Musa Yerniyazov hayoti qanday kechgan edi?

Musa Yerniyazov haqida qisqacha

Musa Yerniyazov — 18 yil davomida Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesiga raislik qilgan davlat arbobi, O’zbekiston Qahramoni. Kecha, Qurbon hayitining birinchi kuni, 31 iyul sanasida koronavirus infektsiyasidan vafot etdi.

Musa Yerniyazovning hayoti qanday kechgan edi?

Musa Yerniyazov 1947 yil 20 dekabrda Qoraqalpog’iston Respublikasi Kegeyli tumanida tug’ilgan. O’rta maktabni tugatib, 1971 yilda Toshkent qishloq xo’jaligini irrigatsiyalash va mexanizatsiyalash muhandislari institutini, 1986 yili Toshkent Oliy partiya maktabini tamomlagan.

Mehnat faoliyatini qurilish muhandisi vazifasidan boshlab, keyinchalik Qoraqalpog’iston Respublikasining Vazirlar kengashida katta referent, boshqarma boshlig’i, ishlar boshqaruvchisi bo’lib ishlagan. 1983-89 yillarda Qoraqalpog’iston Respublikasi uy-joy kommunal xo’jaligi vaziri, vazirlar kengashi raisining o’rinbosari, Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qo’llab-quvvatlash davlat qo’mitasi raisi, Chimboy tumani hokimi lavozimlarida samarali mehnat qilgan.

2002 yildan hozirga qadar Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengese raisi, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining o’rinbosari lavozimida ishlagan. Qariyb 50 yillik faoliyati davomida o’zining ulkan rahbarlik salohiyati, boy bilim va tajribasi, vatanimizga sadoqati bilan xalqimizning qalbidan joy olgan.

Musa Yerniyazov Qoraqalpog’istonning chin farzandi, haqiqiy qahramoni. Sababi u bu yurtning har qarichini, odamlarning muammolarini-yu, ularni yechish yo’llarini yaxshi bilardi. Shu bois hukumat oldiga masalalarni dadil qo’ya olardi.

Shavkat Mirziyoev viloyat va tumanlar o’z byudjetini hal qilishi uchun ularga mustaqillik berish haqida gapirganida, Musa Yerniyazovning faoliyatini namuna qilib ko’rsatgan edi.
Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi raisi mahalliy byudjetdan maktablarni moliyalash uchun eng ko’p qo’shimcha mablag’ ajratgani uchun “Ta’lim homiysi” ko’krak nishoni bilan ham taqdirlangan.

Qoraqalpog’iston elining fidoyi otasi shuningdek, “O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan quruvchi”, “Fidokorona xizmatlari uchun” va “Mehnat shuhrati” unvon va ordenlari sohibidir. Turmush o’rtog’i Amangul Jabbarbergenovna, uch nafar farzandi bor.

Musa Yerniyazov 24 iyun kuni koronavirusga chalingan edi, ammo bu 24 kun sir saqlanib, 18 iyul kuni uning koronavirusdan davolanayotgani ommaga e’lon qilingan edi. 31 iyul kuni esa u vafot etdi.

Bugun, 1 agust kuni Musa Tajetdinovich Yerniyazov oxirgi manzilga kuzatildi. Marhum Nukus shahridagi «Shorsha baba» qabristoniga dafn etildi.

Musa Yerniyazov haqida fikrlar

Bugun O’zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoev ta’ziya marosimida ishtirok etib, Musa Yerniyazov haqida so’zladi: «Rahmatli Musa og’a elni yaxshi ko’rgan, halol, pok, or-nomusli inson edi. U kishiga juda ishonardim, Qoraqalpog’istondan ko’nglim to’q edi.
Tili, dini, taqdiri, tashvishlari bir bo’lgan o’zbek va qoraqalpoq xalqlarining
og’zibirchiligini qadrlardi. Qoraqalpog’istonni rivojlantirish, odamlarning birini ikki qilish bo’yicha ko’p ishlarni boshlagan edik. Endi bu ishlarni, rejalarimizni do’stlari bilan birga albatta davom ettiramiz».

«Alloh taolo Musa og’ani mana shunday muborak Qurbon hayiti va juma kunlarida o’z rahmatiga olganida ham bir xislat borligidan dalolat, deyish mumkin. Barchamiz uchun qadrli bu inson hayotda o’zidan yaxshi nom, yaxshi iz va xotiralar qoldirdi. «Yurt uchun fido bo’lish – o’lim emas, aslida qayta tug’ilish», deydi donolar. Musa Yerniyazovning nomi va yorqin xotirasi ham bugun qayta tug’ilmoqda, tarix sahifalariga abadiy muhrlanmoqda».

Alisher Sadullaev, Yoshlar ishlari agentligi direktori, senator:

«Musa aka juda mulohazali va donishmand inson edi. Yoshlar uchun juda ko’p foydali ishlarni qilgan edilar. Umri davomida O’zbek va Qoraqalpoq xalqi uchun ko’p mehnat qildi. Yaqindagina qo’ng’iroq qilib gaplashganlarim, menga bergan maslahatlari, Qoraqalpoq yoshlari uchun birgalikda reja qilgan ishlarimiz ko’z oldimdan o’tyapti. Musa aka, sizni Alloh o’z rahmatiga olsin».

Alisher Qodirov, «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi lideri:

«Ochiq va toza qalb egasi edi Musa og’a. Oxiratlari obod bo’lsin. Hammamiz Allohdanmiz va albatta unga qaytamiz».

Jurnalist Xurshid Daliev:

«Musa aka yurt otasi edi. Qonun bo’yicha Qoraqalpog’iston
Respublikasi Jo’qorg’i Kengesining Raisi Musa aka Qoraqalpog’istonni Rahbari va eng yuqori lavozimli shaxsi edi».

Musa Yerniyazovni odamlar kattiq hurmat qilishar va yaxshi ko’rishar edi. Shubhasiz, u qalbimizda mangu qoladi.

Fikr bildirish