Mijozlarining iqtisodiy ahvolini og‘irlashtirgan tanaffus: uning kimga va nima keragi bor edi?

Ma’lumki, joriy yil 24 martdan O‘zbekistonda ham epidemik holat, ya’ni 40 kun muddatga karantin e’lon qilindi. Keyinroq bu holat takrorlanib, 10 iyuldan 15 avgustga qadar karantin muddati uzaytirildi. Karantin paytida davlat xizmatlaridan tashqari barcha sohalar, jumladan tadbirkorlik faoliyati to‘xtatildi. Davlat rahbari ham, Markaziy bank raisi ham kredit olganlarga 2020 yilning 1 oktyabriga qadar tanaffus e’lon qilishdi. Lekin kredit foizlari Markaziy bank raisining qaroriga ko‘ra to‘htatilmadi. Buning oqibatida bugungi kunda kredit foizlari yig‘ilib, manaman degan tadbirkorni ham esankiratib qo‘ydi.

Men 2018 yil sentyabr oyida 25 foizlik avtokredit olib, bankka 39 million so‘m topshirgandim. Menga taqdim etilgan uch yillik jadvalga ko‘ra, muddat oxiriga kelib jami 129 million so‘m to‘lashim kerak edi. Endi 6 oylik tanaffus hisobiga men 6 million qo‘shimcha mablag‘ (jami 135 million) to‘lashim kerak bo‘lmoqda. Kredit esa bank tomonidan dastlabki belgilangan 3 yillik muddatda yakuniga yetmoqda.

Endi dastlab rejada belgilangan oyiga 3 million so‘m emas, balki 5 milliondan to‘layapman. Uni ustiga yana 6 million so‘mni, yani 6 oylik tanaffus paytida to‘planib qolgan foizlarni ham to‘lashga majburman. Endi aytingchi, nega bank tomonidan shartnoma shartlari buzilmoqda? Bu birgina men bilan yuzaga kelgan masala emas, balki mamlakatimizdagi barcha bank mijozlariga tegishli bo‘lgan muammo!

Yuqoridagilarga ko‘ra, Markaziy bank raisiga bir qator savollarim bor. Aytingchi, 6 oy tanaffus elon qilinganidan keyin kreditning to‘lov muddati ham 6 oyga uzaytirilishi kerak emasmidi? 6 oylik tanaffus vaqtida foizlarning undirilishi “Banklar to‘g‘risida”gi qonunlarga zid emasmi? Bank mijozlarining iqtisodiy ahvolini og‘irlashtiradigan bunday tanaffusning kimga va nima keragi bor edi?

Faxriddin Komilov,
yuridik fanlari nomzodi

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: