Nargiza ASADOVA, jurnalist: Kemalar qabristoni

yoki tomchilab yig`layotgan jo`mrak…


Это изображение имеет пустой атрибут alt; его имя файла - 0838582_b-300x200.jpg

Qizaloq to’plagan chiqindilarini onasiga ko’rsatib: «Qaerga tashlay?» – deb so’radi. Ayol esa beparvolik bilan: “Ana, ariqqa supurib yuboraver”, – dedi…

Tushlarimga hammadan ko’ra ko’p suv kiradi. Suvki, shovullagan, betinim, betizgin to’lqinlar. Moviyrang to’lqinlarning shovullashini, pastlab uchayotgan chag’alaylarning yoqimli saslarini
o’ngimdagidek tinglayman unda…

Qirg’og’idan uzoqlashgan to’lqinlar

So’nggi paytlarda Orol dengizi haqida ko’p o’ylaydigan bo’lib qoldim. Bu qandaydir ichikishga, o’kinishga xos bir tuyg’uki, aytmasam bo’lmaydigan, yozmasam qo’ymaydigan narsa.

Bundan ancha yil oldin bir mashhur rassom ijodxonasida Orol dengizi manzaralarini ko’rgandim. Sahroi Kabirdek yastanib yotgan qumliklar aro yakkam-dukkam kema sharpalarining sovuq sukunati hali hamon ko’z o’ngimda turadi. Shafaq rangli bu suratlarda rassomning ilinj va umidga
yo’g’rilgan iltijolari bordek edi go’yo.

Dengizning fojeasi haqida xo’p gapirildi. Bugun tan olib aytamizki, bu katta avlodning bizga qoldirgan eng mudxish xatosi. Siyosiy manfaatlari xakalak otgan mustabid tuzumning qoldirgan eng og’ir jarohati.

1910 yillarda o’rtacha 300 ta orolchalardan tashkil topgan Orol dengizi sathi 68 ming kv.metr bo’lganligini bugun faqat tarixiy ma’lumotlardangina bilamiz. Chuqurligi 67 metrni tashkil qilgan dengiz Amudaryo va Sirdaryodan sug’orish ishlarining kuchayishi, sug’orish kanallari va
nasoslar ko’paytganligi natijasida 1981 yillarga kelib tom ma’noda kemalar qabristoniga aylandi. 1960 yilda sug’oriladigan yer maydonlari 4,5 mln.ga yetgan bo’lsa, suvga bo’lgan ehtiyoj 60 km.kub.ga, 1991 yilga kelib, esa sug’oriladigan yerlar ham, ichimlik suviga bo’lgan ehtiyoj ham ikki baravarga oshdi. Bu nafaqat noxush manzarani, balki hududdagi 30 ga yaqin umurtqali hayvonlar va 300 dan ortiq qush turlarining yo’qolishiga, hudud ekomuvozanatining buzilishiga olib keldi.

Ayni paytda qurigan dengizdan 100 million tonna chang ko’tarilayotgan bo’lsa, buning salbiy oqibatlari nafaqat uning atrofiga, balki boshqa shaharlarga tarqlmoqda, butun insoniyatga katta talofot yetkazmoqda…
Bugun Orol dengizi ekologiyasini asrash borasida yurtimizda o’rmonlashtirish ishlari olib borilayapti. Minglab ko’ngilli insonlar tomonidan millionlab tup saksovul ko’chatlari o’tkazilmoqda. Bularning bari umid, umid va yana umid beradi…

Uvol haqida…

Это изображение имеет пустой атрибут alt; его имя файла - Krat-protekaet-300x199.jpg

Buvimning bolaligimda aytmish nasihatlarini ko’p eslayman. Ta’til onlarimga oshufta o’sha kunlarning sog’inchi bilan qulog’im ostida sirg’adek qolib ketgan gaplari juda qadrli. Hayoti qiyinchiliklar ichida kechib, halol mehnat va iymoni butunlik bilan yashagan buvimning biz
nabiralarga eng ko’p takrorlaydigan gapi: “Uvol qilma bolam” degani edi. “Nonni chimchilamasdan, bo’laklab yegin”, “Taoming idishda qolmasin”, “Dasturxonni o’tganlar ruhiga atab, keyin qoq” singari so’zlari ichida “Suvni uvol qilma, idishdagi suvning og’zini yopib yur”, “Suvga qarab supurma”, “Yomg’irning suvini olib qo’y”, kabi pandlari mo’l edi. Bugun hayotimda ana shu fikrlarning katta o’rin tutishini, har nafasimda, tabiatga munosabatimda, ro’zg’or tutimimda asqatayotganligini his etaman.

Ko’p qavatli uyning ikkinchi qavati. Bu qavatdan pastdagilarni nafaqat ko’rish, hatto bemalol gaplashish ham mumkin. 4-5 yoshli qizaloq bo’yidan katta supurgini olib o’zicha ko’p qavatli uy hovlisini supurayapti. Qilar ishidan mamnun, boshqalar ham ko’ryaptimi, degandek atrofga
alanglab ham qo’yadi. Har kuni shu yo’lakdan o’tib-qaytuvchilar jajji “ozodaxonga” kulimsirab o’tishadi. Qizaloq bir kun supir-sidirni tamomlab, qo’shnilarga gap berayotgan oyisining yoniga bordi, to’plagan chiqindilarini ko’rsatib «qaerga tashlay» deb so’radi. Ayol esa beparvolik bilan, “Ana, ariqqa supurib yuboraver” dedi suvi tiniqib oqayotgan ariqni ko’rsatib…

Это изображение имеет пустой атрибут alt; его имя файла - 1827515-RWDZGPl-1552324680-728-f4aea53c21-1552479008-300x225.jpg

Qizaloq bir muddat jim turdi-da, keyin oyisi aytgan ishni qildi. Ikkinchi qavatdan ayolga tanbeh berganim, uning menga qaytargan gaplari esa ikkinchi masala. Muammo shundaki, shunday atrof-muhitga nisbatan beparvolik sindromining yuqumliligi, uning avloddan-avlodga taqlid
oqibatida o’tib kelishi. Buvilarimiz bot-bot takrorlayotgan birgina uvol tushunchasining o’zida ona tabiatga bo’lgan cheksiz mehr, e’tibor va g’amxo’rlik borligini, lekin taassufki, u bugun kundalik hayotimizda tilga olinmayotganligini, buning ko’rgiliklarini esa har soatda ko’rib,
his etib turganligimizni o’ylayman.

Yurtimizning ko’pgina mintaqalarida aholi ichimlik suvini misqollab sotib olayotgan, tejayotgan bir paytda xonadonida kunu-tun suvi chakkillab tomchilayotgan jo’mragini sozlab qo’yishga hafsala qilmayotganlar, yoz kunlari hovlisini ichimlik suvi bilan salqinlatib orom olayotganlar, afsuski, bor. Bundaylar qirg’oqlaridan yiroqlashib ketgan Orolni, tishlari
to’kilib borayotgan kamqon kelinchaklarni, tug’ilganidan endokrin va boshqa kasalliklar bilan ro’yxatga olinayotgan go’daklarni o’ylashmaydi, suvga navbatda turgan odamlarning, bolalarning dardini, muammosini his qilishmaydi…

Это изображение имеет пустой атрибут alt; его имя файла - musor-3-300x169.jpg

Ammo bir taskin bor. Bu qalbi toza, beg’ubor bolalar qalbida kichikligidan atrof-muhitga mehr-muhabbat uyg’otish. Ularni ona tabiatga sadoqatli va g’amxo’r qilib tarbiyalash, ona tabiatning har bir ne’mati biz uchun omonat ekanligini ilmiy, diniy, ahloqiy tushunchalar, hayotiy misollar, ekskursiyalar orqali tushuntirishdir. Bunday bolalar katta bo’lganda,
albatta, tabiatning, ekologik muammoli hududda yashayotgan insonlarning nolasini his qiladigan odam bo’lib voyaga yetishi shubhasiz.

Fikr bildirish