O‘zbek futbolini oqsoqlantirayotgan muammolar

Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, barcha sohalarga, shu jumladan sportga ham katta e’tibor qaratila boshladi. Buning natijasi o‘laroq, futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi 1994 yilda Xirosimada o‘tgan Osiyo o‘yinlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, Osiyoliklarga o‘zbek futbolining kuch-qudratini ko‘rsatishgan edi. Yoshlarimiz ham bir necha bor Osiyoda tengsiz bo‘lishdi. Biroq terma jamoa miqyosida hali ham mundialga chiqish biz uchun armon bo‘lib qolmoqda. Jahon chempionatiga chiqishimizga doim bir qadam qoladi. Biz quyida futbolimizdagi muammolarni iloji boricha to‘liqroq tahlil qilishga harakat qilib ko‘ramiz.

Ichki chempionat saviyasi

Terma jamoa kuchli bo‘lishida ichki chempionatning o‘rni bo‘lakcha. Boisi milliy chempionatda chempionlik uchun kurashadigan jamoalar qancha ko‘p bo‘lsa, raqobat shuncha kuchli bo‘ladi. Ana shu raqobatda tovlangan futbolchilar terma jamoamiz kuchayishi uchun xizmat qiladi. Afsuski, bizda bunday emas. Chempionatda 3-4 ta klub chempionlik uchun kurash olib boradi, xolos. Qolgan klublar esa shunchaki “sayr qilib yurishadi”.

Mamlakatimiz yetakchi klublari o‘z tarkiblarini kuchaytirish uchun xorijdan ko‘ra, ichki chempionat klublarining futbolchilarini xarid qilishadi. Natijada endi yaxshi natijalar qayd etayotgan jamoa futbolchilaridan ayrilib, yana o‘zining eski ko‘rinishiga kelib qoladi.

Xitoy, arab mamlakatlari chempionatlariga nazar tashlasangiz, har bir klubda kamida 2 nafar faoliyatini kuchli chempionatda o‘tkazgan futbolchilar to‘p surishadi. Ular bu orqali mahalliy futbolchilarning mahoratini oshirishni maqsad qilganlar va qaysidir ma’noda bunga erishmoqdalar. Ichki chempionatimizda kuchli raqobat bo‘lmas ekan, klublar ham, terma jamoamiz ham xalqaro maydonlarda yuqori natijalarni qayd etisholmaydi.

Osiyoda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan Janubiy Koreya, Yaponiya, Eron kabi mamlakatlarning ichki chempionatlarida raqobat juda ham kuchli. Birinchi yil chempion bo‘lgan jamoani keyingi yil autsayderlar qatorida ko‘rishingiz ham hech gap emas. Futbolchilar ham maydonda borlarini berib, o‘zlarining bor mahoratlarini namoyish etishga harakat qiladilar. Bizda esa kuchli to‘rtlik uncha-bunchaga o‘zgarmaydi. Shu sababdan ham milliy terma jamoamizga nomzod futbolchilar yuqorida tilga olingan chempionatlarning quyi ligalarida to‘p tepishyapti.

Bir tasavvur qilib ko‘ring, Yaponiya terma jamoasi a’zosi Pro-ligamizda to‘p tepyapti… aqlga sig‘maydigan ish, shunday emasmi?

Legionerlar masalasi

Futbolchi mahoratini yanada oshirishi uchun kuchli chempionatlar havosidan bahramand bo‘lishi lozim. Bizning futbolchilar esa Rossiya chempionatidan u yog‘iga o‘ta olishmayapti. Faqatgina Sardor Rashidov oz bo‘lsa-da, Portugaliya chempionatida autsayder jamoa tarkibida to‘p tepdi. Uning natijasi ham havas qilgulik deya olmaymiz (bor yo‘g‘i 3 ta gol).

Osiyoning boshqa yetakchi terma jamoalarida esa aqalli 2-3 nafar futbolchisi kuchli beshlikda, ba’zilari o‘z klublarining yetakchilari sifatida Yevropa chempionlar ligasida ham jamoalariga foyda keltirishmoqda. Bizga Yevropa futbolidan bahramand bo‘lgan charm to‘p ustalari kerak. Futbochilarimiz Koreya, Yaponiya kabi chempionatlarning quyi ligalarida to‘p tepib yurishsa, mundialga borish orzuligicha qolib ketaveradi.

Avlodlar almashinuvi

Terma jamoamizning oxirgi Osiyo chempionatida ishtirok etgan futbolchilarimizning o‘rtacha yoshi 28 yoshni tashki qilgan. Asosiy tarkibdagi qariyb yarim futbolchilari XXI asrning ikkinchi 10 yilligidan beri tarkibda. Mana oradan 10 yil vaqt o‘tibdiki, haliyam ular shu yerda. Osiyo Kubogi-2019 da chempion bo‘lgan qatarliklarning o‘rtacha yoshi 24-25 qatorida edi. Bizda avlodlar almashinuvida mutaxassislar sustkashlikka yo‘l qo‘yishmoqda.

Axir, shu paytgacha qanchadan qancha yosh futbolchilarimiz yoshlar terma jamoalari bilan Osiyo chempionatida faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritishgan. Ammo ularga terma jamoamiz eshiklaridan kirish qiyinchilik tug‘diryapti. To‘g‘rirog‘i, murabbiylar ularga ishonishdan cho‘chishmoqda. Bu esa raqobat yuzaga kelishining oldini olmoqda. Ishonmaysizmi? Futbolga qiziqqan xohlagan insoningizdan terma jamoamiz tarkibini so‘rang, u asosiy tarkibni bekam-u ko‘st aytib bera oladi. Terma jamoamizga yangi qon juda zarur.

O‘yin uslubi

O‘zbekiston milliy terma jamoasining hozirgi o‘yin uslubining asosini bundan 9 yil avval Vadim Abramov tuzgan, o‘shanda futbolchilarimiz Osiyo Kubogida mazmunli o‘yin ko‘rsatgan holda kuchli to‘rttalikka kirishgandi. Mana 9 yildirki bu uslub o‘zgargani yo‘q. Raqiblar taktikamizni o‘yin boshlanishidan oldin bilib olishyapti. Orada Ektor Kuper kelib terma jamoamizni himoyaviy uslubga moslashtirmoqchi bo‘ldi. Lekin bu ham o‘zini oqlamadi.

Hozirgi taktikamiz ham maqtanadigan darajada emas. 2022 yilda Qatarda o‘tkaziladigan Jahon chempionati saralash uchrashuvi doirasida O‘zbekiston MTJning Saudiya Arabistoniga qarshi uchrashuvi ko‘pchilikning yodida bo‘lsa kerak. O‘sha uchrashuvda futbolchilarimiz hisobda oldinda bora turib oxirgi 5 daqiqalikda ketma-ket gollar o‘tkazishi natijasida aqalli durangga ham erisha olmagandi. Bu o‘yinda vakillarimiz g‘alaba qozonishayotgan paytda hisobni saqlab qolish to‘g‘risida o‘ylashdi. Natijada jazolanishdi. Bunday holatlar birinchi marotaba bo‘layotgani yo‘q.

Futbolchilarimiz o‘yinidagi bir xillik natijaga ham ta’sir etib kelmoqda. Qandaydir boshqacha taktikada o‘yinimizni qurmasak, hali beri Eron, Yaponiya kabi Osiyo grandlariga qarshilik ko‘rsata olmaymiz.

Futbolchilarning yoshi bilan bog‘liq muammo

PFL direktori Diyor Imomxo‘jayev o‘z intervyularidan birida ushbu muammo haqida quyidagicha fikr bildirgan edi:

«Futbolni rivojlantirish uchun bolalar futbolini isloh qilishimiz kerak. Eng katta muammo bu yoshni kichraytirish bilan bog‘liq. Biz bunga qarshi huquq tartibot organlari bilan birgalikda kurash olib borishni rejalashtiryapmiz.

Bolalar futboli uchun FIFA tomonidan ishlab chiqilgan aniq tizim bor. Ya’ni professional futbolchi klubini almashtirgan taqdirda, uni bolalikdan tarbiyalagan murabbiyga har safargi transferidan ulush bo‘ladi. Bizda bu tizim yillar davomida ishlamay kelmoqda. Maqsadimiz – bu tizimni o‘zbek futboliga ham tadbiq etish.

Hozir murabbiy shogirdining yoshini kichraytirib, biror musobaqada g‘olib chiqishidan manfaatdor. U professional futbolda qay darajada o‘ynab ketishi esa ikkinchi darajali. Agar FIFA tizimini yo‘lga qo‘ya olsak, murabbiy shogirdini yoshini kichraytirishdan emas, balki uni professional futbolchi qilib tarbiyalashni ko‘proq o‘ylaydi».

Bizda bu muammo haligacha bartaraf etilayotgani yo‘q. Mutasaddilar yoshni kichraytirib faqat bugunni o‘ylashmoqda. Erta bilan esa umuman ishlari yo‘q. Bunday sharoitda rivojlanish go‘yo bir mo‘’jiza.

Xulosa

Yuqoridagi muammolardan xulosa qiladigan bo‘lsak, biz eng avvalo tizimimizni boshidan yangilashimiz kerak. Mayli bunga uch, to‘rt, besh yil ketsin. Balki bir nechta xalqaro musobaqalarni qurbon qilishga ham to‘g‘ri kelib qolar. Lekin tizim yangilanmas ekan, xalqaro maydonlardagi ishtirok, shunchaki, orzu bo‘lib qolaveradi.

Suxrobjon Sadirov

Fikr bildirish