“MENDIRMAN JALOLIDDIN” teleseriali – oldinga tashlangan qadam. DADIL QADAM!

Kecha ilk qismi taqdim etilgan bu tarixiy serialni katta qiziqish bilan men ham tomosha qildim. Xo‘sh, bu loyiha nega oldinga tashlangan qadam, nimasi bilan dadil qadam?

1. Katta ko‘lamli tarixiy loyihani HOMIYlar mablag‘lari evaziga suratga olinishi oldinga tashlangan QADAM. Bu kabi loyihalarni Davlat moliyalashtirmasa suratga olishni tasavvur ham qilib bo‘lmas edi. To‘g‘risi, boshqa mamlakatlar kinoijodkorlariga havas bilan qarab, katta-katta tarixiy janrdagi loyihalarni mahalliy homiylar, vatanparvar tadbirkorlar moliyalashtirayotganini ko‘rib… Shunday bo‘lishi ham kerak aslida. Ko‘ksida vatanga mehri, millat tashvishi bor HOMIY va TADBIRKORlarimiz tomonga DADIL qadam tashlab berdi “MENDIRMAN”!

2. Tarix – bu fan, tarix bu hujjat, kino, serial bu BADIIY IJOD ekanini DADIL ayta olgan loyiha ham “MENDIRMAN” bo‘ldi. Serialning ilk qismi tugamay turib, Jaloliddin Chingizxon bilan ko‘rishmagan, uning oldiga elchi bo‘lib bormagan degan hayqiriqlar tutib ketdi tarmoqlarni. Xayriyat, JALOLIDDIN esimizda ekan, u qayoqqa bormagani, kim bilan uchrashmaganini bilar ekanmiz. Hujjatlarda shunday, manbalarda shunday. Ammo ijodkor bularning barchasiga o‘zgacha bir tasavvur, ijodiy qarash bilan yondashadiki, ko‘rib turganingizdek JALOLIDDIN ChINGIZni oldiga boradi. U bilan bir dasturxonda ovqatlanadi ham. Shoirlar o‘z she’rlarida “Kipriging nayza bo‘lib, yuragimga sanchildi” deb yozishadi. Hayotda kiprik nayza bo‘lib, yurakka sanchilishi mumkinmi? Yo‘q! Ijodda esa HA! Tarixchilarimiz bilan ko‘p suhbatda bo‘laman, hamkorlik qilaman. “Mana «ShERYuRAK» filmini qarang, tarixiy qahramonlarimiz haqida shunday filmlar olishimiz kerak”, deyishadi ko‘pincha. Darhaqiqat, “ShERYuRAK” yaxshi film. Uning bosh qahramoni UILYaM UOLLAS ham tarixiy shaxs. Qiziqqanlar UOLLASning hayoti bilan tanishib ko‘rsin, tarmoqlarda ma’lumot to‘lib yotibdi. Tanishib keyin film bilan solishtirib ko‘rishsin. Qanchalik tarixiy haqiqat bilan mos ekan? Film erkin, ijodiy yondashuv bilan ishlangan. Natijada mana shu film orqali ShOTLAND xalqi qalbimizda QULLIKka hech qachon ko‘nmaydigan KUChLI millat sifatida manguga qoldi. Tarixiy filmlarni ishlashdan maqsad ham shu emasmi aslida?!

3. JALOLIDDIN shaxsi bugun TRENDda! Bilgan-bilmagan, ko‘rgan-ko‘rmagan hamma JALOLIDDIN seriali, uning voqealari haqida bahslashdi va bahslashmoqda. Mayda mavzulardan, mayda shaxslar haqidagi sun’iy XAYPlardan nihoyat qo‘l yuvib, tarixiy qaxramonimiz haqida baxslasha boshladik. “Ustoz, o‘qib chiqdim hozir, Jaloliddin rostdan ham Chingizxon bilan uchrashmagan ekan”, deydi hali yigirmaga ham kirmagan bir shogirdimiz. Umri TIK-TOKlarga termulib o‘tib borayotgan bu yosh yigit bugun JALOLIDDIN haqida o‘qib o‘rgana boshladi. Mana shu jihat ham biz uchun oldinga tashlangan QADAM!

P.S. Bosh qahramonni nega O‘ZBEK aktyori o‘ynamadi, degan savolni men ham kutgandim. Chunki bu savol kaminaga ham begona emas. “ISLOMXO‘JA” filmi namoyishidan keyin Xorazmlik muxlislar, “nega bosh rolni Xorazmlik o‘ynamadi”, deyishgandi. Bu – rashk. Millat o‘z qahramonini rashk qilsa, bu yaxshi-ku! “Mendirman” esa bu rashkni yanada olovlantirdi

Jahongir Ahmedov,
kinorejissyor

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: