Mingtepaning ming birinchi tepasi

Bugun elparvar shoir Muhammad Yusuf oramizda yo‘q. To‘lganida to‘kildi, deb qayg‘urdik, yetganida yiqildi, deb oh urdik. To‘lib-to‘lib yuragidan to‘kilgani minglab satrlarga jo bo‘ldi. Yetgani Haq, aytgani Vatan, suyangani xalq, suygani dilbandlari bo‘ldi. Ko‘klamoydan bir chimdim ko‘k tilab yolvorgan, qizg‘aldoqni qizchasidek suyib erkalagan xokisor shoirning endi bahorlar yo‘qlayveradi, qabri ustini bezatib turgan maysalar qushlarga undan salom yo‘llayveradi, bizning quloqlarimiz ilg‘amas, ammo u bosh qo‘ygan tuproqdan “Vatan”,”Vatan” degan sado yangrayveradi… borliq uni tinglayveradi… tinglayveradi…

Marhamat tumani markaziga kirishda uning suvrati tushirilgan katta panno o‘rnatilgan. To‘rt tarafidan qarasangiz ham siz tomonga qarab jilmayib turganga o‘xshaydi. Nigohidan mehr quyiladi, she’rlar to‘kiladi.
Muhammad Yusuf el suygan shoir edi. Ayniqsa, marhamatliklarning faxriga aylangandi. Yurtdan sal chetga chiqsak “qayerdansiz?” deb so‘ragan odamga, “Marhamatdan, Muhammad Yusuf tug‘ilib o‘sgan joydanmiz”,- deymiz to‘lqinlanib. Ulug‘ tog‘ning havosi boshqachada, Yaratganning nazari tushgan yurt ekan, deya ko‘pchilik bizga havas qiladi.

Dadam rahmatlining takror aytadigan gapi bor edi. “Asl inson kamtar, tanti, mard bo‘lishi kerak. Bir dona kulcha nonni o‘nga bo‘lib yeyish mumkin, bir hovuch undan ardob atala pishirsa mahallaga yetadi, bir etak bug‘doyni tuproqqa sepib parvarish qilsang, xirmon to‘lib, dasturxoningga qut-baraka kiradi. Ammo eksang tuproqda unmaydigan, sepsang chirimaydigan, birovga bo‘lib berib yoki birovnikini omonatga olib bo‘lmaydigan to‘rt narsa bor. Bular vijdon, g‘urur, mardlik, or-nomusdir. Beshik ham, tobut ham bir xil daraxtdan, toldan yasaladi. Birida ko‘zmunchoqni o‘ynab, erkalab ona mehri bilan ulg‘ayib, alla tinglab hayotga qadam tashlaysan, birida nolayu faryod bilan seni so‘nggi yo‘lga solib eltadilar. Ortingdan bir inson: “Mard odam edi, or-nomusi, g‘ururi, vijdoni bor edi” deb ta’rif bergani, ikki dunyo saodatini topganing bo‘ladi”, – derdilar.
Shoir Muhammad Yusuf ham chin ma’nodagi vijdoni uyg‘oq, g‘ururi baland, or-nomusli inson edi. Xotira sandig‘imda asraganlarim orasida bu tanti inson nomi bilan bog‘liq bo‘lgan bisotim anchagina…

O‘sha paytlarda men Marhamat tumani hokimligida faoliyat yuritardim. Hali kitobim nashr etilmagan, tumandagi “Oq oltin” gazetasida ora-sirada she’rlarim chop etilardi. Viloyat teatrida o‘tkaziladigan taniqli san’atkor (rahmatli) Oxunjon Madaliyevning kontsertiga taklif etilganim bois shaharga yo‘l oldim. Teatrga kirish yo‘lagida gavjum odamlar davrasida dastxat qo‘yish bilan ovora bo‘lib turgan Muhammad akaga ko‘zim tushib quvonib ketdim. She’rlarini yod olib, kitobini jon ichida asrab yurganim bilan o‘zini birinchi marta ko‘rib turishim edi. Dastxat qo‘ydirib olishga hech narsa topolmay bir chetga borib o‘tirdim. Kontsert chiroyli o‘tdi. Ayniqsa, sahnaga Muhammad Yusuf chiqqanida zal olqishlardan larzaga keldi. O‘sha kuni “Nazm va navo” kechasiga aylangan dastur hamon ko‘pchilikning yodidan chiqmasa kerak. Kontsert tugagach, qaytmoqchi bo‘lib eshik yoniga kelsam, hofizning sozandalaridan biri meni to‘xtatdi. Oxunjon Madaliyev bilan Muhammad Yusuf men tomonga kelayotgan edi.

– She’ringiz zo‘r qo‘shiq bo‘libdi, – dedi ustoz samimiylik bilan salomlashib.

– Ha endi, xom-xatalagina she’r edi, yaxshi musiqa, chiroyli ovoz bilan sayqal topgani uchun yaxshi chiqqan,- dedim iymanib.

– Ko‘rdizmi, hofiz, qishloqning shoiralari shunday bo‘ladi. Opaga oldi qatordan joy bergandik, kelmabdi, deb xavotir oldingiz. Kelib o‘tirganini sezdirmabdi ham. Sizlarda qanday bilmadim-u, bizning qishloqlarga qatnaydigan avtobuslarga chiqish-tushishniyam ichki qonuni bor. Ayollar avtobusning oldi eshigidan, erkaklar orqa eshikdan chiqishi kerak. Agar shoshib, adashib ayollar saltanatiga qadam ranjida qilib qo‘ysangiz… naq baloga qolasiz. Momolarimiz chollarining yaktaklarini boshlariga yopinib olib, begona ko‘zlardan o‘zini pana qilib yuradi. Qarang, ismi sharifini aytsangiz ham shoira singlimiz sahnaga chiqmadi. Kelmagan deb o‘yladik. Yaxshiyam, sozanda ukamiz tanib qoldi. Keyin menga yuzlanib:

– Singlim, nega ko‘zga ko‘ringan gazetlarda chiqishlar qilmaysiz? Yaxshigina ijodingiz bor ekan-u, sizni hech kim tanimaydi. She’rlaringiz bo‘lsa menga bering, Toshkentga olib ketaman. Vatan haqida yozganlaringizni alohida ajratib qo‘ying.

– Vatan haqida ko‘p yozmaganman!

– Vatanni yozmaydigan, yozishni bilmaydigan qalamkash shoirlikka da’vo qilmasligi kerak,- deya tashqariga qarab yo‘naldi. Hofiz Muhammad Yusufning kayfiyati o‘zgarganini sezib o‘rtaga tushdi:

– Aka, shoshmang, endi suhbatga shira kirayotgan paytda qo‘l siltab ketmang-da! Sizga o‘xshab tug‘ilib-o‘sgan joyidan yiroqda yurgan bo‘lsa edi… yozish qochmas, oila, bola-chaqa ishidan ortib ijod qilganiga rahmat aytish kerak Ota-onasi, jigarlari bir ko‘cha narida yashasa, yonida yurib nima deb yozsin yana?

– El-yurt, Vatanni sevish, sog‘inish uchun undan yiroq ketish shart emas. Ayniqsa, qiz bola boshini egib tug‘ilgan uyidan boshqa xonadonga ostona hatlab chiqib ketishi, yot odamlar orasiga salom berib kirib borishi, boshqa oila qozonida qaynashining o‘zi ming satrga arzirli obraz-ku! Kelinchaklar to‘y kuni egniga kiygan oq ko‘ylakni ko‘z oldingizga keltiring-da, ota-onasiga, tug‘ishgan jigarlariga, qaldirg‘ochlar in solgan, bolaligi quvnab o‘tgan ayvoniga qarab, etaklari hilpirab, titrab-qaqshab xayr deganday ko‘rinadi. Har bir qizning qismatida musofirlik to‘nini kiyish bitilgan. Mingtepa to‘g‘risida yozing singlim, har biri Asqartog‘, har bittasi Murod tepa-ku! Qancha sir-asrorni qornida saqlab yotibdi bu bobotepalar. Mansab, boylik, shodligu anduh- hammasi o‘tkinchi. Ortingizdan iz qoldiray desangiz, bisot qilib so‘z qoldiray desangiz, she’riyatingizga sodiq bo‘ling. Andishali bo‘lganingiz yaxshi, biroq o‘zingizga pand berib qo‘yadigan holatda emas,- dedi samimiylik bilan.

Ijodimga kamol tilagach menga “Erka kiyik” kitobini taqdim etdi. Ikki kun ichida she’rlarimni, albatta, yetkazishim kerakligini tayinlab xayrlashdi.
Oradan ko‘p o‘tmay respublikada ko‘zga ko‘ringan yoshlar gazetasida turkum she’rlarim chop etildi. “Sharq yulduzi” jurnalida chop etilgan she’rlarim xususida yaxshi fikrlar bildirib ustoz adib O‘tkir Hoshimovdan menga maktub borgan kundagi quvonchim, yaqinlarimni, ayniqsa, dadam rahmatli ko‘ziga yosh olib sevingani hech qachon yodimdan ketmaydi. O‘sha shirin xotiralarni yod etsam, yuragimda adabiyotga, she’riyatga bo‘lgan muhabbatim yanada alanga oladi.
Andijonning Shahrixon tumanida Muhammad Yusuf ijodi va faoliyatiga bag‘ishlangan katta ijodiy anjuman bo‘ldi. Viloyatdagi barcha tuman hokimi o‘rinbosarlari, ta’lim muassasa rahbarlari orasida momolar, soqoli ko‘ksiga tushgan bobolar, bolalar ham bor edi. Kecha davomida bir yoshi ulug‘ otaxon so‘zga chiqib, “Do‘ppi kiymay qo‘ydi odamlar” she’rini yoddan o‘qib bo‘lgach shunday dedi:-Bizning mahalla qo‘ligul hunarmandlar mahallasi, qizim, kelinlarim, mahalladagi ko‘pchilik xotin-qizlar do‘ppi, so‘zana, choyshab tikish bilan shug‘ullanadi. Siz mana shu she’rni televizorda o‘qib chiqqaningizdan keyin bozorimiz qizib ketdi, shoir o‘g‘lim. Shunday “zakazimiz” ko‘pki, qozon qaynatish men bilan kampirimning zimmasiga tushgan. Manavi do‘ppi yangi nusxa, sizni ismingizga ataldi, qani, birinchi tikilgan do‘ppini o‘zingiz kiyib oling…
She’riyatga, shoirga bo‘lgan e’tibordan hammamiz quvondik.

Tadbir yakuniga yetib, ketar paytimiz boshiga oq qalpoq, yaktak kiyib olgan o‘rta yoshlardagi bir odam shoirning yo‘liga chiqdi:

Kelgan aziz mehmonlarga taom tayyorlaymiz deb she’rlaringizni eshitmay qoldik-da. Asabiylashganimdan barmog‘imni kesib olganimni ham sezmabman,- dedi nimtabassum bilan.

Haligi odam jilmayib gapirgani bilan ko‘zlari to‘la yosh edi. Qo‘liga o‘rab olgan ro‘molchasi qon…

Ey, akajon, shuyam gap bo‘ptimi, shuyam ishmi? Men yoningizda turibman-ku! “Voy-dod, to‘ydim”, degunizcha she’r o‘qiyman, charchab qolsam ana Marhamatdan shoira shogirdlar ham kelgan, – dedi men tomonga ishora qilib. O‘sha pallada – o‘ndan ortiq she’rini yoddan o‘qidi. Shinavanda oshpazlar yoniga yana tumonat odamlar kelib qo‘shildi. Keksa tolning soyasidagi suhbat anchagacha davom etdi. Oxirida oshpaz amaki shoirni bag‘riga bosib: “Rahmat, ukajonim, sizga jonim sadqa bo‘lsin, sizday shoirni tuqqan onangizga rahmat, ming qulluq”, – dedi vujudi titrab.

Umr yo‘ldoshimning ishlari bois Toshkentga kelib yashay boshlaganimizda, dadam rahmatli “Katta shoirlar yashaydigan manzilga borishlik peshonangizda bor ekan, qizim. Qismatni qilmishiga shukrona aytib, qadam va qalamingizga, non va nomingizga dog‘ tushirmay, dadillik bilan ijod qiling, avvali Yaratganim qo‘llasin, andijonliklarning bayrog‘iga aylanib borayotgan shoir Muhammad Yusufdek vatanparvar, elparvar bo‘ling”, – deya duo qildilar.
Muhammad Yusuf olamdan o‘tdi degan so‘zni eshitgan lahzada olam qorayib ketgandek, ko‘zimga hech narsa ko‘rinmay qoldi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida faoliyat yuritgan paytlarida Muhammad Yusufning huzuriga kirishni orzulagan kunlarimiz qancha bo‘lgan. Umr yo‘ldoshim bilan bir necha marta kelib uchrasholmay qaytganmiz. Qancha-qancha ustoz adiblardan meros bu makonda xizmat qilish taqdirimda borligiga mamnunman. Faoliyatimni boshlagan xona burchagida uniqib ketgan yozuv stolini tashqariga chiqarmoqchi bo‘ldim. Ko‘zi tushib qolgan O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid: “Munavvara, bu “jurnalniy” Muhammad akaning xonasida turardi, shuni ustida yozib o‘tirishni yaxshi ko‘rardi. Uyushmaning barcha jihozlari yangilangan paytda bittagina mana shu saqlanib qolgan ekanda, asrang!”- dedi. Qaytarib xonaga olib kirdim.
Ming urinsam ham ustoz aytganidek, Mingtepa to‘g‘risida she’r yozolmadim. Mingtepaning ming birinchi tepasi haqida yozganimni siz azizlarga ilindim.

Munavvara Usmonova

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: