Masxara qilmang, yordam bering

Ertaklarda jinoyat yoki yomon ish ustida qo‘lga tushganlarni eshakka teskari o‘tqazib, ko‘chalarni aylantirib, sazoyi qilishgani haqida o‘qiganmiz. O‘sha jinoyatchini bir qishloq yoki bir ikki ko‘cha ahli erinmasa ko‘chaga chiqib tomosha qilgan. Yosh-yalanglar ularga tosh ham otishgan. Bugungi sazoyilar boshqacha, ijtimoiy tarmoqlarga olib chiqiladi. Nima emish, Xorazmda bir kafeda ishlaydigan qizlar yarim yalang‘och holda sumalak kovlashibdi. Uni kimdir videoga olganu tarqatgan. Ana sazoyining kattasi. Istasa, bir qishloq emas, butun dunyo ko‘radi. Aslida bu qizlar tunggi klub raqqosalari ekan. Ular shu libosda raqsga tusharkan (Shu joyida yig‘lagim kelyapti). Demak, ularning xizmatiga talab bor. Shuning uchun yemakxona ularni ishga yollagan. Ayolning ko‘ylagi yomonga yirtilmasin, derdi buvim rahmatli. O‘qishga borsang, sochingni kesma, yengi kalta kiyim kiyma, qoshingni terma, deb tayinlardi. Bugun bu naqlning ma’nosini uqqandayman. Bir marta sen haqingda yomon gap chiqdimi, o‘sha ahvolingda eslanasan, deyilyapti.

Xullas, o‘sha qizlarning surati rosa tarmoqlarda “aylandi”. Hamma o‘z nafratini bayon qildi. Hatto ichki ishlarga olib borilib, jarimaga tortildi. Men ularni oqlamayman, yoqlamayman. Lekin tungi klub egasichi? O‘sha klubning mijozlarichi? O‘sha libosda raqs tushsa mayli, qozonga yaqinlashsa, yomonmi? Ularning uzr so‘rab chiqqanlariyam sazoyi qilindi. Bunaqalar bitta uzr bilan qutuladi, deb. Xo‘sh, o‘sha ayollar axloqsiz ekan, ularni sazoyi qilish o‘rniga tuzatish masalasida bosh qotiraylik. Televizorda ashaddiy jinoyatchilar, qotillar yuzlari bekitilib, hech kim tanimaydigan qilib ko‘rsatiladi. Nega noqulay vaziyatga tushib qolgan ayollarni shunday ko‘rsatmaydilar? To‘g‘ri, ular o‘zlari yalang holda sahnaga chiqar ekan. Ularning rasmini bayroq qilib yugurganlar, gunohingiz ular bilan bir bo‘lib qolmadimi? O‘sha ayollarni to‘g‘ri yo‘lga boshlay olamizmi? Shu harakatda fikr bildiraylik. Yo‘q, aksincha, “eshitdingmi, ko‘rdingmi, Xorazmda ayollar…”

“Yovvoyi oqqushlar” ertagi asosida olingan filmda bir irkit ayol fisq-fasod tarqatib yuradi. Men bir-birlariga o‘shanday suratlarni tashlaganlarni kinodagi o‘sha ayolga o‘xshataman. Hatto bir erkak feysbuk tarmog‘ida “Afsuski, sumalak kovlagan ayollarning biri qo‘shnim bo‘ladi”, deb yozdi. Muqaddas dinimizda qo‘shnining haqi degan gap bor. Qo‘shning aybi – sening aybing. Qo‘lingdan kelsa, yordam ber, ahl bo‘l, bo‘lmasa sharmisor etma!

Hamisha xor bo‘lgan, zor bo‘lgan ayollarga rahmim keladi. U qiz bola bo‘lib dunyoga kelganida qancha orzular qilingandir, solihalardan bo‘lsin, deb tilaklar bildirilgandir. Bugun uning masxara bo‘lishi mening jonimni o‘rtadi. U bir oilaning bekasi bo‘lgisi kelgandir, bir erkakning erkasi bo‘lgisi kelgandir. Taqdir uni balchiqqa otgan ekan. Chiqishiga yordam beraylik, battarroq tubanliklarga bormasin deb biror taklif aytaylik. Shu o‘rinda aytib qo‘yay, fohishalar fahsh erkaklar tufayli yuzaga chiqadi. Faqat “Erkak qarqara, ayol masxara” bo‘lib qolaveradi. Bir paytlar “Farishta olov ichra” degan badiiy film bo‘lardi. Yomon ko‘rar edim o‘sha kinoni. Lekin endi o‘ylab ko‘rsam, jamiyatda bitta ayol xor-zor bo‘lishiga erkaklarning hissasi bor ekan. Asli adashgan onadan tug‘ilgan qiz yana adashdi. Qishloqdoshlar shivir-shivir gap qilishadi, xolos. Uni aldaganlar oppoq. U sharmanda, u xor-zor. Mana shunaqa.

Ayolni Alloh ulug‘lagan. Hammamiz intiladigan jannatni onaning oyog‘i ostida deydilar. Uning bir yomon ishi hammani ogoh qilmog‘i kerak. Tomosha uchun, bahs uchun mavzu bo‘lishi kerakmas. Mutlaqo shaxsiy fikrlarim bu.

Manzura ShAMS

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: