Og‘riqli nuqta: o‘quvchi nega dars qoldiradi?

Maktabda o‘qib yurgan kezlarim bir sinfdoshim haftalab dars qoldirardi. O‘qituvchimiz uning o‘qishga kelmayotgani bilan qiziqsa, onasi “O‘qib olim bo‘larmidi? Mazasi yo‘q…”, degan javobni berardi. Keyin bilsak, u bozorda arava tortib, ro‘zg‘orga qarashar ekan… Maktabni bitirib, hammamiz o‘z yo‘limizdan ketdik. Kimlardir oliy ta’lim dargohida tahsil oldi. Boshqalar ustozlardan o‘zlashtirganiga tayanib, kasb-hunar yo‘lini tutdi. Yaqinda bozorga tushsam, o‘sha sinfdoshimni ko‘rdim. U hanuz arava tortib yuribdi…

Xo‘sh, bugungi kunda maktablardagi mavjud holat qanday? O‘quvchilarning darsga munosabati talab darajasidami yoki davomat masalasi haminqadarmi? Ushbu savollarga javob qidirish maqsadida bir necha maktabda bo‘lib, mavjud holatni o‘rganishga harakat qildik.

Samarqand shahridagi 59-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Mehri Ro‘ziyevaning ta’kid­lashicha, muassasada ta’lim ikki navbatda olib boriladi. Tushgacha 8-, 9-, 10-, 11-sinflar, jami 552 nafar o‘quvchi ta’lim oladi. Biz borgan 27 yanvar kuni jami 32 nafar o‘g‘il-qiz darsga kelmagani oydinlashdi. Buning sababini so‘raganimizda, davomat bilan shug‘ullanuvchi yoshlar yetakchisi 17 nafar o‘g‘il bolani “Voyenkomat”ga olib ketgani, qolganlari sababli ekanini ma’lum qildi. Shu o‘rinda haqli e’tiroz tug‘iladi: harbiy komissariatga dars tugagandan keyin ham borish mumkin-ku.

Shuningdek, dars boshlangan bo‘lsa-da, dahlizda shovqin solib yurgan o‘quvchilarni ko‘rdik. 8 “B” sinfda 3 nafar o‘quvchi darsga nima uchun kelmaganini so‘rasak, “doimiy kasal” degan javobni oldik. 8 “A” sinfda ham xuddi shunday holat kuzatildi.

Bu hali hammasi emas. Ba’zi ota-onalar tomonidan o‘qish bir chetga surib qo‘yilib, farzandlarini ishga yuborayotganiga nima deysiz? “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunning 30-moddasida “Voyaga yetmagan bolalarning ota-onalari yoki qonuniy vakillari bolaning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilishlari shart hamda ularning tarbiyasi, maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta-maxsus kasb-hunar ta’limi olishlari uchun javobgardirlar” deb belgilab qo‘­yilgan. Afsuski, biz namuna deb biladigan ayrim kattalarning o‘zi ana shu javobgarlikni his qilmayotgani bor gap.

Mazkur ta’lim dargohida ham ko‘p dars qoldiradigan o‘quvchilar bor. Xususan, 11 “A” sinf o‘quvchisi O.M. yaqin orada “rekord” o‘rnatsa, ajabmas. Ma’lum bo‘lishicha, u ta’lim olib, savod chiqarishdan ko‘ra, dars paytida ishlab, pul topishni ma’qul ko‘rarkan. Maktab direktori Go‘zal Alimovaning ta’kidlashicha, hozirgi kunda uni o‘qishga qaytarish borasida zaruriy chora-tadbirlar amalga oshirilyapti. Balki, davomat masalasidagi muammolar yuzaga kelayotganiga issiqlik tizimidagi kamchiliklar sabab bo‘layotgandir. Zero, ushbu maktab xonalarini ko‘zdan kechirish chog‘ida sinflarni isitish uchun elektr pechlardan foydalanilayotganiga ko‘zimiz tushdi.

O‘rganishlar davomida, odatda yuqori sinf o‘quvchilari ko‘p dars qoldirishiga guvoh bo‘ldik. Demak, ayni muammoga yanada jiddiy e’tibor qaratish, mahalla, voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiya, huquqni muhofaza qiluvchi organlar birgalikda hamkorlikni mustahkam yo‘lga qo‘yishi zarur. Zero, bu masala o‘smirlar o‘rtasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklar bilan bevosita bog‘liq.

Mansur HASANOV

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: