Muvaffaqiyat raqibning mag‘lubiyatidami?

Ishimizda muvaffaqiyatga erishish haqida deyarli har kuni har birimiz bosh qotiramiz. Hatto, ertaklardagi kabi oltin baliq, sehrli chiroq yoxud Xizr buvaga duch kelsag-u, barcha orzularimiz amalga oshsa, qani edi?

Ammo, mashhurlar-u, donolarning muvaffaqiyatga erishish siri aslida juda g‘ayrioddiy emasligi haqidagi fikrlarini ko‘p eshitgansiz. E’tiboringizga havola qilmoqchi bo‘lganimiz quyidagi ajoyib voqea esa barchamizga bizning muvaffaqiyatimiz boshqalarning mag‘lubiyatida emasligini uqtiradi…

Mahathir Muhammad voqeasi

1974 yilda Mahathir Muhammad (Malayziyaning 1981-2003 yillardagi bosh vaziri) maktab bitiruvchilarining bitiruv kechasida faxrli mehmon sifatida ishtirok etib ma’ruza qiladi. Ma’ruzasining oxirida esa quyidagilarni ta’kidlaydi:

Bilaman, bu kecha talabalarning bitiruv kechasi. Ammo men ustozlar o‘rtasida o‘yin o‘tkazmoqchiman. G‘olibga mukofot bor.

Yig‘ilganlar hayrat bilan voqeani kuzatib turishar ekan, mehmon ustozlarga har xil rangdagi sharlarni tarqata turib deydi:

Har-bir ustoz sharni puflab shishiradi. So‘ng uni oyog‘iga bog‘laydi. Sharni yormasdan muhofaza qilgan ustozga mukofot beramiz. Sizda bir daqiqa vaqt bor. Qani, boshladik!

Ustozlar birdan o‘rinlaridan turib bir-birlariga hujum qilishga o‘tib ketishdi. Ulardan har biri boshqasining sharini yorishga, o‘zining sharini asrashga harakat qilar edi. Ammo natija boshqacha bo‘ldi. Birorta shar butun qolmadi. Hamma bir-birining sharini yorib tashladi. Hech kim g‘olib bo‘la olmadi. Shunda Mahathir Muhammad shunday dedi:

Men sizdan bir-biringizning sharingizni yorishni so‘ramagan edim. Aksincha, har kim o‘zining sharini muhofaza qilishi kerak edi, xolos. Agar sizlar boshqalarga nisbatan salbiy qarorga kelmay, joyingizda qimirlamay turganingizda edi, barchangiz g‘olib bo‘lar edingiz. Ammo barchada salbiy fikr ustunlik qildi. Sizlar o‘z muvaffaqiyatingizni boshqalar mag‘lubiyatida ko‘rdingiz. Vaholanki, g‘alaba barchangizda mavjud edi!

Chindan ham, ba’zilar muvaffaqiyatga erishish uchun boshqalarni vayron qilishga harakat qilishadi. Afsuski, bu faqatgina o‘yin xususiyati emas, ko‘pchilikda aqlning hayotdagi xususiyati ham shundan iborat.

Yuqorida ta’kidlaganidek, bu mavzuda fikrlar talaygina. Boshqalarning eshkagini sindirishing sening qayig‘ing sur’atini oshirmaydi. Gul boshqa gul bilan jang qilishni o‘ylamaydi. U faqat ochiladi, xolos.

Cho‘qqida hammaga joy bor

Aslida, ota-bobolarimiz ham ko‘ngli pok, niyati ezgu insongina o‘z maqsadiga erishishi mumkinligini uqtirishgan. Siz ham muvaffaqiyat sari odimlayotgan ekansiz, atrofingizdagilarga faqat havas bilan boqing, halol mehnat va bilim bilangina muvaffaqiyat zinapoyalaridan chiqqan odam marraga yetib omad quchgay!

G‘irromlik bilan erishilgan marradan esa kishining qulab tushishi oson. Zero, Rasululloh sallollohu alayhi va sallam bejizga, “Sizlardan har biringiz o‘zi uchun yaxshi ko‘rgan narsani toki birodariga ham yaxshi ko‘rmaguncha mo‘’min bo‘la olmaydi”, deganlari bejiz emas. Biz esa Sizga faqat omad va muvaffaqiyatlar tilab qolamiz!

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: