Noqonuniy qurilishlarga qarshi kurashish mumkinmi?

Jizzax va Buxoro shaharlarida qurilishi tugallanmasdan qulab tushgan, portlagan ko‘p qavatli turar-joy ob’yektlarining qurilishi aslida noqonuniy bo‘lgan, deb ma’lum qildi qurilish vazirligi. Hayratlanarli tomoni shundaki, bu ob’yektlar qurilishi noqonuniyligi aynan baxtsiz hodisadan keyingina, jamoatchilikka oshkor qilindi. Shu o‘rinda beixtiyor savollar paydo bo‘ladi.

Mamlakat bo‘ylab qurilishi noqonuniy yoki shaharsozlik normalariga zid bunday ob’yektlardan yana qancha bor? Ob’yekt qurilishi noqonuniy ekanligini bilish yoki noqonuniy qurilishlarni to‘xtatish uchun ularning har birida qandaydir baxtsiz hodisa bo‘lishi kerakmi?

Yoki bilsa hazil, bilmasa chin, degandek, agar qurilgan ob’yektlar qulab tushmasa, portlamasa qonuniy qurilish hisoblanadi-yu, bordiyu biror baxtsiz hodisa yuz bersa, quruvchi javobgar topilib, qurilish noqonuniy hisoblanadimi?

Agar qulab tushmaganda, bu ob’yekt taqdiri nima bo‘lar edi? Katta ehtimol bilan qurilish tugallangandan so‘ng mas’ul mutasaddilar yordamida hujjatlar qonuniylashtirilardimi?

Nahotki, mana shu kabi noqonuniy qurilish ob’yektlari baland bo‘lib qad ko‘targunicha birorta ham mas’ul mutasaddilar ko‘rmay qolishsa? Aslida Qurilish vazirligining hududlardagi bo‘limlari va boshqa ayrim mahalliy rahbarlar bu kabi ob’yektlar qurilishidan juda yaxshi xabardor ( manfaatdor bo‘lmasa agar).

Davlatimiz rahbari ham takidlaganlaridek, bugun qurilish sohasi korruptsiya eng ko‘p urchigan sohalardan biridir. Lekin kimlarningdir nafsi, cho‘ntagi uchun iste’molchi moddiy, jismoniy, ruhiy zarar ko‘rishi to‘g‘rimi? Agar ana o‘sha ob’yektlar yana bir necha oy o‘tib qulaganida, bir necha o‘nlab insonlar hayotiga xavf solishi ham mumkin edi. Mas’ul idoralarning bu kabi holatlarga bo‘lgan munosabati esa xuddi no‘noq sportchining o‘yin maydonidan chetlatilishiga o‘xshaydi. ( noqonuniyligini biz bilgandik, biz kutgandik, deb jar solishadi)

Aslida Qurilish vazirligi mas’ullarining noqonuniy qurilishlarni to‘xtatish, sohadagi korruptsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha niyati jiddiy bo‘lsa, buning yechimi juda ham oson. Vazirlik o‘zining rasmiy veb-sahifasida yoki ijtimoiy tarmoqlarda har bir hudud bo‘yicha noqonuniy yoki shaharsozlik normalariga zid ravishda olib borilayotgan qurilish ob’yektlari to‘g‘risida ma’lumotlarni (manzili, suratlari, qurilish firmasini nomi kabi) e’lon qilib borsa, kifoya. Qolganini qalami o‘tkir blogerlarning o‘zi qoyillatishadi (davlat xaridlari mavzusi kabi).

Qolaversa, bo‘lib o‘tgan voqealar fonida noqonuniy qurilish bu sifatsiz, ishonchsiz, xavfli uy yoki bino-inshoot ekanligini anglab borayotgan fuqarolar ham bu kabi ma’lumotlardan xabar topgach, noqonuniy ob’yektlarni xarid qilishdan yoki ularga sarmoya kiritishdan tiyilishadi. O‘z-o‘zidan bozor iqtisodiyotining “ko‘rinmas qo‘li” barcha quruvchi va tadbirkorlarni qonuniy ishlashga majbur qilardi. Bunga esa chinakam xohish va jinday iroda bo‘lsa bas.

P.S. Bu gaplarni yozishdan maqsad kimnidir ayblash yoki qaysidir vazirni obro‘sizlantirish emas, shunchaki atrofimizda bo‘layotgan voqealarga shu jamiyatning a’zosi sifatida munosabat bildirish. Zero, bo‘layotgan voqealarga real yondashish, xatolarni tan olish, yanada samaraliroq faoliyat yuritishga intilish, xalq manfaatlarini eng yuqoriga qo‘yish har birimizning vazifamiz bo‘lishi lozim.

Doniyor G‘ANIYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: