O‘zbekiston musulmonlar idorasi payg‘ambarga xos «bosiqlik va zukkolik»ka chaqirdi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi musulmonlarning hissiyotini haqoratlashga yo‘naltirilgan har qanday xatti-harakatlarga nisbatan «tajovuzkorona emas, balki payg‘ambarga xos bosiqlik va zukkolik» bilan munosabat bildirishga chaqirdi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Muhammad payg‘ambar (alayhissalom) aks ettirilgan karikatura chop etilishi va uning ortidan kelib chiqqan turli ko‘ngilsiz holatlar borasidagi ayrim bahs-munozaralar bo‘yicha munosabat bildirdi.

«O‘zbekiston musulmonlari idorasi mo‘min-musulmonlarning hissiyotini qo‘zg‘ash, fitna chiqarish va diniy qadriyatlar, muqaddasotlarga nisbatan haqoratni ifodalovchi har qanday holatni jiddiy qoralashini hamda Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sha’nlari mo‘min-musulmonlar uchun eng oliy qadriyat ekanini qat’iy ta’kidlaydi», — deyiladi bayonotda.

Idora bu kabi munosabatlar xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro totuvlikni buzishga qaratilgan fitna hamda odamlarning diniy e’tiqodi bilan bog‘liq his-tuyg‘ularini haqoratlash, diniy qadriyatlarni oyoq osti qilish, millatlararo va dinlararo adovat uyg‘otish, deb baholadi.

«Ta’kidlash kerakki, kim bo‘lishidan qat’i nazar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni har qancha kamsitishga urinmasin yoki musulmonlar yo Islom diniga tosh otmasin, bu bilan dinimizga yoki musulmonlarga zarracha ham ziyon yetkaza olmaydi», — deyiladi musulmonlar idorasi bayonotida.

Musulmonlar idorasi ushbu holatga nisbatan turli munosabat bildirayotgan o‘zbekistonliklarga ham murojaat qildi.

«Bu holatdan ularning imon-e’tiqodlari jo‘sh urgani, o‘y-kechinmalari tinchlik bermayotgani va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bo‘lgan muhabbatlari tug‘yon qilayotganining guvohi bo‘lmoqdamiz. Endi bir faraz qilib ko‘raylik, mana shunday holatda Nabiy alayhissalom qanday yo‘l tutar edilar. Albatta, siyrat va tafsir kitoblarida bunday holatlarning batafsil bayoni kelgan, aksariyatimiz ularni mutolaa qilganmiz», — deyiladi bayonotda.

Musulmonlar idorasi tafsir kitoblarida din dushmanlariga qo‘pol muomalada bo‘lib, ularning «iloh»lari va peshvolarini so‘kishdan qaytarilgani bayon etilganini eslatib o‘tdi. «Agar haqoratga biz ham haqorat bilan javob qaytarsak, bunday jirkanch ishning ikkinchi to‘lqiniga sabab bo‘lish ehtimoli juda katta. Bu foydadan ko‘ra, ko‘proq zarar keltiradi».

Bayonotda Qur’ondan quyidagi oyati karima eslatib o‘tilgan: «Ularning Allohdan o‘zga ibodat qiladiganlarini so‘kmangiz. Bas, bilmasdan zulm ila Allohni so‘kib yurmasinlar. Shunday qilib, har bir ummatga amalini ziynatlab qo‘ydik. So‘ngra esa, qaytib boradigan joylari Robbilarigadir. Bas, U, qilib yurgan ishlarining xabarini berur» (An’om surasi, 108-oyat).

«E’tibor berilsa, ushbu oyati karimada mushriklarning butlarini haqorat qilmaslik buyurilmoqda. Zero, musulmon kishi mushrikning sanamini so‘ksa, bundan g‘azablangan mushrikning ham bunga javoban Alloh taoloni haqorat qilishiga sababchi bo‘lib qoladi. Demak, biz ham mo‘min-musulmonlar Muhammad alayhissalomni haqorat qilishga sabab bo‘ladigan har qanday ishdan hazar qilmog‘imiz kerak», — deya ta’kidlaydi musulmonlar idorasi.

Musulmonlar idorasi islom dinini terror bilan yonma-yon qo‘yadiganlarga murojaat qilib, Misr bosh imomi, al-Azhar majmuasi shayxi Ahmad Muhammad Toyyibning quyidagi so‘zlarini keltiradi: «Islomni terrorizm deb atash ushbu sof din haqida hech narsa bilmaslikni anglatadi. Yana bu ish o‘zgalar e’tiqodiga hurmatsizlikni ifodalovchi mulohazasizlikdir. Adovat va zo‘ravonlikka ochiq chaqiruv, o‘rta asrlar vahshiyligiga qaytish va ikki milliardga yaqin musulmonlarning tuyg‘ularini qo‘zg‘atuvchi fitnadir».

O‘zbekiston musulmonlar idorasi «musulmon kishi hadislarda keltirilganidek, doimo hushyor, ziyrak bo‘lishi, atrofda sodir bo‘layotgan har xil fitna va qaltis jarayonlarga teran nazar ila boqishi lozim»ligin ta’kidlaydi. «Bunday harakatlarga nisbatan tajovuzkorona emas, balki Payg‘ambar alayhissalomga xos bosiqlik va zukkolik bilan munosabat bildirishimiz kerak«.

Eslatib o‘tamiz, 23 oktyabrdan boshlab Yaqin Sharqdagi ijtimoiy tarmoqlarda Frantsiya va frantsuz mahsulotlarini boykot qilishga chaqiriqlar tarqalmoqda. Noroziliklarga Frantsiya prezidenti Emmanuel Makronning mamlakatda so‘z erkinligi, shu jumladan karikaturalardan voz kechilmasligi haqidagi aytgan gaplari sabab bo‘ldi. Makronning bayonoti oldinroq 18 yoshli musulmon muhojir, Abdulax Anzorov tomonidan o‘ldirilgan frantsuz tarixi va geografiyasi o‘qituvchisi Samyuel Pati xotirasiga bag‘ishlangan tadbirda berilgan. Samyuel Pati o‘z o‘quvchilariga sinfda Charlie Hebdo ning Muhammad payg‘ambar tasvirlangan karikaturasini namoyish etgan edi.

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: