Milliardlar behuda sarflandimi?

Hoynahoy, eshitgandirsiz, yaqinda Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirus va pnevmoniya kabi baloi qazolarga qarshi o‘tkaziladigan dezinfektsiyalash choralari samarasizligini, dezinfektsiya tunnellarida ishlatiladigan xlorli eritmalarning inson organizmiga xavfli ta’siri juda kuchli ekanini ommaga bayon etdi.

Holbuki, Davlat bosh sanitariya inspektori Nurmat Otabekov besh oy avval respublikaning barcha hududlarida dezinfektsiya tadbirlarini o‘tkazish uchun davlat byudjetidan 1 mlrd. so‘m miqdorida mablag‘ ajratilganini aytgan edi. Shundan keyin odamlar gavjum joylarga, davlat idoralari va boshqa tashkilot-korxonalarning kirib-chiqish yo‘laklariga tunnellar o‘rnatildi. Dezinfektsiya ishlari amalga oshirildi. Buning uchun davlat byudjeti hisobidan mo‘maygina mablag‘ sarflandi.

Endi bilsak, bu tadbirlarning bari behuda ekan. Oqibatda dezinfektsiyalashlar natijasida milliard-milliard so‘mlab pullar havoga sovrildi. Bu — birinchidan. Ikkinchidan, ko‘plab kishilarda allergik rinit, kon’yunk­tivit, bronxit, hatto, og‘ir kasalliklar sirasiga kiruvchi bronxial astma paydo bo‘ldi.

Agar xlorli eritma shu qadar zararli bo‘lsa, nega shifoxonalarda har kuni undan tozalash ishlarida foydalanilmoqda? Oshxonalarda, xonadonlarda idish-tovoqlar yuvish uchun nega taqiqlanmayapti?..

Barchamiz ko‘rib-bilib turibmiz, pandemiya davrida ayrim oilalarning moddiy-iqtisodiy ahvoli tanglashdi. Ana shunday qaltis bir vaziyatda dezinfektsiyalash tadbirlari uchun Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi tomonidan 28 milliard so‘m sarflanibdi. Aslida bu mablag‘lar ehtiyojmand va kam ta’minlangan oilalarga tarqatilganida ularning qancha muammolari hal bo‘lmasmidi?..

Eng ajablanarlisi, dezinfektsiyalash samarasiz ekanligini Sog‘liqni saqlash vazirligi, nahotki, besh oydan so‘ng bilgan bo‘lsa?! Bunga hech ishonging kelmaydi!

Nigora ERKINOVA

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: