Odil Axmedov — o‘zbek Marodonasi

Zamondoshimiz kim?

O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori. “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi” faxriy unvoni sohibi.
Bugun uning tug‘ilgan kuni.

Zamondoshning hayot yo‘li

Odil Ahmedov 1987 yilning 25 noyabr kuni Namangan shahrida tug‘ilgan. Futbolga mehr qo‘yishiga otasi Olimjon Ahmedov sababchi bo‘lgan. Uning ukasi Azim Ahmedov ham futbolchi, akasi Yoqub Ahmedov esa aktyor va rejissyor.

Odil Ahmedov 2000 yillarning boshida “Navbahor” va Toshkentning “Lokomotiv” futbol klublari akademiyasida tahsil olgan. Keyinroq u Toshkentning “Paxtakor” klubi o‘rinbosarlar tarkibida o‘ynashni boshlagan. 2006 yilda “Paxtakor” bosh murabbiyi etib tayinlangan rossiyalik taniqli futbol mutaxassisi — Valeriy Kuzmich Nepomnyashiy Odil Ahmedovning o‘rinbosarlar jamoasidagi o‘yinini kuzatib, uni “Paxtakor” bosh jamoasiga jalb qilgan. Uning ushbu klub safidagi ilk debyut o‘yini (o‘sha yilning 16 may kuni) Ahmedov 18 yoshdaligida, Zarafshonning “Qizilqum” jamoasiga qarshi uchrashuvda bo‘lgan.

U “Paxtakor” safidagi ilk mavsumidayoq O‘zbekiston chempionligi va O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritgan. 2007 yilgi mavsumda MDHga a’zo davlatlar ishtirok etadigan Hamdo‘stlik chempionlari kubogi finalida Latviyaning “Ventspils” klubini penaltilar seriyasida 9:8 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, yana bir kubokka ega bo‘lgan. Ammo 2008 yilgi mavsumda “Paxtakor” bilan Oliy ligada ikkinchi, O‘zbekiston kubogi va Hamdo‘stlik chempionlari kubogi finaligacha yetib kelib, har ikki finalda imkoniyatni boy bergan va kumush medallarni qo‘lga kiritgan.

2011 yili Rossiyaning “Anji” klubidagi debyutini 1 mart kuni Sankt-Peterburgning “Zenit” jamoasiga qarshi kubok bahsida o‘tkazib, klubning eng yaxshi futbolchisiga aylangan. 2013 yili Rossiyaning Sports.ru nashri e’lon qilgan futbol bo‘yicha mamlakat premer-ligasida to‘p suruvchi 90 nafar eng ko‘p maosh oladigan o‘yinchilar ro‘yxatida 1,5 million yevro maosh bilan ro‘yxatning 65-pog‘onasidan joy olgan. 2014-2015 yilgi mavsumda “Krasnodar” futbol klubining eng yaxshi futbolchisi nomini olgan. 2017 yilda “Shanxay SIPG”da faoliyatini davom ettirgan. Joriy yilning sentyabr oyida futbolchining Xitoy superligasining “Tyantszin Teda” klubiga o‘tayotgani ma’lum bo‘lgan.

Odil Ahmedov joriy yil pandemiya davrida Namangandagi kam ta’minlangan oilalarga 500 mln. so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlarini ehson qilgan.
Odil Ahmedov oilali, uch nafar farzandi bor.

Zamondosh fikrati

Chet ellik sportchilarga O‘zbekiston fuqaroligini berish va ularni terma jamoaga qabul qilish o‘zbek futboli uchun katta kamchilik.

Futbol shunday o‘yinki, unda 11 kishi to‘p suradi, lekin millionlab insonlar muhokama qilishadi.

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: