Oliy ta’lim diplomli savdogar yoki uy bekasi yetishtiradigan joyga aylanib qoldi – oddiy o‘qituvchidan murakkab fikrlar

O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimi yillar davomida qancha islohotlarga yuz tutmadi deysiz.

Goh 100 ballik baholash yana 5 darajalik baholash tizimiga o‘zgartirildi, goh kirish imtixonlari test sinovlari bilan almashtirildi. Lekin ularni bir fidoyi pedagog ta’biri bilan aytganda “bolasi yo‘q insonlar” yaratdi. Faqat oxirgi yillarda testologiya asoslariga muvofiq testlarni yaratish ustida bosh qotirilayotgandek biroq hali tayinli natija yo‘q.

Test savollari faqat bilim emas, balki malaka va tajribani aniqlash imkonini berishi, uning bir necha turlari mavjudligini go‘yoki bilmadik. Bildik, biroq yaratishga malakamiz yetmadi yoki erindik. Butun boshli test markazi yil davomida nima bilan shug‘ullanishi hamon savol ostida. Tizimda korrupsiyani butkul yo‘q qilib bo‘lmadi. Forma va davomat masalalariga ham yangicha yondashuv kerakligi oydinlashdi. Negaki kecha darsda doim qatnashgan va forma kiygan namunali talaba bugun bilimdon va mohir kadr bo‘lib yetishmagani ma’lum bo‘lmoqda.

Raqobat yo‘q – rivojlanish ham

Shu yillar davomida ta’limda rivojlanish bo‘lmadi, asosiy sabab – raqobat yo‘q edi.

Bir sohada o‘qish uchun faqat bir universitet va institutga kirish kerak, tanlov imkoniyati judayam chegaranlangan. OTM 2 ta bo‘lsa ham u yerda o‘qitiladigan fanlar va dasturlar bir xil edi. “Tayanch oliy ta’lim” tushunchasi dasturlarni ko‘paytirish va meʼyorini ushlashga xizmat qildi, xolos.

Tanlov bo‘lmaganidan keyin farqi nima qayerda o‘qishning. Sohani tanlab kirgan talaba, yarim yil o‘qib qiziqishi so‘ndi, ammo u 4 yil o‘qishga majbur, chunki boshqa yo‘nalishga o‘tish amrimahol. Qarabsizki, oliygohlar diplomli savdogar yoki uy bekasi yetishtiradigan joyga aylanib qoldi.

Tanlov yo‘q. Talaba bo‘lsangiz o‘zingiz qiziqqan fanni o‘qiy olmaysiz, chunki rejada ko‘rsatilganlarini o‘qishingiz shart. Ustozning dars berishi yoqmadi, bu yerda ham tanlov huquqingiz yo‘q, murosa qilishga majbursiz, chunki baho olishingiz kerak.

O‘qituvchilar o‘rtasida ham raqobat yo‘q. Hech kimda o‘z ustimda ishlamasam, yomon dars bersam, tadqiqot bilan shug‘ullanmasam ishimdan ayrilaman, degan qarash bo‘lmadi. O‘qituvchi “komissiya” uchun ishladi, talaba uchun emas. Qog‘ozlar va hujjatlar gapirdi, amalda hammasi yuzaki bo‘ldi. Xullas, yoshlar universitet, fan va o‘qituvchi tanlash huquqidan mahrum ta’limni majburan o‘tadi.

Hamma oliygohda o‘qishi shartmi?

Bizda yaxshigina stereotip bor – kollej yoki maktabni bitirdingmi institutga kirishing kerak degan. Rivojlangan davlatlarda oliy ta’limga ehtiyoj sezgandagina o‘qishga kiradi inson. Ungacha soha tanlaydi, ishlab ko‘radi, yaxshilab o‘ylab zaruratga qarab oliy ta’limni tanlaydi.

Bizda vaqt o‘tmasidan kirib olish (farqi yo‘q qaysi sohada o‘qishning), diplom qo‘lga tekkach boshqa sohada ish topish yoki tijorat bilan shug‘ullanish odatga aylandi. Chunki kontrakt miqdori yil sayin oshdi, vaqtdan yutish kerak edi. Keyin oila qurish, farzandli bo‘lish o‘qishga imkon bermasligi masalasi ham mavjud.

“O‘zimdan kichkinalar bilan o‘qiymanmi?” degan kibrli qarash ham yo‘q emas. Yoki “diplomi bor qizlarning sovchisi ko‘p bo‘ladi” degan stereotip fikr ham mavjud.

Xullas stereotiplar girdobida “qaysi sohaga qiziqaman?” “nimaga o‘qishim kerak?”, “kim bo‘lmoqchiman?” degan savollar ko‘zga ko‘rinmaydi. Diplomli bo‘lish ma’lum bir darajaga erishish sifatida baholanadi. Vaholanki, diplom sizni shu ta’limni o‘taganingiz haqidagi hujjat, xolos. Sizning malaka va tajribangiz kafolati emas. Stereotiplarni buzish vaqti allaqachon keldi, chamamda.

Velosipedni qayta yaratishga urinish…

Xullas, o‘zgarishlar hanuzgacha natija bermagach jahon ta’limidagi modul-kredit tizimiga yuzlandik. Vaholanki, bu tizimga boshqa qo‘shni davlatlar allaqachon o‘tishganini go‘yoki ko‘rmadik. Mavjud velosipedni qayta yaratishga urindik. “Xo‘rozqand chet elniki” bo‘lgani uchun o‘z yo‘limiz, o‘z modelimizda sobitqadam bo‘ldik. Oxir-oqibat shu “xo‘rozqand”ni ham bir tatib ko‘rishga qasd qildik. Bir tarafdan dunyo oliy ta’limi reytingi ko‘rsatkichlariga monand bo‘lish masalasi qad ko‘targan bo‘lsa, ikkinchi tarafdan pandemiya mazkur jarayonni tezlashtirib yubordi. Afsus, bizda masofaviy ta’lim bo‘yicha tajriba umuman yo‘q edi.

Bugun holat qanday? Albatta, o‘tish davri doim qiyin kechgan, yangilik tarafdorlari va uni qoralovchilar har qaysi davrda ham bo‘lgan. Biroq so‘nggi yillarda ta’limga jiddiy eʼtibor berish kerakligi, u orqali iqtisodiy o‘sish, taraqqiyot va yashash darajamizni yuqorilash mumkinligini angladik. O‘qituvchilarning oylik maoshlari ko‘tarildi, erkak ustozlar ta’limga qayta boshladilar. Ilmiy tadqiqot ishlari rag‘batlantirila boshlandi. Otto fon Bismarkning “Kimda-kim ta’limda iqtisod qilar ekan, muqarrar qamoqxona qurishga majbur” degan fikrlarini anglagandek bo‘ldik. Jamiyatdagi aksariyat muammolar ta’limimizning sifatsizligidan paydo bo‘layotganini tushundik.

Modul-kredit tizimi bizga nimalarni va’da qilmoqda? Ta’limda bozor qonuniyatlarining joriy qilinishini, ta’lim berish xizmat ko‘rsatish sifatida sifatli va talabga javob berishi zaruriyatini va’da qilmoqda. Negaki, har bir fan hajmi va fundamentalligiga ko‘ra kreditlar bilan baholanib, aniq vaqt va mablag‘ miqdori bilan belgilanadi. Talaba oddiy til bilan aytganda fanni sotib oladi va qiziqishiga ko‘ra ayrim fanlarni tanlash huquqiga ega bo‘ladi.

Ikkinchidan mobillikni ta’minlaydi, talaba boshqa oliy ta’limga o‘tishi, dasturlarni tanlashi mumkin. Raqobat muhiti shakllanadi, bir sohaga ixtisoslashgan ta’lim dargohlari o‘zaro raqobat qiladilar. Raqobatda ustunlikka erishish uchun ishlab chiqarish, ijtimoiy sohadagi muammolar tadqiqot ishlari mavzusiga aylanadi va ishlab chiqaruvchi korxona oliy ta’lim bilan hamkorlikda ish olib boradi. Yorqin va’dalar… Bularni amalga oshirish uchun shu kunlarda nimalar qilinyapti?

Biz nimalar qila oldik?

Pandemiya davri ko‘p narsaga yangicha qarash kerakligini o‘rgatdi. Modul-kreditga o‘tish zaruriyati ham shu davrda anglashildi. Yangi o‘quv rejalar ishlab chiqildi. Unda fan soatlari optimallashtirildi, bir-birini takrorlaydigan fanlar olib tashlandi, mustaqil ta’limga eʼtibor qaratildi. Tezlikda yangi o‘quv reja asosida 4 yillik o‘quv dasturlari yaratildi. Yangi avlod adabiyotlarini yaratish ishi boshlandi.

Biroq bular shu qadar tig‘iz vaqtda qilindiki, sifat ko‘rsatkichi ortda qolgani aniq. Shu bois, ularni yangilash, vaqt o‘tishi bilan yangi o‘zgaritirishlar kiritish imkoniyatini ham berish zarur, aks holda ayanchli oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Karantin davri boshlanganda masofadan o‘qitish tajribamiz yo‘qligi sababli ancha qiyinchiliklar yuz berdi. Avval telegram kanallarida darslar davom etdi, Moodle ta’lim platformasi ishga tushgach, barcha fanlar doirasidagi materiallar u yerga yuklatish topshirig‘i berildi.

Videodarslar yozish majburiyati ko‘plab uztozlarning savodsiz va sifatsiz dars o‘tishlarini oshkor etib, ijtimoiy tarmoqlarda muhokamaga sabab bo‘ldi. Bu davrda ham katta muammolarimiz yarq etib ko‘zga tashlandi. Biz masofadan o‘qita olmaymiz, talabamiz uzoq viloyatda yashaydi, u yerda internet yo‘q, aloqa yo‘q, degan iddaolar ko‘paydi. Bu muammo o‘qituvchilarda ham bo‘ldi, platforma katta hajmdagi ma’lumotlarni ko‘tara olmadi. U yerga videodarslarni yuklash to‘xtatildi.

ZOOM instrumenti onlayn muloqot qilish imkoniyatini berdi. Sentyabr oyidan darslar ZOOMda o‘tilsin degan topshiriq bo‘ldi. Afsuski, yana o‘sha internet sifati sabab bu ham bekor qilindi. Chorasiz qoldik va yana bir mantiqqa zid “kashfiyot” qildik. Nima emish, “o‘qituvchi dars vaqtida Moodle ta’lim platformasida onlayn turishi kerak va agar talaba savol bersa javob berishi kerak bo‘ladi”. Savol bermasa-chi? Baribir o‘qituvchi onlayn tursin, rahbariyat buni tekshiradi. U yerga yuklatilgan materiallarni talaba o‘zi mustaqil o‘qib olishi zarur. Dahshat! Talaba shunga kontrakt to‘lashi qay darajada mantiqqa to‘g‘ri.

Biz nimada xato qilyapmiz?

Bunday holat nega sodir bo‘lyapti? Chunki nazorat qilayotganlari uchun ishlayapmiz. Sifat hech kimni qiziqtirmayapti?

Ta’lim sifatining ichki nazorat tizimini tadbiq etish juda muhim. Oliy ta’lim muassasasi o‘z ish uslubini o‘zi tashkil etishi jahon tajribasida mavjud.

Masalan, Buyuk Britaniyada universitetlar mustaqilligi juda ko‘p jihatlarda namoyon bo‘ladi: o‘quv dasturlarni yaratish, o‘quv jarayonlarini tashkil etishdan tortib, moliyaviy mablag‘lar harajatlarigacha bo‘lgan jihatlarda universitetlar mustaqil.

Shunda ham davlat uni moliyalashtirish bo‘yicha oqilona siyosatni olib boradi. Ta’lim va malaka vazirligi (Department for Education and Skills – DfES) mamlakatda ta’lim siyosatini shakllantiradi va oliy ta’limni moliyalashtirish uchun masʼul hisoblanadi. U moliyaviy siyosatni amalga oshirish huquqini Angliyada Oliy ta’limni subsidiyalash bo‘yicha kengashga (SSVOA – Higher Education Funding Council for England – HEFCE), Ta’lim va malaka bo‘yicha kengashga (Learning and Skills Council), O‘qituvchilar malakasini oshirish agentligiga (Teacher Training Agency) va boshqalarga o‘tkazadi.

OTM faoliyatini tashqi baholashga talabalar hamda ish beruvchilarni jalb etish maqsadga muvofiq. Bu yerda real ish beruvchi yangi kadr shakllanishida qatnashadi va o‘z talablarini bildirib turadi, ta’lim muassasasi bu talablarga binoan o‘quv dasturlariga o‘zgartirishlar kiritadi. Hozirgidek, bir dastur 4 yilga tasdiqlanmaydi. Shundagina sifat o‘sishi kuzatiladi. Mazkur tizimda bozor va davlat tomonidan tartibga solish mexanizmi o‘rtasida maqsadga muvofiq nisbatni topish lozim. Darslar qanday shaklda o‘tilishidan qatʼiy nazar, o‘tilishi, “xo‘jako‘rsin”ga platforma materiallar bilan to‘ldirilmasligi, asosiy maqsad – bilim berishda har qanday vositadan foydalanish, qatʼiy cheklovlar qo‘ymaslik kerak. Butun tizim, yana achchiq kulgi va o‘tkir tanqidlarga qolmasligi uchun harakat qilishi kerak.

Oddiy o‘qituvchi

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: