Yangi agentlik korruptsiyani yo‘qota oladimi?

Axborot texnologiyalari rivojlangan bugungi davrda ijtimoiy tarmoqlarda turli masalalarda faol muhokamalarga guvoh bo‘lamiz. Xususan, korruptsiya holatlariga nisbatan ochiq va keskin fikrlar bildiriladi. Lekin shundan biron foyda bo‘layaptimi? Rosti, ba’zan bu «tosh»lar havoga otilayotganday bo‘lib tuyuladi.

Dunyo tajribasida bu borada jamoatchilik ishtiroki muhim o‘rin tutishi barchaga ma’lum. Faqat gap shundaki, holva degan bilan og‘iz chuchimaydi, deganlaridek, oddiy odamlarning, xalqning fikri davlat idoralarida mustahkam o‘rnashgan bir gala o‘g‘riyu talon-torojchilarga zarba bera oladimi, u bilan birov hisoblashadimi o‘zi? Uni ta’sirchan kuchga aylantirish uchun nimalar qilish kerak va shunda qanday natijaga erishiladi? Umuman olganda, ta’sirchan jamoatchilik nazorati korruptsiyaga qarshi kurashishda qay darajada muhim?

Davlat idoralarida mustahkam o‘rnashgan bir gala o‘g‘riyu talon-torojchilarga zarba beriladimi?

Barcha holatlar ommaga oshkor qilinadi

— Kutilayotgan eng katta o‘zgarishlardan biri agentligimiz jamoatchilik bilan ish olib boradi, — deydi Korruptsiyaga qarshi kurash agentligi direktori Akmal Burhonov. — Fuqarolar bilan aloqa o‘rnatish imkonini beruvchi platforma ishga tushiriladi. Korruptsiya bilan bog‘liq qanday holatlar bo‘lsa, bizga murojaat qilishlari mumkin, biz tezkor choralarni ko‘ramiz. Ya’ni faoliyatimiz faqatgina jinoiy ta’qib bilan shug‘ullanishdan iborat emas. Maqsadimiz – katta bo‘ladimi, kichikmi, har qanday darajadagi korruptsiyani aniqlash. Daromadlarni deklaratsiyalash, hokimlarning xatti-harakatlari, davlat xaridlari bo‘yicha nazorat yuritiladi.

Afsuski, hozirgacha davlat byudjetidan pul o‘zlashtirish holatlari hatto korruptsiya deyilmagan.Oxirgi olti oy-bir yilda katta masshtabdagi davlat xaridlari yoki davlat tomonidan moliyalashtirilgan ob’yektlar bo‘yicha holatlarni ko‘rdik. Bu ishlar jamoatchilikka oshkor qilinishi kerak. Eng kichik ishlargina OAV orqali ko‘rsatilib, katta jinoyatlar ko‘rsatilmagan. Biz jinoyatni katta-kichikligidan qat’i nazar protsessual tartib-qoidalarga amal qilgan holda ommaga oshkor qilinishini ta’minlaymiz.

Hozirgacha davlat byudjetidan pul o‘zlashtirish holatlari hatto korruptsiya deyilmagan.

NNTlar rasmiyatchilikdan ortmayapti

Ma’lumki, jamoatchilik nazorati haqida gap ketganda, mamlakatimizdagi nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari chiroyli so‘zlarni qalashtirib, o‘zlarini bu borada faol qilib ko‘rsatishga urinishadi. Aslida hukumat topshiriqlarini «labbay» deb bajarishga odatlangan mazkur tuzilmalar chindanam jamoatchilik fikrini ifoda etishyaptimi? Afsuski, bu savolga «ha» deb javob berolmaymiz. Bugungi kunda yurtimizda faoliyat yuritayotgan 10 mingdan ziyod nodavlat notijorat tashkilotlarining o‘rni va faolligi sezilmayapti. Chunki bu tashkilotlar manfaatlarini ifoda etuvchi, davlat bilan ko‘prik vazifasini bajaruvchi yaxlit tizim yo‘q.

Hozirda jamoatchilik bilan ishlash tizimi joylarda va sohalarda xalqimizni qiynayotgan masalalarni davlat miqyosiga olib chiqib, hal qilishda natija ko‘rsata olmayapti. Ko‘p nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati rasmiyatchilikdan iborat bo‘lib qolmoqda. Demak, bu bo‘shliqni bartaraf etish xususida chuqurroq o‘ylab ko‘rishga to‘g‘ri keladi.

Ko‘p NNTlar faoliyati rasmiyatchilikdan iborat bo‘lib qolmoqda.

Ko‘rinib turibdiki, korruptsiyaga qarshi kurashda davlat o‘z holicha, jamoatchilik vakillari o‘z holicha harakat qilib kutilgan natijaga erishishi mushkul. Buning uchun, eng avvalo, mamlakat rahbariyatining mazkur masalada qat’iy irodasi talab etiladi. Sohada qo‘yilayotgan qadamlar esa jiddiy o‘zgarishlarga umid uyg‘otyapti. Shunday bo‘lganda, jamoatchilik nazorati korruptsiyani yengishda ta’sirchan va hal qiluvchi kuchga aylanishiga shubha yo‘q.

To‘lqin Shernayev

Fikr bildirish