“Men hali tirikman!”

Urushdan besh o‘g‘li qaytmagan yana bir oila haqida

O‘zbekiston xalqi butun taraqqiyparvar insoniyat qatori fashizm ustidan qozonilgan buyuk G‘alabaning 75 yilligini keng nishonladi. Binobarin, o‘sha yillari yurtimizda urush daxl qilmagan biror xonadon, oila qolmagan. Farzandiga non tishlatib, uni bag‘riga qayta bosolmagan ota-onalar, aziz yorini kutib, chirog‘ini o‘chirmagan ayollar, yaqinlarini yo‘qotgan jigarbandlar, ota bag‘ri taftini his etmagan farzandlar, buvasiz o‘sgan nevaralar… bu aytishgagina oson.

Ular orasida bir necha farzandi frontdan qaytmagan ­oilalar ham ko‘p. Mashhur Zulfiya Zokirova kabi besh farzandi urushga ketib, biri ham qaytmagan yana bir oila toshkentlik Ibrohimovlardir. Bu qahramonlar nomi Toshkent shahridagi 64-umumta’lim maktabi hududida joylashgan yodgorlikka bitilgan: Anvar, Rahim, Hakim, Habib, Haydar.

Oila haqida 1995 yili chop etilgan O‘zbekiston Respublikasi xotira majmua-kitobining 294-295-betlaridagi “Aka-uka Ibrohimovlar” maqolasini o‘qirkansiz, ularning o‘z uyiga yo‘llagan xatlarida jangchining G‘alabaga ishonchini his etasiz. “…men hali tirikman va sog‘man”, degan so‘zlar, avvalo yaqinlarini xotirjam qilish uchun aytilgan. Binobarin, maktub zamirida ayovsiz janglardan keyin hayot ekanidan shukronalik, urushni yakunlab, Vatanga qaytish umidi ham ifodalangan edi. Ming afsus, ular qaytishmadi…

Muallifi ko‘rsatilmagan bu maqola e’lon qilinganiga ­25 yil bo‘ldi. Aka-uka Ibrohimovlarning yaqinlarini izlash bo‘yicha olib borilgan ishlar hali natija bermadi. Ijtimoiy tarmoqlar orqali bu haqda e’lon berilgandan keyin R. Ibrohimov dafn etilgan joy hamda uning rafiqasi haqida qo‘shimcha ma’lumot olindi. Bunda “Tashpoisk” guruhi va moldovalik qidiruv bo‘yicha mutaxassis Vasiliy Senkovskiy yordam berdi.

Umuman, Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi Markaziy arxivi ma’lumotlari asosida 2 farzand Samarqandda tug‘ilgani, otalarining ismi – Husayn, onalari – Gulbonu (Gulbanu, Guliya) Galiyevna ekanligi, onalarining yashash manzili hozirgi Mirzo Ulug‘bek tumani Oloy (o‘sha vaqtda Kuybishev rayoni, Pochtovaya) ko‘chasi, 25-uy ekanligi aniqlandi. Urushdan keyin bu ko‘chada yangi ko‘p qavatli binolar qurilgan, ko‘rsatilgan raqamli uy mavjud emasligi ma’lum bo‘ldi.

Jurnalistik surishtiruv jarayonida Ibrohimovlarning farzandlari haqida quyidagi ma’lumotlar to‘plandi:

Ibragimov Anvar — 1938 yili armiyaga chaqirilgan va Chegara qo‘shinlarida xizmat qilgan. Urush yillari ofitserlik kursini tamomlagan. 1946 yili katta leytenant A. Ibragimov chegarani qo‘riqlayotganda halok bo‘lgan. Anvar Ibragimovga oid qo‘shimcha ma’lumot aniqlanmaganligi uchun otasining ismi qayd etilmadi. Sababi, farzand­larning birida otasiga oid ma’lumot Xuseinovich, bosh­qalarida Xusainovich tarzida berilgan;

Ibragimov Raxim Xusainovich — 1909 yili tug‘ilgan, 1941 yilgacha Moskva mo‘ynachilik fabrikasining Buxoro qorako‘lchilik zavodida direktor bo‘lib ishlagan. “Hurmat belgisi” ordeni sohibi. Uylangan va Termizdan ko‘ngilli bo‘lib frontga ketgan. Qizil Bayroqli 95-gvardiyachi o‘qchi diviziyasi 290-gvardiyachi o‘qchi polki 3-o‘qchi rota komandiri, gvardiyachi leytenant unvoniga ega. 2-Ukraina frontida jang qilgan R.Ibragimov 1944 yil 15 martda Kirovograd oblasti Maryanopol qishlog‘i atrofidagi jangda ko‘rsatgan jasorati uchun “Qizil Bayroq” ordeni bilan taqdirlangan. Uning oxirgi xatida 1944 yil ­7 aprel sanasi qo‘yilgan.

Moldovaning Sherpen qishlog‘ini ozod qilishda halok bo‘lgan jangchilar ro‘yxatida 388-raqam bilan “Ibragimov Raim Xusanovich”ning vafot etgan sanasi 1944 yil 4 may, deb qayd etilgan;

Ibragimov Xakim Xusainovich — 1912 yil tug‘ilgan, 1935 yili armiyaga chaqirilgan. Undan oila oxirgi xatni 1941 yil avgustda olgan. Hujjatda yozuv bilan 1944 yilning aprel oyida bedarak yo‘qolgani qayd etilgan (TSAMO RF, F. 58, Op. 977520, D. 259, L. 4);

Ibragimov Xabib Xusainovich — 1915 yil tug‘ilgan, 1939 yili armiyaga chaqirilgan, Sovet — Fin urushi qatnashchisi, Belarusda jang qilgan. 1941 yil sentyabrda bedarak yo‘qolganligi sababli uning nomiga “qoraxat” olingan (TSAMO RF, F. 58, Op. 18004, D. 630, L. 10);

Ibragimov Xaydar Xuseinovich — 1921 yil tug‘ilgan, 1944 yilning yanvarida Ukrainani ozod qilishda halok bo‘lgan. Katta serjant, snayper X. Ibragimov harbiy xizmatga Termizdan chaqirilgan (TSAMO RF, F. 33, Op. 686044, D. 3165, L. 2).

Mazkur ma’lumotlar oilaning hayoti Samarqand, Buxoro, Termiz, Toshkent va Moskva shaharlari bilan bog‘liq kechganidan darak beradi. Aka-uka Ibrohimovlar haqidagi ma’lumotlarni to‘ldirish, suratlar va boshqa materiallar bilan tanishish hamda bu borada alohida izlanish olib borish maqsadida qidiruv davom ettirilmoqda.

Shu haqda ma’lumotga ega bo‘lgan vatandoshlarimizdan, ayni masala bilan shug‘ullanayotgan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzuridagi O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz bilan bog‘lanib, xayrli ishga hissa qo‘shishlarini so‘raymiz.

Haftaning dushanba—juma kunlari soat 9.00 dan 18.00 gacha 71-233-37-01, 71-233-37-11 telefon raqamlari orqali murojaat qilish mumkin.

Elektron pochta manzili: tmarkaz@academy.uz, engyangitarix@mail.ru

Mirzohid RAHIMOV,
tarix fanlari
doktori, professor
.

Kozimxon Sagdullayev,
san’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: