O’quvchi va o’qituvchilar ham norozi: darsliklar o’quvchilarning qiziqishini so’ndirmoqda

@fikrat_murojaat_bot ga yozilgan murojaatlardan tayyorlandi:

Toshkent shahar, Chilonzor tumanidagi 202-maktabning 10-sinf o’quvchisi Azizbek Abdumalikov 2014 yil nashr etilgan 9-sinf “Ingliz tili” darsligi mualliflari Lutfullo Jo’raev va bir qancha pedagoglarga murojaat qilib yozgan ochiq xatida bu darslikni tengdoshlari va ustozi bilan muhokama qilishganini, undagi ayrim mavzular eski va takroriyligi bilan o’quvchilarning qiziqishini so’ndirayotganini ta’kidlagan. Jumladan, “Personal qualities and jobs”, “Applying for a job”, “Political parties”, “Local government”, “A day in the life of” kabi mavzular zerikarli tarzda berilganini aytib, uning o’rniga “I am online” mavzusi qo’yilsa va yaqin
do’stiga onlayn xat yozish topshirig’i berilsa, juda qiziqarli bo’lishini ham taklif sifatida yozgan. Bundan tashqari, ushbu o’quvchi aytganidek, kasb tanlash mavzusi boshlang’ich sinfdan to bitiruvchi sinf darsligigacha qayta-qayta berilgan. To’g’ri, bu bitiruvchilarni kasbga yo’naltirish maqsadida berilgan mavzu, lekin bo’yoqchi, sotuvchi, mashina ustasi kabi hunar
egalarinigina emas, zamonaviy kasb sohiblarining ham nomlanishini berish vaqti kelgandir.
Qolaversa, kasb bilan hunarning, ya’ni “Job” bilan “Sraft”ning farqi borku, axir!

O’quvchining quyidagi fikrlarini esa aynan keltirishni lozim topdik:

— Sinfimizda ingliz tilini bor-yo’g’i ikki kishi tushunadi. O’tgan yillari bu darsga qiziquvchilar ko’pchilikni tashkil etardi. Ammo hadeb matnni o’zbekchaga o’girish, bir xillik sinfdoshlarimning qiziqishlarini so’ndirdi, nazarimda. Nima uchun har bir mavzuga bir betdan matn qo’yasizlar? Grammatik mashqlar esa oz. Taklifim, agar iloji bo’lsa, grammatikaga ko’proq e’tibor berib, darslikka qiziqarli va o’quvchini fikrlashga undaydigan, lug’at mashqlarni kiritsangiz. Kitobning boshidagi har yili beriladigan bayram, muhim sanalarga oid ma’lumotlar o’rniga esa turli davlatlarning urf-odatlari haqidami, xullas, yangi ma’lumotlar
kiritsangiz hursand bo’lardik. Menimcha, mazkur darslik yordamida o’tayotgan darslarimiz va olayotgan bilimlarimiz bizni Prezident maktablari-yu, oliy o’quv yurtiga kirish imtihonlariga puxta tayyorlay olmaydi. Repetitorga qatnashga majbur bo’lamiz. Shunday qilib, nima uchun darsliklar mukammal tarzda tayyorlanmaydi? Bunga tajribali mutaxassislar yetishmaydimi yoki bizga shu ham bo’laveradimi?

Xorazm viloyati, Xiva tumanida istiqomat qiluvchi Asalbonu Normurodova esa ingliz tili darsligidagi ayrim mavzularni o’tishda kompyuter texnologiyalaridan foydalanish lozimligi ko’rsatilganini, ammo viloyatlardagi aksariyat maktablarda buning uchun sharoit va proyektor, televizor, kompyuter kabi jihozlar mavjud emasligini ta’kidlagan.

E’tibor bergan bo’lsangiz, darslikda yozilgan ayrim topshiriqlarni bajarishga aslida maktablarda imkoniyat yetarli emasligi masalasi o’quvchilarning e’tirozlariga sababchi bo’lmoqda. Chindan ham, yozib qo’yilgani bilan shu ishni qilib bo’lmasa nima keragi bor bunday
rasmiyatchilikni?

O’quvchilarning e’tirozlarini qo’llab-quvvatlagan o’qituvchilar ham yo’q emas. Masalan, ingliz tili o’qituvchisi Nazokat Ismoilova yuqori sinflarga mo’ljallangan mazkur fan darsligi chindan ham o’quvchilar uchun zerikarli va murakkab ekanini tasdiqlab, “Men o’quvchilarga ularning darajasiga qarab, turli grammatik mashqlarni boshqa adabiyotlardan topib borib, dars o’tishga majbur bo’laman”, deb yozgan. Yana bir ingliz tili fani o’qituvchisi Munojat Karimova esa mazkur fan darsligidagi ba’zi mavzular bugungi kunga to’g’ri kelmasligi, eskirgani, grammatik ma’lumotlar va mashqlar ozligini, ayrim mavzularni esa yangilash yoki olib tashlash
lozimligini ta’kidlagan.

Xullas, darsliklar haqidagi fikrlardan ko’rinadiki, bu borada yetarlicha kamchiliklar mavjud.
Ularni bartaraf etishga kirishmasak, yosh avlodning puxta bilim olishi ham dargumon. Zero, o’ziga ma’qul bo’lmagan kitobdan foydalanish o’qituvchi-yu o’quvchining istak va ishtiyoqini pasaytirib boraveradi. Bunga esa mutasaddi va mualliflar yo’l qo’yishmaydi, deya ishonamiz.

Sayyora Qodirova

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: