tushunishgan. Ammo keyinchalik monarxiya paydo bo‘lishi davlatchilikning juda xunuk ko‘rinishlari paydo bo‘lishiga olib keldi. XVIII asrdagi Frantsiya va Amerika inqiloblarida davlat rahbarlarining muddati qat’iy belgilanishi asosiy da’volardan biri bo‘lgan.

37 yillik boshqaruv keltirgan halokat

Zimbabvening marhum prezidenti Robert Mugabeniga qayta-qayta saylovlarda o‘z nomzodini ko‘rsatishi uchun hech nima xalaqit bermagan, chunki uning o‘zi boshchiligida 1980 yillarda qabul qilingan konstitutsiyada hech qanday cheklov bo‘lmagan. U Zimbabveni 37 yil davomida boshqarib, mamlakatni iqtisodiy halokat yoqasiga keltirib qo‘ygan.

Bu borada Venesuelaning uzoq yillik prezidenti Ugo Chaves ham boshqalardan qolishmaydi. Dunyodagi eng katta neft zahirasiga ega mamlakatning qashshoq va yashash uchun xavfli davlatlar qatoriga kirib qolishiga sababchilardan biri bo‘lgan Chaves o‘z vakolatlarini oshirish uchun konstitutsiyani uch marta o‘zgartirgan va har safar odamlar (rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra) uni qo‘llashgan.

1999 yilda Chaves davlat rahbarligiga kelgach, venesuelaliklar yangi konstitutsiya uchun ovoz berishadi. Yangi o‘zgarishlarga ko‘ra, prezidentning vakolatlari keskin oshirilgandi. Konstitutsiyaga kiritilajak o‘zgarishlar paketida moddiy yordam va ijtimoiy himoya haqida ham bandlar bor edi.

2007 yilda o‘tkazilgan referendumda esa u prezidentlik vakolatlarini 6 yildan 7 yilga uzaytirishni, shuningdek, mamlakat Markaziy banki va gubernatorlar to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘ziga bo‘ysunishiga erishmoqchi bo‘ladi. Ammo saylovchilarning 51 foizi buni rad etib, Chaves kutgan natija bo‘lmaydi.

2009 yilda Chaves baribir maqsadiga yetishadi. U bu gal aqlli yo‘l tutadi va barcha saylanadigan lavozimlar uchun ikki martalik cheklovni olib tashlashni taklif qiladi. Bu safar saylovchilarning 54 foizi taklifni qo‘llaydi va u qabul qilinadi. Biroq Ugo Chaves bu o‘zgarishdan to‘liq foydalana olmaydi. 2012 yilda qayta saylangan diktator 2013 yilda saratondan vafot etadi.

MDH davlatlarda-chi?

MDH davlatlarida ham vakolatni oshirish uchun konstitutsiyani cheklab o‘tish san’at darajasiga ko‘tarilgan. Masalan, hozirda rahbar bo‘lib kelayotgan Aleksandr Lukashenko, Qozog‘istonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyev, Tojikiston “millat peshvosi” Imomali Rahmon konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgarishlar bilan vakolatlarini uzaytirib olishgan.

Tojikistonda hattoki prezidentlikka nomzod bo‘lish yoshi referendum orqali 35 yoshdan 30 yoshga tushirilgan. Bu nima uchun qilingani tushunarli. Imomali Rahmonning to‘ng‘ich o‘g‘li Rustam Imomali 2020 yilgi prezidentlik saylovlarida o‘z nomzodini ko‘rsata olishi uchun edi. U 1987 yilda tug‘ilgan va 2020 yilda 35 yillik cheklov unga xalaqit berishi mumkin edi. Shu sabab har ehtimolga qarshi nomzod kamida 30 yosh bo‘lishi kerakligi qayd etib qo‘yildi.

Xullas, Konstitutsiyaga hurmat turli mamlakatlarda turlicha. Ammo undagi qoida va moddalar o‘z qadrini topganidagina Bosh Qomus nomiga yarasha bo‘la oladi.

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: