Muammolar aniq, siz yechimini ayting

Xalqimizda buvisining tarbiyasini olgan qiz, degan ibora bor. Shu gapning o‘ziyoq yoshlar tarbiyasida buva va buvijonlarimizning saboqlari, o‘gitlari katta ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatadi. Chindan ham, ziyraklik, hayo-ibo kabi fazilatlar-u, bir necha hunarlarni biz aynan ulardan o‘rganganmiz. Qaysiki mashhur davlat arbobi, shoir yoki san’atkorning bolaligi bilan qiziqmang, uning tarbiyasi, o‘z yo‘lini topishida buva yoki buvisining o‘rni, o‘gitlari, hatto aytib bergan birgina ertagu rivoyati katta ahamiyat kasb etganini ko‘rasiz.

Prezidentimiz 2020 yil 25 dekabrda yoshlar vakillari bilan uchrashuvda “xonadonlarimizdagi tinchlik-totuvlik, avvalo, oiladagi sog‘lom muhitga, mus­taqil hayot ostonasida turgan qizlarimizni oilaviy turmushga tayyorlash bilan bevosita bog‘liq” ekani va bugun jamiyatimizda yosh oilalar o‘rtasida ajralish­lar soni ortayotganini ta’kidlab, bu og‘riqli masalada ko‘pni ko‘rgan mo‘’tabar nuroniylarimiz, oqila va mehribon onalarimizdan ko‘mak so‘radi.

Bunga javoban “Nuroniy” jamg‘armasi faollarining xalqimizga Murojaati va nuroniy otaxonlar, onaxonlar va faol xotin-qizlarning “Oilaviy munosabatlarni mustahkamlash va inson hayotida oilaning o‘rnini yanada oshirish” yuzasidan O‘zbekiston yoshlariga Murojaati qabul qilindi. Har ikkala Murojaat “Nuroniy” gazetasida e’lon qilindi. Bu yaxshi, ammo shu Murojaatlarni mamlakatimiz bo‘yicha qancha odam o‘qidi?

“Nuroniy” gazetasining adadi bor-yo‘g‘i 3756 nusxa bo‘lsa? Bu mamlakatimizdagi mahallalar sonidan uch barobar kam. Demak, qolgan mahallalarda, hattoki, Murojaatlarning matni bilan ham tanishish imkoni bo‘lmagan. Shunday ekan, har bir mahallada hech bo‘lmaganda bir dona “Nuroniy” gazetasini yetkazish imkonini ta’minlash mumkin emasmi?

Это изображение имеет пустой атрибут alt; его имя файла - snimok.jpg

Axir, Prezidentimiz “Nuroniy” jamg‘armasiga joriy yilda 100 milliard so‘m mablag‘ o‘tkazib berilishini va bu mablag‘lar nuroniylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga sarflanishini qayd etgan edi. Qolaversa, internetdan axborot olishga qiynaladigan keksa avlod vakillari gazeta o‘qishni istaydi. Ammo ularning pensiyalari o‘z ehtiyojlaridan ko‘pincha ortmaydi. Shunday ekan, “Nuroniy” jamg‘armasi respublika Boshqaruvi, hokimliklar va vazirliklar ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida keksa yoshdagilarning yagona nashri – “Nuroniy” gazetasiga obuna qilib berishsa, yil davomida har hafta go‘yo ular holidan xabar olgani singari ko‘nglini shod etgan bo‘lardi.

Ajablanarli tomoni, Murojaat­lardan maqsad nima edi? Muammolarni ham hal etishmidi yoki Yurt­boshimizning chaqirig‘iga shunchaki javob qaytarishmi? Yana bir muhim jihat. Shu kabi Murojaatlardan keyin o‘zi nima o‘zgaradi? Murojaatda otaxon va onaxonlar haftaning shanba kunini “Ahil oila kuni” deb e’lon qilgan holda, yoshlarga yo‘l ko‘rsatish, maslahatlar berishga tayyor ekanligini ma’lum qilishgan. Bu tashab­buslarni amalda qo‘llash uchun esa biron-bir reja yoki yo‘l xaritasi ishlab chiqilmagan. “Ahil oila kuni” deyish bilangina ish bitmasligini nahotki faollar tushunib yetishmasa?

Har ikki Murojaatda ham oila muqaddasligi, uni umrbod asrab yashash kerakligi uqtirilgan. Jumladan, “Bundan yigirma, o‘ttiz yil ilgari er-xotin ajralishini odamlar fojia, musibat deb qabul qilishgan. Bugungi kunga kelib esa ajralish, bolalarning tirik yetim bo‘lib qolishi oddiy holatga aylanib bormoqda. Bu achinarli holdir”, deya ta’kidlangan. Chindan ham, so‘nggi yillarda yoshlar o‘rtasida ajrashishlar soni ortmoqda. Ammo bu holga achinish bilan ish bitmaydi, ko‘rsatkichlar kamaymaydi. Aniq reja, taklif va mexanizmlarni ishlab chiqish fursati allaqachon yetdi. E’tibor bergan bo‘lsangiz, Yurtboshimiz qaysi hududga tashrif buyurmasin, u yerdagi muammolarni ko‘ndalang qo‘­yib, aniq taklif va topshiriqlarni aytadi. Misol uchun, yaqinda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasiga tashrifi chog‘ida mahalla, tuman va shaharlarni kriminogen vaziyatdan kelib chiqib, uch toifaga, ya’ni “qizil”, “sariq”, “yashil”ga bo‘lishni ilgari surdi va vaziyat og‘ir hududlarda ishni samarali tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Demak, faqat Murojaatlar emas, taklif va yechim ham tavsiya etilishi muhim.

Hozir yoshlarni ishontirish oson emas. Shuning uchun ham aniq va ta’sirchan mexanizmlarni ishlab chiqish, kerak bo‘lsa, “Suyunchi” filmidagi Anzirat buvi kabi dadillik va tashabbuskorlik zarur. Shu kungacha qariyb uch mingga yaqin nuroniylar “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlangan. Xo‘sh, bugun o‘sha nishondor faxriylar jamiyat hayotida nechog‘li tashabbuskor bo‘lyapti yoki qanday iz qoldirayapti? Qanday amaliy natijalar ko‘rsat­yapti? Nazarimizda, ularning aksariyati nishonlarni ko‘ksida yaltiratib taqib yuribdi, xolos. Negaki, bironta ham amaliy natijalar ko‘rinmayapti. Savol tug‘iladi: nega? Demak, ular orasida bu ko‘krak nishonga munosib bo‘lmaganlar yoxud nishonni qo‘lga kiritgandan ke­yin faollikni unutib qo‘yganlar bor. Shu sababdan oilaviy ajrimlar soni ham ortib boryapti.

Bizga shunchaki “Mehnat faxriylari” emas, har bir gapini o‘tkaza oladigan, ta’bir joiz bo‘lsa, mahallaning vijdoni bo‘la oladigan Anzirat buvi-yu Xolmat otalar kerak.

Xullas, gapning indallosi, pishiq-­puxta, aniq reja va chora-tadbir asosida mahalla va oilalardagi muammolarga yechim topish lozim. Demak, nuroniylarimizdan fidoyilik, ta­shabbuskorlik talab etiladi. Axir, aytadilar-ku, quruq qoshiq og‘iz yirtar, deb.

San’at MAHMUDOVA,
“Mehnat shuhrati” ordeni
va “Oltin qalam” Milliy mukofoti sohibasi

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: