O’qituvchi o’zining hisobidan xarajat qiladi

yoxud bitmas- tuganmas majburiyatlar haqida

Ayni kunlarda o’qituvchilar pandemiya talablari amalda bo’lishiga qaramay, karantin qoidalariga rioya etgan holda, har yilgidek avgust kengashlari seminarlarida o’z tajribalarini baham ko’rishmoqda. Keyin esa ular yana bir katta vazifa — Mustaqillik darsiga tayyorgarlik ko’rishadi. Har o’quv yili boshida bayram sharofati bilan yasatilgan sinf xonasi-yu, ko’rgazmali materiallar bilan bezatilgan doskani o’qituvchi qaysi mablag’ evaziga to’ldirishini bilasizmi?
Partalar ustidagi bayroqchalarni kim sotib oladi? Albatta, bu ishlarning barchasini aksariyat ustozlar o’z “karmonlaridan aqcha sarflab” va o’z qo’llari bilan bajarib kelishgan.

Hali o’quv yili qay tarzda boshlanishi ma’lum bo’lmasa-da, bu yil ham o’qituvchilar allaqachon harakatga tushishgan. Ularga har ehtimolga qarshi yana o’sha topshiriqlar yuklatilgan. Maktab direktoridan “O’sha o’rgazmali qurollar va sinf jihozlarini qaysi mablag’ evaziga sotib olamiz?” deb so’ray olmagan o’qituvchi dugonam “zorini” menga aytib qoldi. Men esa shu vaqtgacha bu haqda o’ylab ko’rmaganim uchunmi, unga nima deyishni bilolmadim. O’z hisobingdan sarflayver, yurtimiz bolalari uchun-ku, deb vatanparvarlik qilaymi yoki nega rahbaringga shartta shu savolni bermading, deya haqiqatparvarlikni peshlaymi?

Xullas, “ko’rgazmali qurollarni qo’l mehnating bilan tayyorlasang ham kamchiqim, ham oddiy bo’ladi”, dedim. U esa “yo’g’-ey, bir sinfda 30 o’quvchi bo’lsa, shuncha bayroqchani qanday tayyorlayman?”, dedi uh tortib. O’zi yaqindagina bu kasb egalari sinfni ta’mirlash g’alvasidan
qutulgan edi, nazarimda. Maktabni yangi o’quv yiliga tayyorlash uchun sinflarni ta’mirlash va jihozlash ishlari qaysi mablag’ evaziga amalga oshirilishi kerakligi esa doim takroriy, javobsiz savol bo’lib qolaveradi. Ota-onadan pul yig’ilmasa, ustoz yonidan sarflashga majbur etilmasa, bu ishlar kim yoki nima evaziga qilinishi kerak, axir?

Nima uchun shuncha yildan beri Xalq ta’limi vazirligidan bir mard chiqib, “byudjetdan buncha ajratiladi, shunchasi shunga, bunchasi bunga sarflanishi lozim”, deb shartta aytmaydi. Shunda o’qituvchi uchun asos, tayyor dalil, hujjat bo’lardi, qo’yardi. Pedagoglar obro’sini va oylik maoshini oshirsak ham majburiy mehnat va obuna qildirmasak ham (vaholanki, gazeta-jurnalga sarflagan puliga o’qituvchi bunchalik achinmagan bo’lardi), bu yoqdan maktab direktorlari zimdan turli topshiriqlarni yuklayversa, bilingki, otamizday ulug’ ustozlarga oson bo’lmaydi.

Haliyam bo’lsa, shu masalaga oydinlik kiritish va o’qituvchilarni haqiqiy ma’noda moddiy majburiyatlardan ozod qilish lozim. Siz nima deysiz, fikrdosh?

Sayyora QODIROVA

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: