Nechun tomoshaga bunchalar o‘chmiz?

Bugun, chindan ham, qo‘l telefonisiz kundalik hayotimizni tasavvur qila olmaymiz. U qulay aloqa vositasi bo‘lishi bilan birga, yana qanchadan-qancha qurilmalar vazifasini bekamu ko‘st bajaradi: fotoapparat, videokamera, diktofon, fonar, radio… Qo‘shiq eshitish, kino ko‘rish, o‘yin o‘ynash, kitob mutolaa qilish, hatto uyali telefon orqali plastik kartangizdan biron kerakli joyga pul mablag‘i o‘tkazish imkoni ham bor. Internetga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanib, dunyoning istalgan joyidagi voqea-hodisalardan voqif bo‘laverasiz. Bir so‘z bilan aytganda, mo‘’jizaning o‘zginasi. Ammo…

Qo‘l telefoni ommalashishi bilan inson tabiatiga xos bo‘lgan tekin tomoshaga o‘chlik va bunday tomoshalarni boshqalarga tarqatish avj olib borayotganidan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi.

“Novza” metro bekatidan “Cho‘ponota” mavzesiga tomon ketayotgan avtomobil qarama-qarshi yo‘nalishdan qayrilgan avtomobilga to‘qnashib, halokat sodir bo‘lgan. Transport vositalari jiddiy shikastlangan, yaxshiki, haydovchilar jarohatlanmagan. Lekin ular omon qolganiga shukr qilmasdan, bir-biriga qo‘lini paxsa qilib do‘q urayapti, “Ayb menda emas, senda” deb baqirib-chaqirayapti. Aynan mana shu holat yo‘lning chap va o‘ng chetidagi yo‘lakdan o‘tib borayotgan yo‘lovchilar uchun ham, avtomobilini atay to‘xtatib, “Qani, buyog‘i nima bo‘larkan?”, deb kuzatayotgan haydovchilar uchun ham tekin tomosha, hatto ko‘pchiligi qo‘lidagi telefoni bilan tasvirga ola boshladi. Nahotki, shunchalar tomoshatalab bo‘lib ketgan bo‘lsak?

Kimdir avtomobil halokatiga tasodifan guvoh bo‘lgan ekan, shuni qo‘lidagi telefoniga shoshilmasdan tasvirga olib saqlab qo‘yishini yoki ijtimoiy tarmoqqa “onlayn” tarzida to‘g‘ridan-to‘g‘ri uzata boshlashini qanday tushunish mumkin? Axir tasvirga olish emas, birinchi navbatdagi vazifasi, burchi yordam ko‘rsatish-ku! Mayli, yordam ko‘rsatish qo‘lidan kelmas, imkoni yo‘q ekan, buni vaziyatdan kelib chiqib oqlash mumkindir, lekin avtohalokatga uchraganlarning ayanchli holatini chetdan turib boshqalarga namoyish etish oddiy insoniylikka ham to‘g‘ri kelmaydi.

Aytaylik, uyiga o‘t tushgan ayol norasida bolasi bilan tiriklayin yonayotgan bo‘lsa yoki tepa qavatdan kimdir o‘zini pastga tashlamoqchi bo‘lib tursa-yu ro‘y berayotgan fojiani his etmaslik, bamaylixotir tasvirga olish yoxud to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijtimoiy tarmoqqa uzatish uchun o‘sha odamning yuragi toshdan bo‘lishi kerak, nazarimizda.

Yaqinda bir videolavhaga ko‘zim tushdi. Tasvirga olish maqsadida ob’yektiv yo‘naltirilgan yigit muz ustida (daryomi, ko‘lmi yo katta suv havzasimi, buni tasvirda aniq ko‘rib bo‘lmaydi) sekin-asta ketayapti, ekran ortidagi sherigi esa uning har bir xatti-harakatini qo‘l telefonida videoga olayapti. Birdan muz yorilib, oldinda harakatlanayotgan yigit suvga tushib ketdi. Jon holatda baqirib, sherigini yordamga chaqirdi.

Sherigi esa negadir qutqarishga shoshilish o‘rniga tasvirga olishda davom etaverdi. Suvdagi yigit har qancha urinmasin, muz ustiga chiqa olmadi, hatto boshi suv yuzasida ko‘rinmay qoldi. Nahotki, cho‘kib ketgan bo‘lsa? Yo‘q, qaytadan muz yorig‘ida paydo bo‘lib, bazo‘r muz ustiga chiqib olishga muvaffaq bo‘ldi. O‘limdan zo‘rg‘a qutulib qolgan yigit sherigiga “Nega menga yordam bermading, cho‘kib ketishim mumkin edi-ku”, deb baqirdi. “Esing joyidami, videoga olish bilan band bo‘lsam, senga qanday yordam beraman? Bilasan, buni ijtimoiy tarmoqda millionlab odamlar tomosha qiladi”, deb javob qaytardi sherigi. Va chindan ham ushbu tasvir ijtimoiy tarmoqda tomoshabinlar eng ko‘p ko‘rgan videolavhalardan biri sifatida tilga tushdi…

Noodatiy ko‘rinishdagi voqea-hodisani qo‘l telefonida tasvirga olib, internetdagi ijtimoiy tarmoqqa joylashtirish, shu orqali boshqalarni hayratga solish va bundan o‘zi ham zavqlanish allakimlar uchun shunchaki ermak, hatto inson hayotidan-da muhimroq bo‘lib borayotgani aslida fojia, kelajagimiz uchun ham xatar hisoblanadi.

Muxtasar aytganda, biz hayotimizga tobora chuqur kirib borayotgan uyali aloqa vositalarining o‘rni va ahamiyatini e’tirof etgan holda, ulardan foydalanish madaniyatini nafaqat o‘zimizda, balki o‘g‘il-qizlarimizda ham shakllantirib borishimiz lozim.

Suyundik MAMIROV

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: