Nos chekmang, buvajon!

Alkogol va tamaki mahsulotlari bozorini tartibga solish va vinochilikni rivojlantirish agentligi tomonidan ishlab chiqilgan “Alkogol va tamaki mahsulotlari aylanmasini tartibga solish hamda iste’molini cheklash to‘g‘risida”gi qonun loyihasida O‘zbekistonda nos, tamakili va nikotinli snyuslar savdosini taqiqlash taklif qilinyapti.

Sog‘liqni saqlash vazirligining Tamakiga qarshi kurashish bo‘yicha mutaxassisining ma’lum qilishicha, loyiha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ko‘rib chiqish uchun kiritilgan. Qonun loyihasida mamlakatda tamaki mahsulotini sotish, reklama qilish, sotuvini rag‘batlantirish, homiylik qilish borasidagi cheklov choralarini kuchaytirish, jamoat joylarida tamakidan xoli muhitni yaratish hamda chekilmaydigan tamaki mahsulotlari (shu jumladan, nosvoy, tamakili va nikotinli snyuslar) aylanmasini taqiqlash ko‘zda tutilgan.

Bu haqida o‘qib o‘z fikr-mulohazalarimni bildirgim keldi. Zero, nima uchundir keksalar orasida ham nos chekuvchilar ko‘pchilikni tashkil etadi. Ular bu mahsulotni olib kelishni nabiralariga buyurib, shaxsiy namuna bo‘lishayotgani esa yanada achinarlidir. Qolaversa, bu mahsulotlarning inson, ayniqsa, keksa organizm uchun zarari haqida aslida bilmaydigan odamning o‘zi yo‘q. Shunday bo‘lsa-da, bugun ayrim ma’lumotlarni keltirgan holda qonun loyihasidagi mazkur taklif inobatga olinishiga umid bildiramiz.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, har yili dunyo bo‘yicha 5 millionga yaqin kishi tamaki chekish asoratida kelib chiqqan kasalliklar tufayli vafot etadi. O‘zbek onkologlarining bergan ma’lumotlariga ko‘ra, til, lab va boshqa og‘iz bo‘shlig‘i organlari hamda halqumning rak bilan kasallanish hollarining 80 foizi nos chekishning oqibati ekan. Noskashning organizmida ham xuddi shunday kimyoviy reaktsiya yuz beradi, nosning ta’siridan birinchi navbatda og‘iz bo‘shlig‘ining shilliq pardasi va oshqozon-ichak yo‘llari jarohatlanadi. Uzoq vaqt nos chekish oshqozon yarasi hosil bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Noskashlarning aksariyati tishlarining tez ishdan chiqishidan shikoyat qilishadi. Muntazam nos chekish, avvalambor, butun organizmni zaharlaydi. So‘ng ichki a’zolar faoliyatiga doir buzilishlar kelib chiqadi.

Keksalikda salomatlikni yanada asrab-avaylash o‘rniga yuqoridagi holatlarga sababchi bo‘luvchi mahsulotlarni iste’mol qilishning salomatlikdan tashqari, nuroniylarimizning obro‘-hurmatlariga ham putur yetkazishi tayin. Chunki biz ulardan faqat o‘rnak olishni istaymiz! Ularning yuzlaridan nur yog‘ilib turishini, qolaversa, jonlari sog‘ va umrlari uzoq bo‘lishini istaymiz! Do‘kondan nos olib qaytgan nabirlarining ko‘zidagi “shu nosni chekmang, buvajon” degan o‘tinchni o‘qiy olishlarini xohlaymiz!

Sayyora QODIROVA

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: