O‘z to‘shagida jon taslim qilgan birdan – bir jadid. U kim edi?

Jadidchilik harakati yurtimiz mustaqilligi yo‘lidagi kurashlar silsilasida alohida o‘rin tutadi. Jadidlarning millatparvarlik, yurtparvarlik, xalqni ilmu ma’rifatga chorlovchi g‘oyalari hali – hanuz o‘z ahamiyatini yo‘qotgan emas. Zero, davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasida ta’kidlanganidek, “…jadidchilik harakati, ma’rifatparvar bobolarimiz merosini chuqur o‘rganishimiz kerak. Bu ma’naviy xazinani qancha ko‘p o‘rgansak, bugungi kunda ham bizni tashvishga solayotgan juda ko‘p savollarga to‘g‘ri javob topamiz. Bu bebaho boylikni qancha faol targ‘ib etsak, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz bugungi tinch va erkin hayotning qadrini anglab yetadi”.

Quyida biz shu harakatning yorqin vakillaridan biri haqida so‘z yuritamiz.

Diniy va dunyoviy bilimlar sohibi

— Qori Yo‘ldosh Po‘latov 1890 yilda Buxoro amirligiga qarashli Karki (hozir Turkmaniston Respublikasi hududi)da tug‘ilgan, — deydi Buxoro davlat universiteti professori, tarix fanlari doktori Shodmon Hayitov. — Otasi o‘ziga to‘q, ma’rifatli inson edi. Shu boisdan ham boshlang‘ich musulmon maktabida o‘qitish bilan kifoyalanmay, unga maxsus muallim yollagan holda rus tilini o‘rganishi uchun ham sharoit yaratadi.

Yo‘ldosh voyaga yetib, Buxorodagi Mirarab madrasasida tahsil oladi. Keyin ona-shahriga qaytib, 1920 yilga qadar yoshlarga dunyoviy va diniy ilmdan saboq beradi. Shu davrda uning ismiga “Qori” so‘zini qo‘shib ayta boshlashadi. Odatga ko‘ra, Qur’oni karim oyatlarini qiyomiga keltirib qiroat qiladiganlar shunday e’zozga munosib ko‘rilgan.

Bilasiz, o‘tgan asrning 20-yillari yurtimiz tarixidagi eng ziddiyatli davrlardan sanaladi. Tabiatan elparvar, taraqqiyot tarafdori bo‘lgan, jamiyatni mahdudlik botqog‘idan chiqarishning yo‘lini ilmu ma’rifatda ko‘rgan Qori Yo‘ldosh jadidchilik harakatiga qo‘shiladi.

Ishga piyoda borgan vazir

1920 yilda Fayzulla Xo‘jayev va boshqa millatparvarlar tomonidan Buxoro Respublikasi tuzilganida yangi hukumatda xalq maorifi noziri lavozimini egallagan Qori Yo‘ldosh Po‘latov zamonaviy rusumdagi maktablar ochish, odamlarni savodli qilish, qobiliyatli yoshlarni Germaniya, Turkiya kabi davlatlarga o‘qishga yuborish kabi dolzarb yumushlarda jonbozlik ko‘rsatadi.

— Bu fidoyi inson 1920 yildayoq o‘z hayotiy tajribasidan kelib chiqib, “Maktablar haqidagi umumiy qoidalar”ni ishlab chiqqandi, — deydi BuxDU dotsenti, tarix fanlari nomzodi Kamol Rahmonov. —​Hayratlanarlisi shundaki, bu qoidalardagi ko‘pgina yo‘nalishlar hozirgi ta’lim to‘g‘risidagi dasturlar ruhiga mos keladi.Bu uning tafakkur dunyosi juda boy bo‘lganidan darak beradi, albatta.

Qori Yo‘ldosh Po‘latov qisqa muddat oralig‘ida bir qator mas’uliyatli vazifalarda ishlaydi. U O‘zbekiston SSR tashkil topganidan so‘ng avvaliga moliya vaziri, keyin esa Xalq Komissarlar Soveti raisi vazifasini bajargan. Hatto xizmat mashinasi pulini moliya sohasi uchun mutaxassislar tayyorlashga sarflab, o‘zi vazir bo‘lishiga qaramay ishga piyoda borib kelgan.

Buxoroga ilk sintografiya qanday keltirilgandi?

—​ Qori Yo‘ldosh Po‘latov 1922 yilning sentyabridan to 1923 yilning oktyabrigacha roppa-rosa bir yil “Buxoro axbori” (hozirgi “Buxoronoma”) gazetasining bosh muharriri vazifasida ishlagan, —​ deydi Sh. Hayitov. —​“Bilimli, zukko, dunyoqarashi keng muharrir nimalarga e’tibor qaratgan?”, degan savol tug‘ilishi mumkin. Qori Yo‘ldosh Po‘latov gazetani xalq minbariga aylantirishga harakat qilgan. Bu davrda el ishonchini qozongan ko‘plab insonlarning xalqni ilmu ma’rifatga chorlovchi, jamiyat hayotidagi illatlarni qoralovchi ko‘plab maqolalari chop etilgan. Muharrir gazetaning qiyofasini o‘zgartish yo‘lida ham katta ish qilgan. U Buxoroga ilk sintografiya ya’ni aksilxona olib kelgan ma’rifatparvardir. O‘sha paytda zamonaviy sanalgan yozuv mashinkalarini keltirishga ham bosh – qosh bo‘lgan.

Gap shundaki, u 1922 yilning dekabrida bir guruh maorifchilar bilan Moskva va Sankt-Peterburgda bo‘lib, madaniyat, xalq ta’limi, matbaachilik kabi yo‘nalishlardagi ilg‘or tajribalarni o‘rgangan. Safardan qaytishda turli o‘quv qurollari qatorida shu sintografiyani ham olib kelgan.

Bu uskuna sharofati bilan gazeta har xil rasm va fotosuratlar bilan chiqa boshlagan. Muharrir uni ishlatish yo‘lini biladigan mutaxassislar tayyorlash haqida ham qayg‘urgan. Safar xotiralarini esa “Buxoro axbori”ning bir necha sonida e’lon qildirgan.

Yana bir qiziq ma’lumot. Yosh tadqiqotchi Ixtiyor Kamolovning yozishicha, Buxorodagi birinchi muzey tashabbuskori ham Yo‘ldosh Po‘latov sanaladi. Bu muzey 1922 yilda ochilgan.Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda u kamtarlik bilan “Biz bu yo‘lda g‘oyat oz ishlab, kichik bir narsani maydonga keltirdik. Xalqimizning boy o‘tmishi, ota – bobolardan qolg‘on madaniy meros o‘nlab muzeyga sig‘maydi”, degan ta’sirchan so‘zlarni aytgan.

Tiriklar qabristonida

Bilasiz, Fitrat, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy, Fayzulla Xo‘jayev singari o‘nlab yurtparvarlar qatag‘on qurboniga aylanishgan. Ular boshiga tushgan kun Qori Yo‘ldosh Po‘latovni ham chetlab o‘tmadi. 1937 yilda hibsga olindi.

Xabarovsk o‘lkasidagi siyosiy mahbuslar lagerida “Xalq dushmani” sifatida umrining o‘n yilini o‘tkazgan qahramonimiz taqdirning inoyati bilan sog‘-omon qoldi. 1947 yilda yurtga qaytdi. Ammo oradan ko‘p vaqt o‘tmay uni yana sud qilishib, Krasnoyarsk o‘lkasining Igarka shahriga surgun qildilar. 1956 yilda, nihoyat, tutqunlikdan xalos bo‘ldi. 1957 yilda oqlandi. Ikki yil o‘tgach, aybsiz deb topildi. Davlat ahamiyatiga molik pensiya tayinlandi. Ammo qamoqxonalarda tortgan azob-uqubatlar o‘rnini nima bosa olar edi? ”Xalq dushmani” tamg‘asi bosilgach, tanish-bilishlari va hatto yor-birodarlari undan yuz o‘girgani ortidan kelgan ruhiy zarbalarni aytmaysizmi?! Og‘ir dardga chalingan Qori Yo‘ldosh Po‘latov 1965 yilda hayot bilan vidolashadi.

Shu tariqa u o‘z to‘shagida jon taslim qilgan yagona jadid sifatida ham tarixda qoldi.

Istam IBROHIMOV

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: