Oliy Majlis deputati Yelena Borisova qayerda?

Bugun butun dunyo sinovli kunlarni boshidan kechirmoqda. Bu jarayonda shifokorlarimiz tom ma’noda jang maydonining oldi qatorida turib, jasorat ko’rsatayotganini barchamiz ko’rib, bilib turibmiz.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Fuqarolarning sog’lig’ini saqlash masalalari qo’mitasi raisi Yelena Borisova koronavirus kasalligi tarqalgan birinchi kunlardanoq pandemiyaga qarshi kurashish, uning ustidan g’alaba qog’onish uchun jang maydoniga kirgan edi.
Men ana shunday inson bilan bir jamoada mehnat qilayotganimdan faxrlanaman.

Kuni kecha Y. Borisova Toshkent viloyati Zangiota tumanida koronavirusga chalingan bemorlarni qabul qiluvchi ixtisoslashtirilgan yuqumli kasalliklar shifoxonasi faoliyatini samarali tashkil etish ishlariga jalb qilindi.

Ta’kidlash joiz, YE. Borisova ko’p yillar davomida sog’liqni saqlash tizimida faoliyat yuritgan tajribali, tashabbuskor, o’z kasbining ustasi bo’lgan shifokorlardan biri.

Hamkasbimizning bugungi murakkab va sinovli kunlarda o’z mahorati va bor tajribasini ishga solib, yurtdoshlarimizning mazkur kasallikdan forig’ bo’lishlari va ko’rinmas yovni daf qilishda barcha imkoniyatlarini ishga solishiga ishonamiz.

Jumanazar Otajonov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Fikr bildirish