O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri, Xalq artisti Ozodbek Nazarbekovga savollar

Madaniyat vazirligi o‘z nomidan kelib chiqib, davlat va jamiyat hayotida eng muhim vazirlik hisoblanadi. Bu haqda o‘zingiz ham vazir lavozimini egallagan haftada jurnalistlar va blogerlar bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytib o‘tgandingiz. Jumladan, «Ko‘pchilik tashkilotlar tanqid chiqib ketmasin deb OAV vakillari bilan yaxshi munosabatda bo‘lishga harakat qiladi. Madaniyat vazirligi esa jurnalist va blogerlardan tanqid va taklif kutadi. Yozinglar madaniyat sohasini. Bu soha isloh qilinmasa bo‘lmaydi. Jamoatchilik e’tibori bilangina odamlarimizning madaniyatini yuksaltirish mumkin» degan edingiz. Bugun Madaniyat vazirligi atrofida axborot krizisi vujudga keldi. Ijtimoiy tarmoqlarda vazirlik va Ozodbek Nazarbekov atrofida turli muhokamalar boshlanib ketdi, juda ko‘p savollarga paydo bo‘lmoqda. Shu bois sizga ijtiomiy tarmoqlarda muhokama markaziga aylangan ayrim savollar bilan murojaat qilmoqchimiz (Vazirlik axborot xizmati bilan bog‘lanish imkoni bo‘lmagani bois savolnomani e’lon qilish yo‘li bilan yo‘llamoqdamiz).

— Avvalo, o‘sha matbuot anjumanida tizimda korruptsiyaga qarshi kurashni bosh maqsadingiz sifatida e’lon qilgandingiz. Aytingchi, o‘tgan davr mobaynida ushbu maqsad yo‘lida nimalarni amalga oshirdingiz? Yoxud tizimda korruptsiyaga qarshi kurash samaradorligini qanday baholaysiz?

— Bugun bosh prokuror tomonidan vazirlik bosh hisobchisi 2.6 milliard so‘mga 56 barobar qimmat narxda tizimdagi teatr, madaniyat uylari va boshqa tashkilotlar uchun grim sotib olganligi haqida ma’lum qildi. Aytingchi, ushbu holatda tuzilgan shartnoma va hujjatlarga siz imzo qo‘yganmisiz yoki…

Umuman olganda, siz bu holatdan xabardormisiz? Axir davlatning 2.6 milliard so‘m mablag‘i rahbarning xabardorligisiz yoki roziligisiz «chiqib ketishi» mumkin emas. Qolaversa, boshqalar bilmasa-da, s’yomkalar jarayonida juda ko‘p bor foydalangan qo‘shiqchi sifatida kosmetik pudra nima ekanligini siz yaxshi bilasiz. Aytingchi, O‘rikzor bozoridan sotib olingan sifatsiz kosmetik pudrani soxta hujjatlar bilan grim deya rasmiylashtirilishi sizda shubha uyg‘otmaganmi?

Muqaddam o‘g‘irlik va talon-torojlik jinoyatlari uchun 7 yil ozodlikdan mahrum etish jazosiga tortilgan shaxsni vazirlik bosh hisobchisi lavozimiga siz ishga olganmisiz? Rahbar sifatida uning ish faoliyati haqida fikrlaringiz?

— Sizning tashabbusingiz va sa’yi-harakatingiz bilan suratga olinayotgan «Menman Jaloliddin» filmini yaratish haqida dastlabki shartnoma «O‘zbekkino» Milliy agentligi hamda Best organaizer MChJ o‘rtasida tuzilib, unga muvofiq, oldindan avans sifatida 533 million so‘m mablag‘ to‘lab berilgan. Keyinchalik bu mablag‘ filmni ishlab chiqarish uchun sarflanmagani bois byudjetga qaytarilgan. Aytishlaricha, o‘sha Best organaizer MChJ ning 48 foiz ulushi Jafarbek Nazarbekov Ozodbek o‘g‘li degan shaxsga tegishli ekan. Bu haqda biror izoh bera olasizmi?

Sizning qator mashhur qo‘shiqlaringiz muallifi Shamsiddin Sadoiy Zangiotadagi shifoxonaning reanimatsiya bo‘limida og‘ir ahvolda yotgan chog‘ida shoirning turmush o‘rtog‘i Iqbol Ergasheva siz va boshqa san’atkorlarga yordam so‘rab murojaat qilgan edi. Bilishimizcha, hozir ham shoirning sog‘lig‘ida jiddiy muammolar bor. Qolaversa, uy-joyi yo‘qligi sabab yakkayu-yagona 5 yashar o‘g‘li ham ular bilan yashamayotgan ekan. Aytingchi, o‘sha murojaatdan so‘ng Sizni mashhurlik darajasiga olib chiqqan qator qo‘shiqlaringiz muallifining holidan xabar oldingizmi?

P.S. Savolnoma Madaniyat vaziri, O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekovga samimiy hurmatimiz yuzasidan tuzildi. Negaki, vazirlik bosh hisobchisi tomonidan 2.6 milliard so‘mga 56 barobar qimmat narxda sifatsiz pudra sotib olganligi haqidagi ma’lumot OAVda e’lon qilingach, ijtimoiy tarmoqlarda vazirlik va Ozodbek Nazarbekov atrofida turli muhokamalar boshlanib ketdi. Aytish joizki, savollarning aksariyati ijtimoiy tarmoqda muhokama qilinayotgan savollar asosida tuzildi. Ishonamizki, Ozodbek Nazarbekov savollarimizga javob yo‘llaydi hamda vazirlik atrofida kechayotgan gap-so‘zlarga aniqlik kiritadi.

P.S.S. Umuman olganda, xalqaro tarjibada davlat organi yoki uning mansabdor shaxslari atrofida bunday muhokamalar avj olgan chog‘da axborot xizmati zudlik bilan matbuot anjumani tashkil etadi. Yoki matbuot kotibi holat yuzasidan izoh beradi. Aks holda, gap-so‘zlar, shubha-gumonlar avj olib, davlat organi yoki uning mansabdor shaxslariga aholining ishonchi yo‘qolishi mumkin. Zero, Prezidentimizning davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyati ochiqligi va shaffofligini ta’minlash haqidagi fikrlari zamirida ana shunday ezgu maqsad ko‘zlangani sir emas. Qolaversa, ochiqlik va shaffoflik korruptsiyaga qarshi kurash borasida eng samarali vositalardan biridir.

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: