O’tkir Hoshimov haqida 5 fakt

Bugun, 5 avgust — yozuvchi tavallud topgan kun.

1. O’zbekiston xalq yozuvchisi, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibi O’tkir Hoshimov 1941 yil 5 avgustda Toshkent shahrida tug’ilgan. Yozuvchining bolaligi urush va urushdan keyingi mashaqqatli davrga to’g’ri kelgan. “O’sha davrda non tanqis bo’lgani bilan kutubxonalarda kitob ko’p edi”, deya eslagan yozuvchi o’z xotiralarida. Kitob o’qish barobarida O’tkir
Hoshimov pochtada xat tarqatuvchi bo’lib ishlagan. Aynan mana shu ish bo’lajak yozuvchini oddiy odamlarning kitobdagi hayotdan butunlay boshqa turmushiga oshno qilgan.

2. Yozuvchi “Ikki eshik orasi” romanini 1982 yilda oilasi bilan Pitsundagi Yozuvchilar ijodiy uyida dam olganida yoza boshlagan. Bir kuni turmush o’rtog’i O’lmasxon Hoshimova farzandlari bilan dengiz bo’yida sayr qilib qaytar ekan, xonada ijodkorning 10 kundan beri yozganlarini yirtib tashlayotganiga guvoh bo’ladi. Yuz betlik qo’lyozmani saqlab qolishga
uringan O’lmasxon ayaning aytishlaricha, “Ertaga kuz!” sarlavhali o’sha qoralamalar oradan uch yil o’tib, “Ikki eshik orasi” romaniga aylangan. Uch yuz ming nusxada 10 martadan ortiq nashr qilinib, turli davlat tillariga tarjima qilingan.

3. O’tkir Hoshimov bir xatosini hecham kechirolmagan. U bu haqida shunday gapirgan:

«Oyim: «Kel, bolam, birga suratga tushaylik», deganlarida, men «bu shunchalik shoshilinchmi», deb kulganman… Oradan bir hafta o’tmasdan onam vafot etganlar».

4. O’tkir Hoshimov diplom ishi yozmagan. Sababi 3-kursda uning birinchi kitobi chiqqan, o’qituvchilar esa buni diplom ishi deb hisoblashgan. Bundan tashqari, O’tkir Hoshimov o’zi bilan bir sanada tug’ilgan Gi De Mopassan asarlarini tarjima qilgan.

5. O’tkir Hoshimov 80-yillar oxiri, 90-yillar boshlarida O’zbekiston televideniesida dolzarb mavzular ko’tarilgan mashhur “Bahs” ko’rsatuvini olib borgan. «Yuqori tashkilot»dan dahriylik — xudosizlik mavzusida «Bahs» ko’rsatuvini qilish haqidagi topshiriqni adib bajarmagach, ko’rsatuv to’xtatib qo’yilgan. 1990 yilda esa ba’zi to’siqlarga qaramasdan o’zi bosh muharrir bo’lgan “Sharq yulduzi” jurnalida Qur’oni Karimning ilk o’zbek tilidagi tarjimasini chop etishga jur’at etgan.

Bonus. O’tkir Hoshimov qalamiga mansub kichik hikoya.

«Tutingan» o’g’il

Amal kursisida o’tirganingda kim eng ko’p tovoningni yalasa, kursidan tushganingda o’sha birinchi bo’lib sendan yuz o’giradi, deganlari qanchalik to’g’ri ekaniga o’zim ishonch hosil qildim.
Bir qadrdonim bor edi. Kunora qo’ng’iroq qilib, haftada kelib turar, shifoxonaga tushib qolsam, «ovora bo’lmang», deyishimga qaramay hammadan avval yetib borar, ta’til paytida O’zbekistonning qaysi burchagiga dam olmay, topib borar, «bir cho’qimgina» osh qilmasa,
ko’ngli joyiga tushmas edi… Bunisi ham mayli, ikki gapning birida «men sizni otam deganman, siz mening otamsiz», deb, Xudoni o’rtaga solib qasam ichardi…
Mansabim jinday o’zgargan edi, «bolam»ni yo’qotib qo’ydim. Surishtirsam boshqa ota izlab yurgan ekan…

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: