Oqsari onaning armoni

Mo‘ynoqning asosiy tashrif qog‘ozi, bu shubhasiz, kemalar qab­ristoni joylashgan eski kema portidir. Urush yillari ushbu portga O‘zbekistonning barcha joylaridan askarlar Amudaryo orqali kelib, shu yerdan dengiz kemalariga chiqib, Qozog‘istonning Orol shahriga borgan, keyin frontga poyezd yoki boshqa transportda olib ketilgan. Ushbu eski port o‘rnida uchi osmonga qarab turgan bir inshoot mavjud. Bir vaqtlar Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan askarlar xotirasiga bag‘ishlab qurilgan va “Uchgan yulduz” deb nomlangan bu majmuaga hozir dengiz va portni eslatuvchi yodgorlik sifatida qaraladi.

Mazkur yodgorlik qurilishiga sabab bo‘lgan g‘oyat ta’sirli bir voqeani mo‘ynoqliklar yaxshi eslashadi.

1941 yil urush boshlanib, Mo‘ynoqda bir oiladan ota va uning yolg‘iz bolasi frontga chaqiriladi. Uyda Oqsari ismli ona yolg‘iz qoladi. Ko‘p o‘tmay, frontdan ota vafot etgani haqida qora xat keladi. O‘g‘il ham shu ketgancha, mo‘l ketadi. Ko‘rdim-bildim, degan kishi bo‘lmaydi.

Urush tugaydi. Frontga ketganlardan birov nogiron, bosh­qasi sog‘ qayta boshlaydi. Qaytmaganlarning esa urushda biror joyda halok bo‘lgani haqidagi xabarlar chiqib turadi. Afsuski, Oqsari onaning o‘g‘lidan darak bo‘lmaydi.

Ayol har kuni pochta kutadi, har kuni kelayotgan kemani kutib olishga chiqadi, yolg‘iz o‘g‘lidan esa nishon yo‘q. Urush tugasa-da, onaizor har kuni shu portga kelib, soatlab farzandi otlangan yo‘lga termulib o‘tirishni odat qiladi. Oradan yillar o‘tadi.

70-yillar o‘rtalarida dengiz suvi tortilib, chekina boshlaydi va port joyini o‘zgartirishga to‘g‘ri keladi. 30 yildan ortiq farzandini shu joyda kutib kelayotgan ona “portni ko‘chirmang” deya dod-faryod soladi.

“Mening bolam urushga shu yo‘ldan ketgan. Kelsa, endi shu yo‘ldan keladi”, — deb portni ko‘chirmoqchi bo‘lganlarga zor yig‘laydi.

“Opa, endi suv yo‘q, kemalar qatnamaydi. Bolangiz keladigan bo‘lsa, mashinada yoki samolyotda keladi, dengiz yo‘li bilan emas”, — deyishadi ular.

“Yo‘q, tushunmayapsiz. Mening bolam hali yosh, o‘z uyini faqat shu yo‘l orqaligina topa oladi. U Mo‘ynoqdan boshqa yerni bilmaydi, faqat dengizga chiqib ko‘rgan, xolos. Kelsa, dengiz yo‘li bilan keladi. Yo‘qsa, uyini qanday topadi?…”

— Mo‘ynoq tumani partiya qo‘mitasi ikkinchi kotibi lavozimida 28 yil ishlagan Abdikerim Tleuov degan kishi 40 yil o‘g‘lini kutgan onaning taqdiridan g‘oyat ta’sirlanib, urushga ketib halok bo‘lgan askarlar xotirasiga bag‘ishlab “Uchgan yulduz” yodgorligini yaratish g‘oyasini ilgari surgan, — deydi ekskursovod-olim Oktyabr Dospanov.

Ushbu majmuada avval 1941-1945 yozuvi bo‘lib, uchida besh yulduz bo‘lgan. Endi yodgorlik qayta ta’mirdan chiqarildi.

“Kemalar qabristoni” aynan shu yerda joylashgan. 12 eski kema bir vaqtlar bu joyda dengiz bo‘lganidan darak beradi.

2000 yillar boshigacha dengizning qurigan maydonida qolib ketgan 300ga yaqin kema asta-sekin metallolom uchun kesib-kesib davlatga topshirildi.

Hozir mavjud 12 dona eski kemani ham yo‘q qilib yuborish g‘oyasi mutasaddi rahbarlar tomonidan vaqti-vaqti bilan ko‘tarilib turadi. Kemalar Qoraqalpog‘istonning imijiga salbiy ta’sir ko‘rsatarmish. Yaqinda Mo‘ynoq bo‘yicha o‘tkazilgan bir yig‘ilishda yuqori lavozimli bir amaldor shu taklifni yana bir bor ko‘targani meniyam hayron qoldirdi. Axir, sayyohlar shu manzarani ko‘rish uchun Mo‘ynoqqa kelishyapti-ku. Agar, kemalar yo‘q qilib yuborilsa, gap-so‘z ko‘paymaydimi? Mo‘ynoqda turizmni rivojlantirish bo‘yicha Prezident qarori ijrosi nima bo‘ladi?

2010 yil Mo‘ynoqqa BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun kelishi aytilib, qizg‘in tayyorgarlik boshlanadi. Shunda haligi 12 ta kemani nari sudrash, beri sudrash bo‘yicha topshiriqlar joniga tekkan bir amaldor “shu kemalarni ham o‘shanda metallolomga berib yuborish kerak edi, boshga bitgan balo bo‘ldi-ku” degan ekan.

Mo‘ynoqda yaqinda “Motamsaro ona” haykali qurib bitkazildi. Bizningcha, Oqsari ona timsolida ham bir yodgorlik o‘rnatilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Axir, yurtimizda Oqsari ona kabi qanchadan-qancha onalar dilbandi yo‘liga ilhaq bo‘lmagan deysiz?!

Yesimxon QANOATOV,
Jurnalist

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: